Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze 2-2 Torino
29/12 19:00 Napoli 1-0 Venetsiya
29/12 19:30 Lester 0-2 Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem 2-2 Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas 2-1 Sautgempton
29/12 20:00 Everton 0-2 Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem 2-2 Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Keyingi bekat top-5 yoxud RPLda porlab chiqqan yulduzlar

Keyingi bekat top-5 yoxud RPLda porlab chiqqan yulduzlar

Baho:
+ | -

Barchangizga ma’lumki, Yevropaning kuchli chempionatlarida o‘ziga yarasha muxlislar auditoriyasi mavjud. APL, La liga, A seriya, Bundesliga, Liga 1 – ushbu chempionatlar Yevropadagi eng kuchli ligalar sirasiga kiradi. Biroq, hozirgi kunda Rossiya premyer-ligasi Yevropaning Top-5 chempionatlari qatoriga kirishga da’vogar ligalardan biri hisoblanaladi. Bunga yetarlicha asoslar mavjud. Birinchidan, RPLdagi futbolchilarning saviyasi yuqori darajada, boz ustiga, rus klublari transferlardan ham unumli foydalanib, o‘z tarkiblariga sifatli legionerlarni jalb qilib kelishmoqda. Ikkinchidan, RPL klublari o‘yin shiddati bo‘yicha bemalol Yevropaning Top ligalari qatoriga kira olishadi. KLublardagi tezlik ham talabga javob bera oladi. Umuman olganda, Rus diyorining milliy chempionati ham yetarlicha kuchli liga. Ushbu maqolamiz orqali siz aziz futbol muxlislarini RPLning ayni damdagi yulduzlari bilan tanishtirib o‘tamiz.

1) Magomed Shapi Suleymanov (“Krasnodar”)


Endigina 21 yoshga to‘lgan Magomed Shapi Suleymanov o‘z o‘yini bilan ko‘pchilik futbol mutaxassislarining e’tiboriga tushgan. Chap oyoqda kuchli va aniq zarba egasi bo‘lmish maxachqal’alik shahzoda o‘z o‘yini bilan Aryen Robbenni eslatib yuboradi. Buni qarangki, Shapi Suleymanov ham xuddi gollandiyalik futbol ustasi singari o‘ng qanot hujum chizig‘ida to‘p suradi. Qanotdan katta tezlik bilan kelib, markazroqqa o‘tib, to‘pga zarba beradi (ishonmasangiz, qidirib ko‘ring!) Uning yana bir ustun jihati, u qarama-qarshi qanotda ham o‘ynay oladi. Maydonni yaxshi ko‘ra olishi, to‘pga to‘g‘ri trayektoriya bilan zarba berishi, tezligi yuqoriligi, qolaversa, jarima to‘plaridan ham unumli foydalanib turishi ko‘plab klublarning es-hushini o‘g‘irlagan. Ayniqsa, 4-3-3 taktik sxemasida o‘ynaydigan klublarda Suleymanov o‘zini xuddi suvdagi baliqdek his qilishi turgan gap. Ushbu Rossiya futbolining kelajagi sifatida ko‘rilayotgan futbolchini yaqin orada grand klublarda ko‘rib qolsangiz ajablanmang.
 
2) Matias Normann («Rostov»)


2019-yilgi mavsumda «Rostov» klubi yarim himoya chizig‘ini norvegiyalik iqtidor egasi Matias Normann bilan kuchaytirdi. Qiziqarlisi, «Rostov» 1.5 million funt sterlingni Angliyaning “Brayton” klubi g‘aznasiga o‘tkazib berdi. Angliya klubida asosiy tarkibda maydonga tushmagan futbolchi hozirgi paytda «Rostov»da javlon urmoqda. U tayanch yarim himoya vakili sanaladi. Aynan «Rostov»dagi ishonchli o‘yinlari orqali Norvegiya milliy terma jamoasidan ham chaqiruv oldi. Jismonan baquvvat, yakka kurashlarda deyarli yutqazmaydigan norveg «Rostov»ning alishtirib bo‘lmas futbolchilaridan biri. Hujum tashkil qilishni qoyillatadigan Normann, hujumni yakunlashda ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oladi. Ustun jihatlari sifatiga kuchli zarbasi, maydon markazini qo‘lga olishi, raqib hujumlarini qaytarishda jon-jaxdi bilan harakat qilishini keltirib o‘tishimiz mumkin. Matias Normanning yoshi, potensialidan kelib chiqib shuni ayta olamizki, u yanada kuchliroq klubda yo‘qolib qolmaydi.

