«Real» vakillari ham ko‘pchilik qatori mashg‘ulotlar jarayoniga qaytishdi. Bundan foydalangan RTVE muxbirlari jamoaning belgiyalik darvozaboni Tibo Kurtuani suhbatga tortib, uning karantin davrida nimalar bilan shug‘ullanganiga qiziqishdi. Mohir kiper esa mashg‘ulotlar maydoniga qaytgan kungi hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
La-Ligadagi natijalar
- Har qanday holatda ham, chempionatni oxiriga yetkazib qo‘yish shart: g‘olib jamoaning barcha uchrashuvlar natijalariga ko‘ra, aniqlanishi maqsadga muvofiq. Aks holda, adolat buzilgan hisoblanadi. To‘g‘ri, faqat «Liverpul» bilan bog‘liq holatni tushunish mumkin. Chunki Angliya chempionatida peshqadam va asosiy ta’qibchi ochkolari o‘rtasida mislsiz darajada yirik farq yuzaga kelgan. Yo‘q, agar La Liganing qolgan uchrashuvlari o‘tkazilmasa, unda chempionlik maqomini «Real»ga berish kerakligi xususida hech qachon gapirmaganman. Garchi oxirgi marta «Betis»ga imkoniyatni boy berib, turnir jadvalida 2-o‘ringa surilgan bo‘lsakda, jamoamiz ayni payt juda yaxshi sport formasida. Shuni nazarda tutib, bemalol aytishim mumkin - hozir 2 ochkoga orqada qolayotganimizga qaramay, «Barsa»dan kuchliroqmiz! Agar qolgan 11ta tur uchrashuvlari o‘tkazilsa, ularda muvaffaqiyatli to‘p surishimiz va oltin medalni qo‘lga kiritishimizga ishonish uchun yetarli dalillarga egaman.
Asensio va Azarga munosabat
- Karantin payti Eden Azar bilan doimiy aloqada bo‘lib turdim. Uning yaxshi sport formasida ekanligiga aminman. Avvalgi yozda ortiqcha vazn orttirgani yaqqol sezilib turgandi, hozir esa hammasi joyida. O‘ylaymanki, Eden maydonga tushish onlarini sabrsizlik bilan kutmoqda. Yakka tartibdagi mashg‘ulotlarning unga qo‘l kelgani aniq - bu hol Edenga jarohatdan bemalol qutulish imkoniyatini taqdim etdi. Bilishimcha, Markoning holati ham chakki emas. Undagi ishtiyoq yanada kuchliroq, axir o‘tgan yozdan buyon jarohat tufayli maydonga tushgani yo‘q va futbolni rosa sog‘ingani tayin.
Chempionlik taqdiri
- Biz «Real Madrid»miz va doimo barcha musobaqalarda faqat g‘oliblikka intilamiz. O‘zimizni yaxshi his etyapmiz, jamoa jangovar holatda, barcha yigitlar safga qaytishdi. Bular - jamoaga to‘liq ishonishimga asos. Shubha yo‘q, ishonch so‘nggi uchrashuvning so‘nggi soniyasigacha yo‘qolmaydi. Ha, hozir nostandart vaziyatdamiz, bo‘sh tribunalar ostida o‘ynashga, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishga majburmiz. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, oxirigacha kurashamiz, albatta.
E’tibor muhim
- Albatta, futbolda konsentrasiya - e’tibor juda muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri, haftalab mehmonxonada yashash oson emas. Lekin bunga yevrokuboklardagi ishtirok davrida ko‘nikib ulgurganmiz. Chempionatni yakunlash yo‘lida shunday qarorga kelindimi, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tayyormiz.
«Alfredo di Stefano»dagi o‘yinlar
- Valdebebas - klubimiz bazasi. Bu yerda o‘zimizni ancha yengil tutamiz. Albatta, «Bernabeu»ni sog‘inib qolgandik. Lekin hozirgi sharoitda shunisi ma’qulroq. Qolaversa, afsona nomi bilan yuritiladigan stadion ham chakki emas.
Mashg‘ulotlarga qaytish
- Avvalo, murakkab oylarni boshdan kechirgan ispaniyaliklarga hamdardlik bildirmoqchiman. Odatiy turmush tarziga qayta boshlaganimiz, mashg‘ulotlarga kirishganimiz yoqimli, albatta. Ammo yangi qoidalar biroz ajablanarli. Eng muhimi, yana mashg‘ulotlar maydonidamiz - bu barchamizni to‘lqinlantirmoqda.
