Kirish Ro'yxatdan o'tish
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona
11/05 16:30 Fulhem - Manchester Siti
11/05 17:00 Malyorka - Las-Palmas
11/05 19:00 Vulverhempton - Kristal Pelas
11/05 19:00 Bornmut - Brentford
11/05 19:00 Everton - Sheffild Yunayted
11/05 19:00 Nyukasl - Brayton
11/05 19:00 Tottenhem - Byornli
11/05 19:00 Vest Xem - Luton
11/05 19:15 Vilyarreal - Sevilya
11/05 21:00 Napoli - Bolonya
11/05 21:30 Nottingem Forest - Chelsi
11/05 21:30 Granada - Real Madrid
11/05 23:45 Milan - Kalyari
12/05 00:00 Atletik Bilbao - Osasuna

Hamisha navqiron «qariya»

Hamisha navqiron «qariya»

Baho:
+ | -

«Betis» so‘nggi ikki mavsumda o‘zgacha taassurot qoldirmoqda. O‘tgan yili jamoa La Ligada 6-o‘rinni egallab, Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Joriy mavsumda ham bu klub kuchli oltilikda bormoqda, bosh murabbiy Kike Setyen esa global rejalar tuzmoqda: «Biz Chempionlar Ligasida qatnashmoqchimiz. Tarkibdagi futbolchilar va jamoaning salohiyatini inobatga olsak, o‘ylashimcha, bunga har taraflama kuchimiz yetadi».

Bunga ishonish qiyin, lekin «Betis»ning asosiy yulduzi sifatida na kelajagi porloq Jovani Lo Chelso, na Kristian Telyo, na Vilyam Karvalyo yoki Serxio Kanales tan olinadi. Ishqibozlarni 37 yoshli Xoakinning holati ko‘proq qiziqtiradi. Yoshi o‘tib qolganiga qaramay, bu futbolchi hamon yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatmoqda. Uning Ispaniya kubogi uchrashuvida «Valensiya» darvozasini burchak zarbasidan ishg‘ol qilganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak? Umuman, Xoakin - eng yaxshilar sirasidan. Buni bir nechta faktlar bilan isbotlash mumkin:

• La Ligada u 505ta o‘yin o‘tkazgan va bunday ko‘rsatkich bo‘yicha Xavi bilan 8-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Yaqin orada Xoakin nafaqat Xavini, balki Ispaniya chempionatida 510ta bahsda maydonga tushgan Iker Kasilyasni ham ortda qoldirish imkoniyatiga ega.

• Xoakin La Liganing joriy mavsumidagi ikkita golidan birini «Sevilya» bilan o‘yinda nishonlab, XXI asrda Sevilya derbisida to‘p kiritgan eng yoshi ulug‘ futbolchi bo‘ldi. Mazkur ko‘rsatkichni qayd etgan paytda u 37 yosh-u 43 kunlik edi.

• Xoakinning «Betis» bilan tuzgan shartnomasi 2020 yilgacha amal qiladi. Ammo yarim himoyachining bu borada o‘ziga yarasha rejalari bor: «Kelishuvni yana bir-ikki yilgacha uzaytirmoqchiman. Hozirgi yoshim ahamiyatsiz: jamoaga qandaydir foyda keltirsam, 50-60 yoshda ham o‘ynayveraman».

• Xoakinning «Betis»ga cheksiz sodiqligini ishqibozlar 2003 yiliyoq bilishgandi. O‘shanda Visente Del Boske boshqaruvidagi «Real» uni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgandi. Biroq Xoakin madridliklarning taklifiga rad javobini berib, mazkur qarorini faqat «Betis»dagi o‘yini orqali futboldan lazzat olishi mumkinligi bilan izohlagandi. To‘g‘ri, 2006 yili tezkor yarim himoyachi baribir, bu jamoani tark etdi: o‘sha kezlari rahbariyat va murabbiylar shtabidagi tinimsiz o‘zgarishlar uning joniga tekkandi.

• Xoakin 9 yildan so‘ng (2015) «Betis»ga qaytdi. Hozir u nafaqat faoliyatini shu klubda yakunlash, balki keyinchalik jamoa tizimida ishlashni ham rejalashtirmoqda. «Shu klub prezidenti bo‘lmoqchiman. Bu mening orzuim. Ushbu shahar, «Betis», uning ishqibozlarini yaxshi ko‘raman. Mabodo, qachonlardir jamoa rahbari bo‘lib ishlash imkoniyati tug‘ilsa, uni Ispaniya top-klubi darajasiga olib chiqish uchun bor kuchimni sarflayman», - deydi Xoakin.

• Darvoqe, qahramonimiz «Betis» aksiyadorlari tarkibiga kiradi. U jamoa aksiyalarining 3,4 foiziga egalik qiladi. Agar foizlarni pullarga o‘girsak, 2,5 million yevro kelib chiqadi.

• «Betis» futbolchilari Xoakin jamoadagi ajoyib muhitni saqlab turishini bir necha marta ta’kidlashgan. U tinimsiz hazil-mutoyiba qiladi, bu haqda Kanalyes gapirgandi: «Mashg‘ulotlardan keyin, hattoki, charchagan bo‘lsak ham, kiyinish xonasida kulgu arimasdi. Bilasizmi, bizda xush kayfiyat va hazillarga Xoakin javobgar. Ushbu masalada uni to‘xtatib bo‘lmaydi». Bundan tashqari, Xoakin o‘yinchilarning ichki muhitga moslashishlarida yordamini ayamaydi. Misol uchun, mashg‘ulotlarda 18 yoshli Diyego Laynesni nazorat qilib, ko‘maklashadi.

• Ispaniyalik hakam Eduardo Iturralde Gonsales bir safar Xoakinning o‘yin payti referilar bilan gaplashishga ishtiyoqmand ekanligini ta’kidlagandi. Gonsales boshqargan uchrashuvlarning birida Xoakin undan shaxsiy hayoti haqida so‘ragan ekan. «U menga «Uylanibsiz deb eshitdim», deganda, bu rostligini aytgandim. Shunda Xoakin «Xato qilibsiz», dedi-da, jilmaygancha yugurib ketdi», - degandi hakam The Guardian jurnalisti Sid Louga bergan intervyusida.

• Xoakin muxbirlar bilan suhbat chog‘ida «Betis» haqida gapirarkan, falsafa rejimini yoqadi: «Hayotimning katta qismini shu jamoaga bag‘ishlamoqchiman. Boshqacha aytadigan bo‘lsam: «Betis» - aynan mening hayotimdir».

• Ishqibozlarning Xoakinga bo‘lgan hurmatini «Malaga» va «Valensiya» muxlislarining doimiy olqishlaridan ham sezish qiyinmas. Mahoratli yarim himoyachi faoliyatining yetti yilini shu jamoalarga baxsh etgandi. O‘z navbatida, har safar ushbu klublarga qarshi safar o‘yinidan so‘ng Xoakin fanatlar joylashgan tribunaga yaqinlashib, muxlislarga javoban qarsak chalib qo‘yishga odatlangan.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 12:39, 17.02.2019.
O'qildi: 2652 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.