Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Islombek Isoqjonov: “Navbahor”da ichki muhit a’lo darajada”

Islombek Isoqjonov: “Navbahor”da ichki muhit a’lo darajada”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, jamoamizning mahoratli yarim himoyachisi Islombek Isoqjonovdan Coca Cola Superliga 16-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi “vodiy derbisi” uchrashuvi oldidan qisqacha suhbat uyushtirib, futbolchining bo‘lajak o‘yin borasidagi fikrlari bilan tanishtirgandik.

O‘zingizga ma’lum, uchrashuv nursiz durang – 0:0 hisobida yakunlandi.

O‘yindan so‘ng, yana Isoqjonovni suhbatga tortdik.

- Islom, mazkur bahsda “Navbahor”ga g‘alaba qozonish uchun nima yetishmadi?

- “Vodiy derbisi” o‘yinlari jamoalar turnir jadvalida qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo shiddatli, keskin kurashlar ostida o‘tadi. Yakunlangan bahs ham bundan mustasno bo‘lmadi, albatta.

“Andijon” ayni paytda turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan hamda autsayser bo‘lsa-da, uchrashuv “vodiy derbisi” maqomiga ega bo‘lganligi bois, mehmonlar bizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilishdi. Shunday bo‘lsa-da, uchrashuv davomida tashabbus asosan jamoamiz tarafida bo‘ldi. Biroq yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik. Shuningdek, omadimiz ham kelmadi. Natijada durang natijani qayd etdik.

- “Navbahor” so‘nggi 7ta o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Sizningcha, buning sababi nimada?

- Buning sababi, aytib o‘tganimdek, omadimizning kelmaganligida. So‘nggi, shu jumladan, “Andijon”ga qarshi kechgan bahsni ham qo‘shadigan bo‘lsak, oxirgi o‘yinlarda biroz omadimiz kelmayapti. Shuningdek, imkoniyatlardan foydalana olmaslik, so‘nggi daqiqalarda o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborishimiz ham pand bermoqda. O‘sha 7ta uchrashuvda ham maydonda barcha imkoniyatimizni ishga soldik, bor kuchimiz bilan harakat qildik. Lekin aytganimdek, jamoamizdan omad yuz o‘girdi.

Bundan tashqari, so‘nggi o‘yinlarda jamoadoshlarimning ayrimlari COVID – 19 kasalligiga ham chalinib, ushbu xastalikdan davolanishlariga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, bu ham o‘yinlarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

- Ayrimlar “Navbahor”ning so‘nggi o‘yinlardagi omadsizligini jamoadagi ichki muhit bilan bog‘lashmoqda va futbolchilarning o‘zaro munosabatlari ijobiy emasligini ta’kidlashmoqda. Bu haqda nima deya olasiz, ya’ni jamoada ichki muhit qanday?

- “Navbahor”da ichki muhit a’lo darajada. To‘g‘ri, jamoa g‘alaba qozona olmasa, turli bahonalar ko‘payadi. Ammo muxlislar xavotirlanishmasin, bizda hammasi joyida. Nasib qilsa, ushbu qiyin vaziyatdan chiqib ketamiz. Biz bir oilamiz. Barcha futbolchilar va murabbiylarning bir - birlariga munosabatlari a’lo darajada. Xuddi aka – ukadekmiz.
Shunchaki, aytib o‘tganimdek, so‘nggi o‘yinlarda jamoamizga omad yetishmayapti. Qolaversa, ta’kidlaganimdek, tarkibimizdagi ayrim futbolchilar koronavirusdan davolanishgani bois, tarkibda ham muammolar yuz berdi. Endi keyingi o‘yinlarda jamoamizda hammasi joyida ekanligini ijobiy natijalar bilan isbotlaymiz.

- Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Endi ushbu maqsadni jamoa O‘zbekiston kubogi sohibiga aylanish orqali amalga oshirishi mumkin, shundaymi?

- Superligada hali yana 10ta o‘yinimiz bor. O‘sha bahslarda maydonda barcha mahoratimizni ishga solgan holda, g‘alaba qozonsak, sovrindorlar safidan o‘rin olishimiz ham mumkin. Menimcha, hali milliy chempionatimiz o‘yinlarida ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatimiz bor. Faqatgina qolgan bahslarda ijobiy natijalarni qayd etishimiz lozim.
Shuningdek, ta’kidlaganingizdek, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan holda ham, OCHLda qatnashish huquqini qo‘lga kiritish mumkin. O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi final uchrashuvi jamoamiz uy o‘yinlarini o‘tkazadigan va biz uchun qadrdon bo‘lgan Namangandagi “Markaziy” stadionda o‘tkazilishi ham bizga motivasiya beradi.
Shuning uchun billur sovrin uchun bo‘ladigan bahslarda ham muvaffaqiyat qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.

- Muxlislarga tilaklaringiz...

- Fursatdan foydalanib, o‘zim va jamoamiz nomidan barcha ishqibozlardan qayd etilayotgan salbiy natijalar uchun uzr so‘rayman. Chunki muxlislar joriy mavsumda biz – futbolchilardan bundan ko‘prog‘ini kutishgandi. Shunday bo‘lsa-da hali hech narsa yo‘qotilmadi hamda qolgan o‘yinlarda zafar quchib, muxlislarni xursand etish, ular uzoq vaqt davomida orziqib kutishgan OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
Baxtimizga muxlislar doimo sog‘-salomat bo‘lishsin.

Ma’lumot uchun
Islombek Isoqjonov - 1993 yil, 29 aprelda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.
Futbol bilan 6 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiylari: Shuhrat va Xolmat Karimovlar.
To‘raqo‘rg‘ondagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatni tamomlagan.
Ampluasi: Yarim himoyachi.
Futbolchilik faoliyati davomida “Xotira-79” (Uychi), AGMK (Olmaliq), “So‘g‘diyona” (Jizzax), “Andijon” (Andijon), “Navbahor” (Namangan) va “Metallurg” (Bekobod) jamoalarida to‘p surgan.
2020 yildan yana “Navbahor”da.
Muxlislik qiladigan jamoasi: “Real” (Madrid, Ispaniya).
Havas qiladigan futbolchilari: Eden Azar (Belgiya terma jamoasi va “Real” klubi yarim himoyachisi), Neymar (Braziliya terma jamoasi va “PSJ” klubi hujumchisi) hamda Odil Ahmedov (O‘zbekiston terma jamoasi va Xitoyning “Tyanszin Teda” klubi yarim himoyachisi).
Oilali, bir farzandning otasi.

Manba: “Навбаