Ayni paytda "Navbahor" Toshkentda 2-davra bahslariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida “Navbahor” murabbiylari bir qator yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazishmoqda.
Murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchilar bilan esa shartnoma imzolanmoqda.
Kuni kecha 2 nafar futbolchi “lochinlar” bilan kelishuvga erishib, shartnomaga imzo chekdi.
Bular – yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboyev va hujumchi Sherzod Hakimov.
Azizbek Turg‘unboyev – 1994 yilning 1 oktyabrida Namangan viloyatining Pop tumanida tug‘ilgan. 2015 – 2018 yillarda “Navbahor”da to‘p tepgan. Shu kungacha Turg‘unboyev "lochinlar" tarkibida 72ta o‘yinda maydonga tushib, 15ta gol urgan.
Azizbek joriy yilning fevralida 2ta klub (“Navbahor” hamda “Paxtakor”) bilan shartnoma imzolangani bois, O‘FA tomonidan 9 iyulgacha futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatilgandi.
Diskvalifikasiya muddati yakunlanganidan so‘ng, mahoratli yarim himoyachi namanganliklarning Toshkentdagi yig‘iniga qo‘shildi va faoliyatini yana qadrdon jamoasida davom ettiradigan bo‘ldi.
Sherzod Hakimov – 1987 yilning 13 martida Farg‘onada tug‘ilgan. 2006-2018 yillarda Farg‘onaning “Neftchi” klubida o‘ynagan. Shuningdek, 2014 yilning 1-davrasida “Olmaliq”da to‘p tepgan.
Tajribali hujumchi joriy mavsumning 1-davrasini Termizning “Surxon” jamoasida o‘tkazib. 12ta bahsda maydonga tushib, 3ta gol urgan.
Azizbek Turg‘unboyev hamda Sherzod Hakimov bu yilgi Coca Cola 2-davra bahslarida “Navbahor” sharafini himoya qiladigan bo‘lishdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.