Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Botir Kishkinbayev: «Federasiyada «Surxon»ni ko‘ra olmaydigan 1-2 odamlar jamoamizni Oliy ligadan nohaq olib tashlagan edi»

Botir Kishkinbayev: «Federasiyada «Surxon»ni ko‘ra olmaydigan 1-2 odamlar jamoamizni Oliy ligadan nohaq olib tashlagan edi»

Baho:
+ | -

Surxondaryo futbolining yana bir afsonalaridan biri futbolchilik va murabbiylik faoliyati bilan barchaga tanish, tajribali mutaxassis, «Surxon» jamoasini bir necha yillar davomida bosh murabbiy sifatida boshqargan Botir Kishkinbayev bilan suhbat uyushtirdik.

— Sizni ko‘pchilik murabbiy sifatida yaxshi biladi. Lekin siz o‘z vaqtida futbolchi bo‘lib ham yaxshi tanilgansiz. Umuman, futbolchilik faoliyatingiz haqida boshlasak. Futbolga qanday kirib keldingiz?
— Futbolga maktabda o‘qib yurgan vaqtim SSSR paytida maktablar o‘rtasida musobaqalar ko‘p bo‘lar edi. Hozirgi Xalq ta’limi vazirligi mana shu musobaqalarga yana qaytmoqda. Bir kuni maktablar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada o‘ynaganimda Valentin Aleksandrovich Kalpakov degan murabbiy meni ilk bor bolalar sport maktabiga taklif qildi. Keyin shu sport maktabida o‘ynab, 10-sinfga o‘tganimdan keyin Surxondaryoning mashhur "Avtomobilist" jamoasiga meni taklif qilishdi. Mana shu jamoada o‘ynab men ko‘p narsa o‘rgandim. O‘sha vaqtda Yuriy Vazgeniyevich Sarkisyan, Taymuraz Xabayev, Vladimir Jukovskiy, Glinger Fanov, Parez Pitixov, Nikolay Saprikin kabi mahshur futbolchilar bor edi. O‘sha vaqtdagi SSSR chempionati juda kuchli bo‘lgan. Rossiya, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘istondan kuchli jamoalar kelardi. Mana shu jamoalar bilan bizlar o‘sha vaqtda "buferni zona" deyilardi, shu zonada o‘ynab, tajriba to‘plaganmiz. "Avtomobilist" jamoasida o‘ynashni hoxlovchilar juda ko‘p edi. Lekin Surxondaryoda jamoa nomi "Avtomobilist" bo‘lgan vaqtda ham  jamoaning 70-80% o‘zagini mahalliy futbolchilar tashkil qilar edi.  20-30 % chetdan olib kelinar edi. Lekin asosan mahalliy o‘yinchilar o‘ynar edi. Ana shu tajribali futbolchilar keyinchalik murabbiy bo‘ldi. Misol qilib Yuriy Sarkisyanni olsak, Farg‘onaning "Neftchi" jamoasini 26 yil boshqardi. Men shu Yuriy Vazgeniyevichdan ko‘p narsa o‘rgandim. Shu tariqa futbolga kirib kelganmiz. "Avtomobilist" jamoasining nomi 1976-1977 yillarda jamoa nomi o‘zgardi va "Surxon" deb yuritiladigan bo‘ldi. "Surxon" jamoasida Vasiliy Yurin, Renat Fayruzuv, Farid Alyukov kabi taniqli futbolchilar bilan birga o‘ynaganman. Do‘stim Farid Alyukov Yevropa chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. O‘sha paytlarda SSSR terma jamoasiga tushish juda qiyin masala edi. Surxondaryodan yagona Yevropa chempioni bo‘lgan yigit bu Farid hisoblanadi. "Surxon"da o‘ynagan paytlarimiz Tixinov murabbiyimiz edi. U ko‘pincha bor e’tiborini mahalliy o‘yinchilarga qaratar edi.

1979 yil "Surxon" jamoasida o‘ynadim. Keyin Samarqandning "Dinamo" jamoasi menga taklif bilan chiqdi. Birodar Abduraimov meni "Dinamo"ga taklif qildi va 3 yil davomida "Dinamo" sharafini himoya qildim. Bizlar o‘ynagan paytdagi "Dinamo" hattoki safarda durang o‘ynasa ham e’tibor bering safarda, bizlar Samarqandda Samarqandning ko‘chalariga chiqa olmas edik. muxlislar talabi faqat g‘alaba edi va ular jamoani birinchi ligaga chiqishini hoxlar edi.

