Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

“Barselona”da xiralashgan yulduzga: “Nega bunday bo‘ldi, qadrdon?”

“Barselona”da xiralashgan yulduzga: “Nega bunday bo‘ldi, qadrdon?”

Baho:
+ | -1

Aslida, “Liverpul” klubini uncha xushlamasdim. Balki, “Manchester Yunayted”ga azaliy raqib bo‘lgani uchundir. Ammo bir narsani hech qachon inkor etmaganman, bu klub doim kuchli futbolchilarni yetishtirib bergan. Bu jamoada doim o‘z ishining ustalari harakat qilgan.

“Qadrdonim” bilan tanishuv

“Liverpul”da menga o‘yini yoqadigan futbolchilar sanoqli. Hatto Luis Suares “qizillar” safida porlagan paytidayam uni xushlamaganman. Chunki meni boshqa futbolchi — Koutinyoning o‘yinlari maftun etgandi. Balki, uzoqdan kiritiladigan shedevr gollarning jinnisi bo‘lganim uchundir. Koutinyo “Liverpul”da ana shunday xatti-harakatlari, ajoyib driblinglari va zarbalari bilan o‘zini futbol olamiga tanita olgandi. Xususan, menga ham. Braziliyalik futbolchi “Liverpul”dagi mening yagona qadrdonimga aylangandi. Lekin...

Yaltirab ko‘ringan “sarob”

Koutinyoning “Barselona”ga o‘tish jarayoni ta’bimni ancha xira qildi. Gap uning “Liverpul”dan ketishi va “Barselona”ga o‘tishida emas. Gap buni qanday amalga oshirganida. Noroziliklar, to‘polonlar, isyonkorlik... Bir so‘z bilan aytganda, tuzini yeb tuzlug‘iga tupurishga o‘xshagan jarayon. Qaniydi u ham Azarga o‘xshab jamoasini rozi qilib keyin ketganida. Ammo Koutinyo bunday qilmagandi. U “Barselona” atalmish “yaltiroq tilla”ning jilosiga maftun bo‘ldi. “Ketaman dedimmi, ketaman!” degan gapni shior qildi. O‘tdi ham. Ko‘pchilik “Qoyil”, dedi. “Endi “Barselona” Koutinyo bilan ko‘p narsani qoyillatadi”, dedi. Chindan ham tashqaridan shunday ko‘rinardi. Koutinyo iqtidorli, driblinggi yaxshi, tezkor futbolchi, zarbasi ham kuchli. Biroq na Koutinyo xalqaro maydonda biror nimani qoyillatdi, na uni sotib olgan “Barselona”. Aslida, Koutinyo “Liverpul”dan ketmasligi kerak edi, bu uning eng katta xatosi bo‘ldi. Chunki...

“Yong‘oq chaqqan quyon”

Quyon sabzi yeyishni qoyillatadi. Chunki u buning hadisini olgan, sabzini juda yaxshi ko‘radi. Endi shu quyonga yong‘oq tutqazib, shuni chaq, deng-chi, ko‘rasiz ahvolini. Koutinyo bilan ham shunga yaqinroq holat kuzatildi. “Liverpul”da raqiblarni sabzidek “eb tashlagan” futbolchiga Kataloniyada boshqa vazifa — “yong‘oq chaqish”ni topshirishdi. Valverde Koutinyoni o‘z pozisiyasida emas, boshqa joyda o‘ynatishga harakat qildi. Filippedan universal futbolchi yasashga urindi, uning yangi qirralarini ochishga intildi. Ammo o‘xshamadi. Aksincha, boshqa bir olamga tushib qolgan Koutinyo qancha chiranmasin, o‘zini ko‘rsata olmadi. O‘z yo‘liga, o‘z uslubiga ega futbolchi boshqa yo‘l, boshqa usulga ko‘nika olmadi. Oqibatda esa...

Xiralashgan yulduz

Eng yomoni nima, bilasizmi? Sanoqli yil ichida Koutinyo keraksiz futbolchiga aylandi. Bugun “Barselona” uni sotishga tayyor. Bugun “Liverpul” uni sotib olmoqchi emas. Bir paytlar jamoada qolishini o‘tinib so‘ragan “qizillar” rahbariyati bugun Koutinyoni qaytarishga ishtiyoqmand emas. Xuddi Neymar va “Barselona” kabi. Farqi Neymar ko‘rguliklariga o‘zi sababchi bo‘lsa, Koutinyoning omadsizligida “Barselona”ning ham aybi bor (asosan, bosh murabbiyning). Chunki Koutinyo iqtidorsiz yoki tasodifan porlab qolgan futbolchi emasdi. Juda yaxshi, chaqqongina futbolchi edi bizning qadrdon. Hozir unga qarab faqat bir so‘z miyaga keladi, xolos: “Ming afsus”.

Qaysi variant qulayroq?

Koutinyoga “PSJ”ga o‘tishni maslahat bermagan bo‘lardim. Birinchidan, bu klub xalqaro maydonlarda g‘olib chiqish salohiyatiga ega emas. Har holda, bunga hali vaqt bor. “Liverpul” qulay variant, ammo Yurgen Klopp va rahbariyat braziliyalik futbolchini sotib olishni unchalik xohlashmayapti, “Manchester Yunayted” esa negadir oldiga YECHL g‘olibligini maqsad qilib qo‘ygan (ayni damda “qizil iblislar”ning APLda g‘olib bo‘lish imkoniyatlari ham kamroq) jamoaga o‘xshamaydi. Koutinyoda ayni damda ikkita qulay variant bor: yo “Yuventus”, yoki “Manchester Siti”. Ko‘ramiz, ishqilib, bu yog‘i nima bo‘larkin? Har holda, bizning qadrdon hali ko‘p narsa qila olishiga ishonaman.

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 18:10, 09.08.2019.
O'qildi: 14544 marta.
Fikrlar: 11 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.