Stadion.uz so‘nggi yillarda Angliya premyer-ligasidagi qayd etilgan eng kutilmagan natijalar va klublar tarixidagi eng yaxshi uchrashuvlarni yodga olib o‘tadi.
10. «Tottenxem» - «Uigan Atletik» 9:1 (22.11.2009)
Bu uchrashuv “shporlar”ning o‘z uyida qayd etgan eng yirik hisobdagi g‘alabasi sifatida tarixda abadiy qoladi. “Tottenxem” «Uayt Xart Leyn»da “Uigan”ni tor-mor keltirgan uchrashuvda klub postida Xarri Rednapp bor edi. O‘sha oqshom Jermen Defo penta-trikni amalga oshirgan bo‘lsa, Aaron Lennon, Niko Kranchar, Piter Krauch va yosh iqtidorli Devid Bentlio‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘ygan edi. Ayni damda Belgiya terma jamoasida faoliyat olib borayotgan Roberto Martines shogirdlari Paul Sharner gol kiritganini inobatga olmasa, aytarli qarshilik ko‘rsataolmagan edi. O‘sha davrdagi “Tottenxem”ning tarkibi hozirgisidan ancha kuchliroq bo‘lganini tan olish lozim.
- «Manchester Siti» - «Chelsi» 6:0 (10.02.2019)
Pep Gvardiola istagan klubini tor-mor keltirishi odatiy hol, biroq APLda “Chelsi” darvozasiga javobsiz 6 ta gol kiritish bu shunchaki “dahshat”! Sarri boshchiligidagi “aristokratlar” “Ettihad”da shu qadar zaif ko‘rinishdiki, hatto murabbiyning iste’fosi aniqligi shundoqqina ko‘rinib qoldi. To‘g‘ri, Sarri o‘zidan Yevropa Ligasidagi g‘alaba va shakllangan tarkibni qoldirdi, biroq o‘sha alamli mag‘lubiyat uzoq muddat xotiralarimizda saqlanib qolishi aniq. Darhaqiqat, o‘sha mavsumda “Manchester Siti” ichki frontdagi barcha musobaqalarda g‘alaba qozonish orqali ko‘plab rekordlarni o‘rnatgan va yakunda Anlgiyadagi mutlaq gegemonlikni rasmiylashtirgan edi.
8. «Nyukasl» - «Manchester Yunayted» 5:0 (20.10.1996)
Bu uchrashuv 1996-yilda juda katta ahamiyat kasb etgan edi. 1995-yilda “Nyukasl” qo‘lidagi sovrinni so‘nggi 3 ta turda alamli tarzda “MYU”ga boy berib qo‘ygani sababli o‘ziga xos revansh ilinjida “qizil iblislar” bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotgan edi. E’tiborlisi shundaki, vise-chempion va chempion o‘rtasidagi uchrashuvda “Nyukasl” o‘tgan mavsum “Manchester Yunayted”ga omad kulib boqqanini isbotlab berdi. “Manchester Yunayted”ning sharmandali mag‘lubiyati bilan yakunlangan uchrashuvda Daren Pikok, David Jinola, Les Ferdinand, Alan Shirer va Filip Alber darvozani ishg‘ol qilgancha jamoaning nimalarga qodir ekanligini isbotlab berdi. O‘sha oqshom Kevin Kigan shogirdlari har jabhada “qizil iblislar”dan o‘ch olishga intilishdi va amalda buni isbotlashdi.
7. «Nottingem Forest» - «Manchester Yunayted» 1:8 (06.02.1999)
Bu uchrashuv to‘liqligicha “Manchester Yunayted”ning amaldagi murabbiyi – Ole Gunnar Sulsherga bag‘ishlangan desak, adashmagan bo‘lamiz. Qahramonimiz o‘sha oqshomda zaxiradan maydonga tushgach, 10 daqiqada 4 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ladi va Duayt York va Endi Kuoldan foydaliroq harakat qiladi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng, “Nottingem” klubi ustozi Ron Atkinson uchun jamoadagi so‘nggi uchrashuviga aylanadi. Ha aytgancha, Nottingemdagi o‘yin qahramoni Sulsher ko‘p o‘tmay YECHL finalida ham zaxiradan maydonga tushib “Bavariya”ni kubokdan mahrum qiladi. Umuman olganda, futbol olamidagi 1999-yil to‘liqligicha “Manchester Yunayted” hisobiga yozilgan desak, umid qilamizki,adashmagan bo‘lamiz.
6. «Sautgempton» - «Manchester Yunayted» 6:3 (26.10.1996)
Chinakam jangga aylanib ketgan uchrashuv APL tarixidagi eng tomoshabop futbol sifatida tarixda abadiy qoladi. “Sautgempton” muxlislarining aytishicha, aynan shu uchrashuv sevimli klublarining APL tarixida o‘tkazgan eng yaxshi o‘yini ekan. Darhaqiqat, Ser Aleks Fergyusonning “dahshatli” “Manchester Yunayted”ibilan o‘z maydonida ochiq futbol namoyish etgan “avliyolar” yakunda raqibni har jabhada dog‘da qoldirishni uddalashgan edi. Ayniqsa, o‘yin yakunida Mett Le Tessening himoyachilarni birin-ketin aldab Shmeyxel ustidan parashyut uslubida to‘pni darvozaga joylagani barchasidan o‘tib tushadi. Shuningdek, o‘sha oqshom Devid Bekxem jarima zarbasidan gol kiritganini ham inobatga olsak, uchrashuv naqadar tomoshabop bo‘lganini anglash qiyin emas.
