Professional charm qo‘lqop ustalarimizning reytingi qanday?
Yaxshi bilasiz, AIBA qaroriga muvofiq, yaqin-yaqindan boshlab professional bokschilar ham Olimpiya o‘yinlarida, jahon chempionatlarida ishtirok etish huquqiga ega. Faqat buning uchun sportchi prof ringda 15 tadan ortiq jang o‘tkazmagan bo‘lishi lozim. Shu sababli, bugungi kunda professional va havaskor boks ham bir-biriga uzviy bog‘liq desak adashmaymiz. Zero, ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi safida professional ringda ham bir necha jang o‘tkazishga ulgurgan charm qo‘lqop ustalarimiz bor. Biz bugungi maqolamizda, ayni paytda professional bokschilarimizning jahon reytingidagi o‘rinlari bilan tanishtirib o‘tmoqchimiz.
Ma’lumot uchun, professional ringda to‘rtta nufuzli yo‘nalish bor. Ular – WBC, WBA, IBF va WBO yo‘nalishlaridir. Ushbu yo‘nalishlarning har birida o‘zbek bokschilari bor.
Mazkur tashkilotlar har oy o‘z kriteriyalariga ko‘ra reytinglarni e’lon qilib boradilar. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ba’zi yo‘nalishda birinchi o‘rinni egallab turgan bokschi boshqa tashkilot reytingida pastroq o‘rinda bo‘lishi, yoki umuman bo‘lmasligi ham mumkin. Hozir biz sizlarni iyul oyi uchun e’lon qilingan reyting bilan tanishtirmoqchimiz.
WBC (Butunjahon boks uyushmasi)
Yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar reytingda eng kuchli 15 nafar bokschini ko‘rsatadilar. Faqatgina WBC boshqalardan farqli ravishda har bir vaznda eng kuchli 40 nafar bokschining reytingini tuzib chiqadi.
Birinchi o‘ta yengil vazn toifasida (-48,9) Hasanboy Do‘smatov 31-pog‘onaga joylashdi. Ushbu yo‘nalishda chempionlik kamari yaponiyalik Ken Shiroga tegishli.
Birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (-63,50 kg) faoliyatini davom ettirayotgan Shohjahon Ergashev WBC reytingida 32-pog‘onadan joy olgan. Yana bir charm qo‘lqop ustamiz Anvar Turopov esa 40-pog‘onaga joylashgan. Ayni paytda mazkur vazn toifasidagi chempionlik kamari amerikalik Xose Karlos Ramires egalik qilib turibdi.
Prof boksdagi eng nufuzli vaznlardan biri – yarim o‘rta vazn toifasi janglarda ishtirok etadigan Qudratillo Abduqahhorov (-66,67 kg) iyul oyidagi reytingda oltinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Abduqahhorov chempion bo‘lish uchun amerikalik Errol Spensga qarshi jang qilib, uni mag‘lub etishi lozim bo‘ladi.
Birinchi o‘rta vazn toifasida (-69,8 kg) WBA Intercontinental chempionlik kamari sohibi bo‘lib turgan charm qo‘lqop ustamiz Isroil Madrimov yangilagan reytingning 26-pog‘onasidan joy olgan. Mazkur yo‘nalishda chempionlik kamari amerikalik Jermell Charloga tegishli.
Ikkinchi o‘rta vazn toifasidagi Azizbek Abdug‘ofurov (-76,2 kg) esa ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Ma’lumot uchun, Azizbek ayni paytda ikkinchi darajali WBC Silver kamari sohibi hisoblanadi. Mazkur vaznda, shuningdek, Bektemir Meliqo‘ziyev 38-pog‘onaga joylashgan. Asosiy kamar ushbu vazn toifasida amerikalik David Benavidesga tegishli.
WBA (Butunjahon boks assosiasiyasi)
Iyul oyida ushbu reytingdan olti nafar o‘zbekistonlik bokschi o‘rin olgan.
E’lon qilingan reytingda Rio Olimpiadasi sovrindori Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Ahmadaliyev shuningdek IBF yo‘nalishi chempioni ham hisoblanadi.
Birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (-63,5 kg) Rio Olimpiadasi finalchisi, havaskor boksda jahon chempioni Shahram G‘iyosov yettinchi o‘rindan oltinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Boshqa bir bokschimiz Shohjahon Ergashev esa oltinchi o‘rindan yettinchi pog‘onaga tushgan. Ushbu vaznda britaniyalik Josh Teylor chempion hisoblanadi.
Birinchi o‘rta vazn (-69,85 kg) toifasida Isroil Madrimov esa ikkinchi o‘rinda turibdi. Mazkur vazn chempioni Dominikan vakili Xeyson Rosario hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rta vazn toifasidagi bokschimiz, Olimpiya o‘yinlarining boshqa bir sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev (-76,2 kg) esa 15-o‘rindan joy olgan. Ushbu vaznda WBA Super chempionlik kamari britaniyalik Kallum Smitga tegishli.
Yarim og‘ir vazn toifasida (-79,3 kg) Rio Olimpiadasi bronza medali sohibi Rustam To‘laganov ham TOP-15dagi o‘rnini saqlab qolgan – 15-o‘rin. Mazkur divizionda rossiyalik Dmitriy Bivol eng nufuzli kamarga egalik qilib turibdi.
IBF (Xalqaro boks federasiyasi)
Ushbu reytingdan o‘zbekistonlik uch nafar bokschi o‘rin olgan. Xuddi WBA yo‘nalishida bo‘lganidek, Murodjon Ahmadaliyev ushbu yo‘nalishda ham ikkinchi yengil vazn toifasi (-55,3 kg) chempioni sifatida qayd etilgan.
Birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (-63,5 kg) Shohjahon Ergashev oltinchi o‘rinda qolgan. Ushbu vaznda chempionlik kamari britaniyalik Josh Teylorga tegishli.
Yarimo‘rta vazn (-66,6 kg) toifasida esa Qudratillo Abduqahhorov 1-pog‘onadan joy olgan. U mazkur vazn toifasida chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar hisoblanadi. Ayni paytda IBF kamari Errol Spensga tegishli.
WBO (Butunjahon boks tashkiloti)
Yuzaga kelgan pandemiya sabab hozircha ushbu tashkilot yangilangan reytingni e’lon qilmagan. So‘nggi marotaba WBO mart oyida yangi reytingni taqdim etgandi. O‘sha reytingda ikki bokschimizning ism-sharifi qayd etilgan.
Unga ko‘ra, o‘ta yengil vazn toifasida (-50,8 kg) Olimjon Nazarov 8-o‘rinda qayd etilgan. Ushbu vaznda WBO chempionlik kamari ayni paytda vakant bo‘lib turibdi.
Birinchi yarim o‘rta vazn (-63,5 kg) esa Shohjahon Ergashev 11-pog‘onaga joylashgan. Ushbu vaznda ham chempionlik kamari amerikalik Xose Karlos Ramiresga tegishli.
Prof ringda kim nechta jang o‘tkazgan?
Hasanboy Do‘smatov – 1
Olimjon Nazarov – 30
Murodjon Ahmadaliyev – 8
Shahram G‘iyosov – 9
Shohjahon Ergashev – 18
Anvar Turopov – 8
Qudratillo Abduqahhorov – 17
Isroil Madrimov – 5
Azizbek Abdug‘ofurov – 13
Bektemir Meliqo‘ziyev – 5
Rustam To‘laganov – 3
O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati