Ayni damda “Milan” jamoasida to‘p surayotgan Polsha terma jamoasi a’zosi Kshishtof Pyontek haqidagi mish-mishlar tobora ko‘payib bormoqda. Bugun ushbu futbolchining transfer kelajagi borasida fikr yuritamiz.
Kichik tarix
2018/19-yilgi mavsumni “Jenoa” safida fantastik boshlagan hujumchi tezda barchaning e’tiborini o‘ziga qaratishga muvaffaq bo‘ldi. Mavsumning birinchi yarmidayoq 19 ta gol kiritgan polyak qishga boriboq “Milan” tomonidan 38 million yevro evaziga xarid qilinadi. Qizig‘i shundaki, “Jenoa” Kshishtofni yil boshida atigi 4,5 million evaziga sotib olgan edi.
Qahramonimiz “Milan”dagi faoliyatini sermahsullik bilan boshladi. “Rossoneri”safida 6 ta uchrashuvda 7 bor raqib darvozalarini ishg‘ol qilgan hujumchini klub tifozilari uni ikkinchi Zlatan darajasiga olib chiqilgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay ishlar ortga ketishni boshladi. Bir tomondan bunga “Milan”ning ishonchsiz o‘yini ham sabab bo‘lishi mumkin.
Yangi mavsumda barchasini boshidan boshlagan hujumchi o‘z darajasida to‘p sura olmayapti. Ortda qolgan vaqt mobaynida uning hisobida atigi 5 ta gol borligi so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi.
Ketish pallasi yaqin
Tan olish lozim, “Milan” Pyontekdan ko‘prog‘ini kutgan edi. Balki shuning uchun hujumchining transfer qiymati tushib ketmasidan oldin sotib yuborish rejalashtirishgandir? Shu kunga qadar Kshishtofni ijaraga olish borasida bir nechta takliflarga rad javobini bergan klub hujumchini 30 milliondan kamiga qo‘yib yubormasligi aniq. Polyakning ketishi birinchi navbatda o‘zi uchun ham katta naf keltirishi turgan gap. Sababi, jamoaga Zlatan qaytgach, deyarli barcha e’tibor aynan shvedga qaratilgan. OAVdan tortib klub muxlislarigacha, qisqacharoq qilib aytganda, barcha-barchaning e’tibor markazida Ibrahimovich turibdi. Ibra Milanga zaxira o‘rindig‘ida shippak kiyib o‘tirish uchun tashrif buyurmagani aniq. Bu birinchi o‘yindanoq yaqqol ma’lum bo‘ldi. Ilk o‘yinlardanoq start tarkibda ko‘rinish bergan Zlatan bilan “Milan” ikkita g‘alabaga erishdi. Pyontek esa uning soyasida qolishni boshladi. Polshalik futbolchi Ibraning yanada qarib ketishini kutib o‘tirishidan hech qanday mantiq yo‘q. Keskin qaror qabul qilishning ayni payti.
Xo‘sh, unga qaysi klublardan takliflar bor?
Aslida unga ayni damda da’vogarlik qilayotgan klublarning deyarli barchasi noilojlikdan transferga qo‘l urishga majbur bo‘lishmoqda. “Barselona”da Luis Suarez safdan chiqqan bo‘lsa, “Manchester Yunayted”da Reshford, “Tottenhem”da esa Harri Keynda og‘ir jarohat mavjud. “Atletiko Madrid” ham rasman da’vogarlar qatorida bo‘lishiga qaramay, uning imkoniyatlari juda kam. “Matraschilar” to‘liq kashf etilmagan hujumchi uchun hech qachon 30 million to‘lashmaydi. Mana shu jamoalar uchun Pyontek ayni damda muammoning yechimi bo‘lib hizmat qilishga qodir. Boz ustiga, qanot himoyachilari 50 millionga baholanayotgan davrda 9-raqam uchun 30 million? Superklublar uchun bu pullar chikora!
