FRENKI DE YONG NIKE KOMPANIYASI BOSIMI OSTIDA «PSJ» O‘RNIGA «BARSELONA»NI TANLADI. KECHIRASIZ, NIMA? Mashhur ekipirovka brendining futbol olamiga ta’siri hamma o‘ylaganidan ham ancha kuchli, shekilli.
Ko‘pchilikning xabari bor, «Barselona» rahbariyati 23 yanvar kuni «Ayaks»ning yosh yarim himoyachisi Frenki de Yong transferini e’lon qilgandi. Kelishuv summasi - 75 million yevro. Futbolchi Kataloniya klubi safiga iyul oyida qo‘shiladi. Gollandiyalik vunderkindga yana bir yaqqol da’vogar bor edi - «Pari Sen-Jermen». Biroq yarim himoyachining o‘zi «Barsa»ni tanladi. ESPN nashri ma’lumotlariga tayanib aytsak, uning bu tanlovida uchinchi kuch ta’siri ham bor ekan - «Barsa» yosh iqtidorni Nike kompaniyasi yordami bilan o‘z tomoniga og‘dirgan emish...
Qiziq, Nike futbolchi transferiga qanaqasiga ta’sir o‘tkazishi mumkin? Aytish joiz, «Barselona»ni ham, «PSJ»ni ham sport ekipirovkalari bilan aynan AQSH firmasi ta’minlaydi. Qolaversa, de Yongning o‘zi ham ushbu kompaniya bilan shartnomaga ega. Xullas, muhim transferda «Barsa» va Nike o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamroq ekanligi katta rol o‘ynagan. Har holda, tomonlar uzoq 1998 yildan buyon tanaffussiz hamkorlik qilishmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, Nike agar de Yong «Barselona» libosini kiygan taqdirda klubga ko‘proq pul ajratishga va’da bergan. Katta ehtimolki, qo‘shimcha mablag‘ futbolchining maoshiga yo‘naltiriladi. AQSH kompaniyasining bunday yondashuvi juda g‘alati. Zero, u Parij klubi bilan ham ko‘ngildagidek munosabatda. Deylik, Nike va «PSJ» hamkorligi doirasida bir qator yirik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Birgina Nike — Jordan subbrendi ostida klubning Yevropa Chempionlar Ligasi startiga bag‘ishlangan «Pari Sen-Jermen» kollaborasiyasining o‘zi salmoqli ahamiyatga ega...
Taxmin qilinishicha, Nike shuning barobarida futbolchiga talab ko‘rinishida qat’iy tavsiya ham bergan. Unga muvofiq, hozircha «Ayaks» safida nur sochayotgan yosh yulduz formasi orqasiga familiyasi emas, balki ismini yozdirishi kerak. Ya’ni de Yong libosida «Frenki» yozuvi porlab turishi maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, ushbu g‘oya futbolchining o‘ziga uncha ma’qul emas. «Ha, «Frenki» yozuvi ostida o‘ynashimni xohlashyapti. Nike firmasining xulosasiga ko‘ra, merchendayzing nuqtai nazaridan shu variant yaxshiroq ekan. Biroq shaxsiy fikrim boshqacha. Har holda, bunga moyillik sezayotganim yo‘q», - degandi Frenki de Yong.
****
«Barselona» va Nike 2016 yili o‘zaro hamkorlik kelishuvi muddatini uzaytirdi. Yangi shartlarga muvofiq, Kataloniya grandi ekipirovka ta’minotchisidan yiliga chamasi 160 yevro oladi (barcha bonuslar bilan birga).