— Qachondan murabbiylik faoliyatingizni boshladingiz?
— "Dinamo"da 3 yil o‘ynaganimdan so‘ng, "Surxon" jamoasi bosh murabbiyi Taymuraz Xabayev "Surxon" bilan Termizda bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng menga bo‘ldi yetar endi "Dinamo"dan qaytgin, menga yordamchi bo‘lgin dedi. Keyin men u kishining taklifiga rozi bo‘lib yordamchi murabbiy sifatida ish boshladim. Keyin Taymuraz Xabayev Rossiyaga ketgandan so‘ng, meni Viloyat hokimligiga chaqirishdi va meni "Surxon" jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlashdi. Men 4-5 yil davomida ham bosh murabbiy ham o‘ynovchi murabbiy sifatida faoliyat yuritdim. O‘sha paytdagi avlod juda kuchli avlod edi. Baxtiyor, Ravshan, Alisher Bozorovlar, Asad, Rustam, Ravshan Do‘rmonovlar, Vali Keldiyev, aka-uka Yeraliyevlar, Xodjakulov kabi taniqli futbolchilar to‘p surar edi. Mustaqillikga erishganimizdan so‘ng, 1993 yil Birinchi ligaga tushib ketdik va men shu bolalarni yig‘ib, Oliy ligaga qaytshimiz kerak deb tushuntirganman. Yigitlar buni tushunib bor kuchlari bilan harakat qildilar va shu yili Oliy ligaga qaytdik. Oliy ligadagi birinchi o‘yinimiz "Paxtakor" jamoasi bilan bo‘lgan edi. O‘yin Toshkentda bo‘lgan edi. O‘sha o‘yinni hozir yaxshi eslayman Alisher Bozorovning yagona goli evaziga "Paxtakor"ni Toshkentda 0:1 hisobida mag‘lub etganmiz. Hattoki, Termizdagi bahsda ham Rustam Asqarovning ikki goli evaziga 2:0 hisobida g‘alabaga erishganmiz.

— Botir aka siz murabbiylik qilgan davrdagi ko‘pgina futbolchilar bugungi kunda futbolda ko‘rinish bermayapti. Misol uchun, aka —  uka Sanjar va Nosir Eronovlar, Islom Hamzayev, Otabek Sadiyev, Abulqosim Qurbonov, Akmal Hasanov, Orif Onorov va hokazolar. Aytingchi, ushbu futbolchilar nima sababdan futbolda futbolchi sifatida ko‘rinish bermasdan futbolni tark etdi?
— Yaxshi savol berdingiz. Nega bu futbolchilar bugungi kunda ko‘rinish bermayapti. Nimaga deganda, 2008 yilgacha "Surxon" birinchi ligada o‘ynadi. 2004 yil "Surxon" jamoasi bilan Oliy ligada qoldik. Lekin Federasiyada "Surxon"ni ko‘ra olmaydigan 1-2 odamlar bor edi. Ular "Surxon"ni Oliy ligadan nohaq tarzda olib tashladi. "Surxon" jamoasining o‘rniga Samarqandning "Dinamo" jamoasini qo‘ydi. Keyin 2009-2010 yillarda uzlish bo‘ldi. Surxondaryoda umuman futbol bo‘lmadi. 2011 yili o‘quvchi yoshlar o‘rtasida musobaqalar bo‘lar edi. Shu yili hokimimiz Turobjon Ikromovich Jo‘rayev meni chaqirib, "Barkamol avlod"da chempion bo‘lsalaring, men "Surxon"ni birinchi ligaga qo‘yaman deb va’da bergan edi. Ikkalamiz kelishib oldik, menga yordam berishlarini aytdi. Keyin mana shu yigitlarni yig‘ib, 2011 yili 6 oy davomida "Barkamol avlod" o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. O‘sha vaqtda "Barkamol avlod" musobaqalari hududlar bo‘yicha saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tar edi. Shu saralashdan g‘olib chiqqan jamoalar Final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritar edi. Biz Qashqadaryo, Buxoro bilan bir guruhda bahs olib bordik.  Shu vaqtlari Qashqadaryoda futbolga katta e’tibor berilardi. Marhum Nuriddin Zayniyev futbolga qiziqishi juda yuqori edi.Qashqadaryo tarkibida "Sho‘rtan", "Nasaf", "Mash’al" jamoalarida to‘p suradigan futbolchilar o‘ynar edi. Lekin biz shunga qaramasdan qiyin guruhdan birinchi o‘rinni olib, Final bosqichiga qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdik. Keyin men yigitlarga tushuntirdim.  Biz mana shunday qiyin guruhdan chiqib keldik. Mana endi Final bosqichida g‘olib bo‘lmasak bo‘lmaydi deb tushuntirdim. Yigitlar buni yaxshi his qilishdi va shu yili "Barkamol avlod" sport o‘yinlarining futbol sport turidan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Keyin Turobjon Ikromovich o‘z so‘zlarida turib, "Surxon"ni yana birinchi ligaga qaytardi va uch yil davomida birinchi ligada o‘ynadik. Ushbu futbolchilar Oliy liga jamoalarida bemalol o‘ynab keta olar edi. Nega deganda ular uch yil davomida tinimsiz mehnat qilishdi. Lekin 2013 yildan so‘ng, 2014-2015-2016 yillarda yana Surxondaryoda futbol bo‘lmadi. Hokim almashgandan keyin futbolga e’tibor qaratilmadi. Hatto birinchi ligada ham Surxondaryodan jamoa ishtirok etmadi. 2017-2018 yillarda yana "Surxon" birinchi ligada to‘p surdi. 2019 yil esa Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Men aytmoqchimanki, mana shu Eronovlar  va boshqa futbolchilar yaxshi o‘yinchilar edi.SHunchaki bularga o‘ynash uchun imkoniyat bo‘lmadi desam to‘g‘ri aytgan bo‘laman. Baribir Surxondaryoda futbol bo‘lmagandan keyin ushbu futbolchilar ham tirikchiligini ko‘rishi kerak. Hammasi yangi sun’iy qoplamali maydonlar ochilgandan keyin mini futbolga berilib ketdi. Agar Surxondaryoda futbol bo‘lib turganda ushbu futbolchilar bemalol boshqa jamoalarda to‘p sura olardi deb bemalol ayta olaman. Kuchli avlod edi. Har bir murabbiy jamoani qabul qilib olgach, o‘zi bilgan va tanigan futbochilarni jamoaga taklif qiladi. Men bularga ishonar edim. To‘g‘risini aytsam, o‘sha vaqtlari "Surxon" jamoasida pul masalasi ham qiyin edi. Futbolchilar 5-6 oylab oylik olmasdan o‘ynadi. Surxondaryolik bo‘lgani uchun hamma narsaga chiqab, o‘ynadi.