Qo‘shimcha qoidalar
- Ha, La Liganing yangi qoidalariga amal qilishimiz lozim: futbolchilar o‘z xonalarida kiyinadilar, shuningdek, hamma qo‘lqop va niqob bilan 2 metrli oraliq masofani saqlagan holda yuradi. Barcha jihozlar dezinfeksiya qilinadi. Nima derdim, asta-sekin barchasiga ko‘nikamiz.
Jamoadoshlar bilan ko‘rishish
- Ma’lum vaqt bir-birimizdan olisda yurdik, lekin o‘zaro raqobat avvalgidek (kuladi). Yagona maqsad - La Ligada zafar quchish yo‘lida ter to‘ka boshlagan hamjihat jamoa ruhini his etish.
To‘p dezinfeksiyasi
- Darvozabonlar murabbiyi qo‘lqoplar va to‘plarni dezinfeksiya qilishi lozim. Biz qo‘lqoplarimiz va butsalarimizni stul ustida qoldiramiz, ularni dorilab qo‘yishadi. Hozircha bu g‘alati tuyulmoqda, lekin o‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan hammasi ijobiy tomonga o‘zgaradi.
Qo‘rquv hissi
- Shaxsan menda qandaydir qo‘rquv yo‘q. Ammo qoidalarga qat’iy rioya qilamiz, baribir. Chunki virusni yuqtirib olishni istamaymiz, normal turmush tarziga qancha tez qaytsak, shuncha yaxshi. Axir futbol biz uchun boshqa kasb egalari yumushidan farqlanmaydigan ish turi hisoblanadi.
Tomoshabinlarsiz o‘yinlar
- Futbolchilar muxlislar bilan liq to‘lgan tribunalar qarshisida, o‘ziga xos muhit, hayqiriq va qo‘shiqlar jo‘rligida ko‘tarinki kayfiyatda to‘p surishni istaydilar, albatta. Biroq hozircha buning iloji yo‘qligini yaxshi tushunib turibmiz. Shunday ekan, kun sayin yangi mezonlarga ko‘nikib, moslashib borishimiz lozim. Eng asosiysi - virus tahdididan qutulish.
Videoo‘yinlar - ermak
- Virtual o‘yinlarni yoqtirishim rost. Deylik, oxirgi ikki yil davomida asosan «Formula-1» ilovasini o‘ynadim - taniqli poygachilar bilan kuch sinashish o‘ta qiziqarli. Shu asnoda uyda qamalib qolgan yaqinlarimni zeriktirmaslikka harakat qildim. Uyimning katta ekanligi, bog‘i ham borligi - ayni muddao.
Uy mashg‘ulotlari
- Uydagi sharoit tamoman o‘zgacha, lekin mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga intildim. Karantin arafasida uyda foydalanish uchun ayrim jihozlarni mashg‘ulotlar zalidan so‘rab olgandim. Bundan tashqari, to‘p bilan yaxshi muomala qiladigan va kuchli zarba yo‘llaydigan do‘stim bor. Asosan u bilan birga shug‘ullanib, darvozabonlik ko‘nikmalarini me’yorda ushlab turdim.
Ijtimoiy ko‘mak masalasi
- Hozirgi og‘ir damlarda muhtojlarga yordam berish lozim. Biz xayrli ishlarni jamoa bo‘lib amalga oshiryapmiz. O‘z o‘rnida, Serxio Ramos va YUNISEFga tashabbus uchun rahmat. Shuningdek, Isko va onlayn-turnirlar tashkilotchilariga ham. Ular tufayli ma’lum mablag‘ to‘pladik va hozir ham ishni davom ettiryapmiz.
Musobaqalarga qaytish
- O‘zimni yaxshi his etyapman, binoyidek sport formasidaman. Jamoadoshlarim ham maydonga qaytish onlarini sabrsizlik bilan kutishmoqda. Dastlabki uchrashuvga 100 foiz tayyorgarlik bilan tushamiz. Mana, Asensio va Azar safga qaytishdi, bosh sovrinni qo‘lga kiritish yo‘lidagi kurashda tarkibimizning to‘liq va jangovar holda bo‘lishi muhim.
Tug‘ilgan kun tilaklari
- Inson hayotidagi eng muhim boylik - salomatlik. Shuningdek, avvalgi darajadan qolishmaydigan saviyada o‘ynash va nufuzli sovrinlarga ega chiqishni istayman. Tug‘ilgan kun uchun tilaklarim shular...