Pyontek bundan nima yutadi?
Sezgan bo‘lsangiz, Pyontek murabbiylar undan qanday foydalanishiga qarab natija ko‘rsatadigan futbolchi. Soddaroq qilib aytganda, zamonaviy futbolning robot avlodi vakili. Polyak uchun bugungi kunda yangi chaqiruvlar juda muhim. Boz ustiga, uni zaxira o‘rindig‘ini egallashi uchun emas, maydonda yo‘q yigitlardan birining o‘rnini egallash uchun chorlashmoqda. Bu kariyerani qayta yuklash uchun idial tanlov! Bunaqasi faqat kinolarda bo‘lar edi, biroq Pyontek bundan mustasno. Taqdir mashhurlik uchun unga ikkinchi imkoniyatni yaratmoqda! Nomi zikr qilingan klublardan birida o‘zini yo‘qotib qo‘ymasa, yana avvalgi Pyontekka aylanadi-qo‘yadi! Barchasi juda oson, lekin u qaysi variant ustida to‘xtashi kerak?
“Milan” noto‘g‘ri pozisiya tanlamoqda
Milanliklarning Pyontek borasidagi qarorini tushunish qiyin. Klub o‘z hujumchisini ijaraga berishdan bosh tormoqda. Agarda, polyakni vaqtincha boshqa klubga jo‘natish orqali katta daromad ko‘rish mumkinku! Birinchidan, uning maoshiga ketadigan pul tejab qolinsa, ikkinchidan hujumchining kelajagi klub qo‘lida qoladi. Boz ustiga, uning transfer qiymati ham pasayib ketmaydi. Agarda, “Barselona” yoki “Tottenhem”da Ikardi singari o‘ynab bersa bormi, “Milan” uning transferidan 30 emas, 60 million ham ishlab olishi mumkin ediku?! To‘g‘risi tushunarsiz qaror.
Ketish kerak bo‘lsa
Agarda “Milan”dan butkul ketishdan boshqa chora qolmasa, tanlovda adashmaslik juda muhim. “Nyukasl”ga rad javobini berish orqali Kshishtof o‘z statusiga mos jamoani kutayotganini ma’lum qildi. Bir qarashda polyak uchun “Kamp-Nou” ideal tanlovdek ko‘rinadi. Suares 33 yoshda va jarohatlarga o‘rlashib qolgan. Boz ustiga, uning klub bilan tuzgan shartnomasi tez orada o‘z yakuniga yetadi. Shunga qaramay, unutmaslik kerakki, Kataloniyada Suaresga aylanishda ikkinchi Alkaser bo‘lib qolish xavfi mavjud. Klub falsafasidan yiroq bo‘lgan hujumchiga Kataloniya hech qachon ishonmaydi. Muhim uchrashuvlarda esa, nayzaning uchida Grizmann yoki Messi paydo bo‘lishda davom etaveradi.
“Manchester Yunayted” borasida ortiqcha to‘xtalishga ham hojat yo‘q. Bu yerda ham “Milan” singari barchasi pala-partish amalga oshirilmoqda. Aleks Fergusson tiklab ketgan imperiya ich-ichidan yemirilib bormoqda. Reshfordning o‘rnini egallash esa, juda mushkul. Sababi, zamonaviy futbolda u singari universal hujumchilar ko‘pi bilan yana ikkita topilishi mumkin. “Tottenhem” esa, qolganlardan mustasno. Birichidan jamoa hujumchiga juda ham muhtoj. Ikkinchidan, shimoliy Londonda gol kiritish uchun imkon yaratib beruvchilarning saviyasi “Milan”dagilardan ancha baland. Agar qahramonimiz qariya Jozening chig‘irig‘idan o‘tsa, Son, Moura, Alli singari futbolchilar yordamida yangi darajaga ham ko‘tarilishi hech gap emas.