— «Surxon» jamoasini o‘yinlarini kuzatib borasizmi? Mutaxassis sifatida jamoa o‘yinini qanday baxolaysiz?
— "Surxon" jamoasining hamma o‘yiniga boraman. Bu yilgi mavsumda menga bitta narsa yoqdi. Har bir jamoa qoshida U-18 jamoasi tashkil etildi. Bundan tashqari, o‘rinbosarlar tarkibi va asosiy tarkib. "Surxon" jamoasini o‘yinini doimiy kuzatib boraman.

Hozirgi "Surxon" U-18 jamoasida meni qo‘limda tarbiya olayotgan 10 nafar o‘yinchim o‘ynayapti. Shuncha yillik tajribamni qo‘llab ularga o‘rgatdim, har doim mehnat qilish kerak ekanligini ta’kidladim. Men ishonch bilan ayta olamanki, mana shu hozirgi o‘ynayotgan yosh futbolchilar 1-2 yildan so‘ng, bemalol "Surxon" jamoasiing asosiy tarkibida o‘ynab keta oladi. Bu o‘yinchilar futbol o‘ynagisi kelayapti. Oddiy misol, "Surxon" jamoasi "Nasaf"ga qarshi o‘yinda hisobda ortda borayotganda to‘liq hujumga o‘tdi va gol urdi. Goldan so‘ng, jamoamiz yana gol urishga harakat qildi va gol o‘tkazib yubordi. Menimcha ushbu vaziyatda teskari taktikani qo‘llaganimizda yana gol urishimiz mumkin edi. Men hozirgi "Surxon"da o‘ynayotgan ko‘pgina futbolchilarni tanimayman. Lekin 7 raqamli futbolchi (Xusniddin G‘ofurov)ning o‘yini menga juda yoqdi. Bunaqa futbolchilardan foydalanib qolish kerak.  "Nasaf" jamoasi 2-3 yil davomida yoshlarini o‘ynatdi. O‘sha futbolchilar tajriba to‘pladi, milliy terma jamoalardan chaqiruv oldi. Menimcha "Nasaf" bu yili bemalol chempionlikga kurasha oladi.

"Surxon" jamoasi yutqazsa, Surxondaryolik muxlislar xafa bo‘lishadi. Lekin bilasizmi "Surxon" jamoasining bu yilgi tarkibi juda kuchli. Menimcha jamoaga biroz omad yetishmayapti. Tarkib kuchli lekin birdan yuqori natija kutish ham biroz qiyin.  