5. «Manchester Yunayted» - «Manchester Siti» 1:6 (23.10.2011)
Bu kunni Manchester shahri uzoq muddat unutmasligi aniq. Shaharning yarmi quvnoq xotiralar bilan o‘yinni yodga olsa, qolganlar alamli mag‘lubiyatni unutishganini takrorlashadi. Darhaqiqat, afsonaviy "Old Trafford” arenada Manchini shogirdlari “qizil iblislar”ning yuziga tarsaki tortib yuborgan edi. Mario Balotellining dubli bilan boshlangan uchrashuv yakunida tabloda 1:6 hisobi qayd etilib turar, “qizil iblislar” muxlislari chuqur shok holatiga tushib qolgan edi. “Shaharliklar” o‘sha uchrashuvda g‘alaba qozonibgina qolmay, KPRga qarshi uchrashuvdagi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritish orqali 1968-yildan beri amalga oshmagan orzularini ro‘yobga chiqara olishgan edi.
- «Midlsbro» - «Manchester Siti» 8:1 (11.05.2008)
Bundan qariyb 10 yil muqaddam arab shayxlarining katta pullari bilan kuchga to‘lgan “Manchester Siti”ga o‘sha davrdagi APLning o‘rtamiyona klubi – “Midlsbro” yaxshigina saboq berib qo‘ygan edi. To‘g‘ri, bu mag‘lubiyat amalda hech narsani o‘zgartirmagan, biroq klubning yangi egalari “tumanli albion”ni pul bilan zabt etib bo‘lmasligini chuqur tushunib yetishgan. O‘sha davrda jamoani boshqargan Garet Sautgeyt jamoa bilan 2006-yilda UEFA kubogi finaliga qadar yetib borgan bo‘lsa, 2004-yilda klub tarixidagi birinchi ulkan sovrin – Angliya Liga kubogida zafar quchadi. Umuman olganda, o‘sha paytlardayoq Garetning kelajagi porloq murabbiy ekanligiga hech kim shubha qilmagan edi. Amalda ham shunday bo‘lib chiqdi.
- «Manchester Yunayted» - «Arsenal» 8:2 (28.08.2011)
APLdagi Fergyusson va Venger o‘rtasidagi uchrashuvlarning qanday natija bilan yakunlanishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, biz yodga olayotgan uchrashuvimizda “Arsenal” ko‘rinmay qolgani bilan bugungi ro‘yxatimizdan o‘rin olmoqda. Aynan shu uchrashuvdan so‘ng, Arsen Vengerning davri o‘tganini butun dunyo anglab yetdi. Britaniyalik jurnalistlarning aytishicha, o‘sha uchrashuvdan so‘ng, “Arsenal”da yemirilish boshlangan va jamoa pastga qulashni “Old Trafford”da boshlagan. Qaysidir ma’noda, bu so‘zlarda mantiq borga o‘xshaydi. Yana kim biladi deysiz?!
- «Sautgempton» - «Lester Siti» 0:9 (25.10.2019)
Yaqindagina bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Sautgempton” barcha yetakchi futbolchilarini sotib yuborgani uchun keskin jazolandi. Darhaqiqat, birin-ketin transfer oynasida futbolchilarini sotib yuborgan klub yakunda “tulkilar”dan qahshatqich zarbani qabul qilib olishdan boshqa chora topa olmadi. O‘sha uchrashuvda Brenden Rodjers shogirdlari shu qadar g‘alabaga o‘ch to‘p surishdiki, hatto ularda 10-golni kiritish imkoni ham paydo bo‘ldi. Soddaroq qilib aytganda, o‘sha uchrashuvda “Lester”ni faqat hakamning hushtagigina to‘xtatib qoldi,xolos.
- «Uotford» - «Liverpul» 3:0 (29.02.2020)
“Liverpul”ning APLdagi so‘nggi uchrashuvlaridan biri kutilmaganda “qizillar”ning rekordlari barbod bo‘lishi bilan yakun topdi. Barcha “Arsenal” ko‘rsatgan natija yangilanishini kutayotgan bir paytda, “Uotford” Klopp shogirdlarining oyog‘idan tortib qoldi. Aslida birinchi bo‘limda tomonlar gol kiritishmadi. Barchasi bir tempda borayotgan edi, biroq Ismoil Sarr tomonidan ikkinchi bo‘lib boshida urilgan gol vaziyatni o‘zgartirib yubordi. To‘g‘ri, bu “Liverpul”ni chempionlikdan mahrum qilgan mag‘lubiyat bo‘lmadi. To‘g‘ri, bu mag‘lubiyatdan so‘ng, “Liverpul”ning muxlislari boshni changallab qolishmadi. Shunchaki, bu musobaqaning nomi APL ekanligi va unda hech qaysi klub mag‘lubiyatdan sug‘urtalanmagani yana bir ma’lum bo‘ldi-qo‘ydi.