3) Sardor Azmun («Zenit»)


Eronlik hujumchiga Rossiya Premyer-ligasi allaqachon torlik qilib qolganday. Dastlab “Rubin”, so‘ng «Rostov» hozirda esa «Zenit» klubida gollar urishdan charchamayotgan hujumchiga bir qator Yevropaning kuchli klublaridan sovchilar kela boshlagan. Italiyaning “Lasio” hamda “Napoli” klublari futbolchi uchun kurashishmoqda. Transfer narxi 18 million yevroga baholanayotgan Azmun mana bir necha mavsumlardan beri stabil o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Unda hujumchilarga kerak bo‘ladigan barcha xislatlar mavjud. Jumladan, har ikkala oyoqda bir xil zarba bera oladi, ikkinchi qavatda harakatlari ham chakki emas, asosiysi gol xidini sezadigan ovchi hujumchilar sirasiga kiradi. Ayni damda chepionatda peshqadamlik qilayotgan «Zenit»ning natijalarida Sardor Azmunning ham mehnatlari beqiyos.

4) Fyodor Chalov (SSKA)


Moskvaning SSKA klubi hujumchisi Fyodor Chalov darhaqiqat Rossiya premyer-ligasining eng oldi hujumchilaridan. Markaziy hujum vakili haqida siz-u biz o‘tgan mavsumdayoq eshitgan edik. Yodingizda bo‘lsa, Angliyaning “Kristal Pelas”, “Vest Xem”, “Brayton” klublari futbolchiga jiddiy qiziqish bildirishayotgani haqida matbuot ko‘p va xo‘p yozdi. Ammo, yakunda Moskva klubi o‘z yetakchisi bilan xayrlashmadi. Lekin olingan ma’lumotlarga qaraganda, “Kristal Pelas” hali hamon futbolchiga qiziqishni so‘ndirmagani ma’lum bo‘lmoqda. Xo‘sh, Chalov nimasi bilan Angliya klublarini o‘ziga qarata oldi? Nima uchun “Kristal Pelas” hali ham Chalovga umid qilib turibdi? Sababi esa oddiy, Chalov bir o‘zi hujumda o‘ynay oladigan, to‘psiz ham foydali harakat qila oladigan yosh, potensiali yuqori futbolchi. Bunday hujumchilar esa o‘z navbatida aynan “Kristal Pelas”ga o‘xshagan, to‘pni raqibga berib yuborib o‘zi qarshi hujumdan foydalanadigan, yagona hujumchi taktikasini sevadigan klublar uchun ayni muddao.

5) Aleksey Miranchuk (“Lokomotiv”)


Yana bir rossiyalik noyob iqtidor egasi bo‘lmish egizak Miranchuklarning kichigi Aleksey texnik tomonlama yetukligi bilan RPLda ajralib turadi. Bejizga unga Yevropaning top-klublari, shu jumladan “Yuventus”, “Barselona”, “Roma” kabi klublar qiziqish bildirishmayabdi. Kuchli pleymeyker, oyoqda yaxshi tura oladi, tez-tez fint ishlatib turadi, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladi, jarima zarbalaridan ham unumli foydalanadi, tezligi ham yetarli darajada. Qoyilmisiz, shuncha jihatlarga ega bo‘lgan Aleksey Miranchuk nega haliyam “Lokomotiv” klubida yuribdi dersiz? Kim ham shunday iqtidor egasi bilan xayrlashishni xohlardi. Ushbu mavsum chempionlar ligasida qatnashgan “Lokomotiv” klubi Alekseyga katta ishonch bildirdi. Ayniqsa, bu mavsum Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichida har ikkala o‘yinda “Yuventus” darvozasini ishg‘ol qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Aynan shu o‘yinlardan so‘ng, “Keksa sinora”ning asosiy transfer maqsadi ayni damda Aleksey Miranchuk bo‘lib turibdi.

6) Eldor Shomurodov («Rostov»)


Hamyurtimiz Eldor Shomurodovni bu ro‘yxatga qo‘shmaslik xato bo‘lar edi. O‘z o‘yinlari, gollari bilan Rossiya maydonlarida javlon urayotgan hujumchimizga allaqachon turli kuchli klublardan qiziqish mavjud. Ayniqsa, Bundesliga klublari uning o‘yiniga ishqiboz bo‘lishdi. Baland bo‘yli, to‘g‘ri pozisiya tanlay oladigan, har ikkala oyoqda birday o‘ynaydigan, bosh bilan ham o‘ynashni qoyillatadigan, maydonda oxirigacha borini berib o‘ynaydigan Shomurodov bugungi kundagi «Rostov» klubining haqiqiy yetakchisi. Boz ustiga, u texnik taraflama ham chakki emas. Bejizga to‘purarlar poygasida 2-pog‘onada bormayapti “Shoma”. Buni «Zenit» klubi sardori, to‘purarlar poygasida yetakchilik qilayotgan Artyom Dzyuba ham ta’kidlab o‘tdi: “Poyga hali tugagani yo‘q, Shomurodov ajoyib hujumchi, u bilan to‘purarlar bahsimiz hali tugamadi” degandi Dzyuba. O‘yini jihatidan Fernando Torresga qiyoslanadigan hujumchimiz shubhasiz, kuchli ligalarning kuchli klublarida ham o‘z so‘zini ayta oladi.

Azmiddin Abduvohidov.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 15:36, 20.06.2020.
O'qildi: 4871 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.