Lekin men shu o‘rinda shu fursatdan foydalanib, "Surxon"ni boshqarayotgan Azamat ismli akamizmi-ukamizmi bilmayman, men to‘g‘risi u kishini tanimayman ham, shuncha imkoniyat yaratib  berayotgani uchun rahmat aytaman. muxlislarimiz bitta narsani tushunishini istardim, hamma jamoalar ham Oliy ligada o‘ynay olmaydi. Futbol o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Tilda gapirish oson. Avvalo bu insonga rahmat aytish kerak. Lekin mening maslahatim, biz "Nasaf"ni yo‘lidan ketishimiz kerak.  Superligada to‘p surayotgan  Surxondaryolik futbolchilarni qaytarishimiz kerak. Balki, u inson yosh futbolchilar yetishib chiqqunga qadar boshqa futbolchilarni taklif qilayotgandir men buni bilmayman. Qiyin bo‘lsa ham 1-2 yil ichida "Nasaf" jamoasi yo‘lini tanlashimiz kerak. Yana bir iltimosim imkon qadar "Surxon" U-18  va U-21 jamoalari o‘yinga bir kun oldin borsin. Bolalar moslashsin va shunda natija bo‘ladi va bolalar o‘sadi.

— Siz bugungi kunda Surxondaryo bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasida murabbiy sifatida ishlab kelmoqdasiz. Sizni qo‘lingizda yosh iqtidorli futbolchilar o‘sib kelayaptimi?
— Hozirgi kunda futbol akademiyasida murabbiy bo‘lib ishlab kelayapman. Akademiyada Halqaro "S" murabbiylik lisenziyasiga ega bir qator murabbiylar bor.

Shu fursatdan foydalanib, men ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: bolalaringizni kimlardir "Paxtakor" ga olib boraman, "Lokomotiv" ga olib boraman deb nimalarnidir va’da qilib, olib ketayotgan bo‘lsa, ishonmang! Oddiy misol qilaman. Botir ismli murabbiy 2003 yildagi 5-6 iqtidorli bolalarni akademiyadan olib ketib, Toshkent klublariga joylashtirdi. Ohir-oqibat oradan biroz vaqt o‘tib, ushbu futbolchilarni futboldan ko‘ngli qolib, futboldan qiziqishi qolib ketdi va qaytib kelishdi. Men bu gaplarim bilan nima demoqchiman: Surxondaryodagi futbol akademiyada ham tajribali murabbiylar ishlashadi. Eng muhimi farzandingiz doimiy e’tiborda va nazoratda bo‘ladi. Sabrli bo‘ling, o‘g‘lingizni yulduz qilmoqchi bo‘lganlarga ishonmang! Bugun mana shunaqangi holatlar juda ko‘payib ketmoqda. Iltimos, ogoh bo‘ling! Daraht ham bir joyda o‘sadi. Isiiq ovqat bo‘lsa, yotoqhona bo‘lsa yana nima kerak? Bo‘laman degan futbolchi shu yerda o‘qib ham, zo‘r bo‘lishi mumkin!

— Sizni bir necha yillik qadrli do‘stingiz Panji aka bugun nimalar bilan band? U kishi bilan aloqalaringiz avallgidekmi?
— Panji aka bilan avval qanday inoq bo‘lgan bo‘lsak, hozir ham shundaymiz. Hozir ham deyarli har kuni birga tushlik qilamiz. Panji aka o‘zimning qo‘l ostimda «Surxon» jamoasida 21 yil ma’mur bo‘lib ishlagan. Hozir Panji aka nafaqada. Qolaversa, «Surxon»ni o‘yinlarini birga ko‘rgani stadionga boramiz. Men o‘ylayman Panji aka bilan umrimning oxirigacha do‘st bo‘lib qolamiz degan umiddaman.

— O‘sib kelayotgan yosh futbolchilarga tavsiyalaringiz.
— Yoshlarga maslahatim o‘z ustida tinimsiz ishlash kerak. O‘z ustida ishlasa yoki mehnat qilsa albatta bir kun kelib u yaxshi futbolchi bo‘lib yetishib chiqadi. Hamma ham tug‘ma talantli futbolchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Futbolning ham xudosi bor. Ular tepadan qarab turadi.  Xudodan so‘rang, tinimsiz mehnat qiling albatta rohatini ko‘rasiz.

Suhbatimiz so‘nggida muxlislarga yana bir bora murojaat qilmoqchi edim: «Surxon» jamoasi mag‘lubiyatga uchraganda ularni so‘kmangizlar, urushmanglar! Shu bolalar «Surxon» sharafini himoya qilayapti. Sabrli bo‘lishni iltimos qilardim.

«Surxon» jamoasiga, o‘rinbosarlar tarkibidagi futbolchilarga, qolaversa yoshlar jamoasidagi futbolchilarga mustahkam sog‘lik tilayman. Jaroxat olishmasin! Qo‘rqmasdan futbol o‘ynanglar. Surxondaryo futbolini yanada yuqorilarga ko‘taringlar!

Manba: https://t.me/FCSURXON_OFFICIAL
Kiritildi: 07:54, 06.04.2020.
O'qildi: 3887 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.