Tokio Olimpiadasiga jamoaviy sport turlarida ham yo‘llanma qo‘lga kiritish terma jamoalarimiz oldida turgan ulkan vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Ayni paytda suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi mazkur yo‘llanmaga kurashish uchun yetarli darajada shakllangan va jamoamizda Olimpiada lisenziyasini qo‘lga kiritish uchun imkoniyat bor. Keling, shu o‘rinda mazkur sport turi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish tartibi bilan tanishtirib o‘tsak. Reglamentga ko‘ra, Olimpiadada 10 ta terma jamoa qatnashadi va ushbu musobaqalar Tokio Olimpiadasi uchun yo‘llanma beradi:
• Mezbon (Yaponiya)
• 2019 yilgi Jahon ligasi (g‘olib);
• 2019 yilgi jahon chempionati (g‘olib);
• 2019 yilgi Panamerika o‘yinlari (g‘olib);
• Okeaniya/Osiyo/Afrika uchun lisenzion turnir(g‘olib);
• 2020 yilgi Yevropa chempionati (g‘olib);
• Jahon kvalifikasion musobaqasi (finalchilar).
Joriy yilning 12-16 fevral kunlari Qozog‘istonning Nur-Sultan shahrida suv polosi bo‘yicha ayollar o‘rtasida Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi qit’aviy musobaqa bo‘lib o‘tishi belgilangan, biroq turnir koronavirus pandemiyasi sabab bekor qilingan edi. Keyinchalik FINA (Xalqaro suv sporti federasiyasi) qaroriga ko‘ra, ushbu turnir o‘rniga 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida qayd etilgan natijaga qarab Olimpiada ishtirokchisi tanlab olinadigan bo‘ldi. Bu borada bayroqni Xitoy jamoasi “ilib ketdi”. Nur-Sultondagi musobaqada Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston terma jamoalari g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida qaralayotgan edi.
FINA jamoalarning uzoq tayyorgarligini inobatga olgan holda jahon lisenzion turnirida O‘zbekiston terma jamoasiga wild card asosida ishtirok etish imkoniyatini taqdim qildi. Ushbu musobaqa 2021 yilning 17-24 yanvar kunlariga belgilangan bo‘lib, Italiyaning Triyeste shahrida o‘tkaziladi. Reglamentga ko‘ra, musobaqada xuddi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi 10 jamoa qatnashadi. Hozirda turnirga qur’a tashlangan bo‘lib, u quyidagicha ko‘rinish olgan:
“A” guruhi: Niderlandiya, Fransiya, Italiya, Slovakiya va O‘zbekiston;
“V” guruhi: Gresiya, Vengriya, Isroil, Yangi Zelandiya va Qozog‘iston.
O‘z guruhlarida eng yaxshi natija qayd etgan 4 tadan jamoa musobaqani chorak finaldan davom ettiradi. Yakunda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Tokio Olimpiadasi lisenziyasiga ham ega bo‘lishadi.
Ayni paytda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olib ulgurgan jamoalar: Yaponiya, AQSH, Ispaniya, Kanada, Rossiya, JAR, Xitoy, Avstraliya