Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Xalqaro og‘ir atletika federasiyasining “Tokio-2020” uchun qayta ko‘rib chiqilgan Olimpiada saralash musobaqalari tizimini tasdiqladi. Unga ko‘ra, saralash davri 2021 yil apreligacha uzaytirildi. Og‘ir atletikachilar tomonidan saralash musobaqalari paytida erishilgan barcha natijalar va reytinglar o‘zgartirilmasdan saqlab qolinadi.

COVID-19 pandemiyasi sababli saralash musobaqalari to‘xtatilganidan va “Tokio-2020”ni o‘tkazish muddati ko‘chirilganidan keyin qayta ko‘rib chiqilgan saralash davri 2020 yil 1 oktyabrdan 2021 yilning 30 apreligacha amal qila boshlaydi. Avval rejalashtirilgan va keyin bekor qilingan musobaqalar ana shu davrda o‘tkaziladi.

Olimpiada yo‘llanmasi uchun og‘ir atletikachilar 2018 yil 1 noyabridan boshlab kamida oltita musobaqada ishtirok etishlari shart bo‘lgan mezonlar saqlab qolindi.

Endi “Tokio-2020”da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishni xohlagan og‘ir atletikachilar 2020 yil 1 oktyabridan 2021 yil 30 apreligacha ushbu musobaqalarning hech bo‘lmasa bittasida qatnashishlari kerak.

* Umumiy hisobda 56 erkak va 56 ayol sportchi Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi (IWF) tomonidan to‘plangan jahon reytingi asosida saralanadi.

* Yana 56 erkak va 56 ayol sportchi Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi (IWF) tomonidan to‘plangan qit’a reytingi asosida saralanadi.

* Uch erkak va uch ayol ishtirokchi mezbon mamlakat maqomi asosida saralanadi.

* To‘rt erkak va to‘rt ayol qatnashchi uch tomonlama komissiya taklifini oladi.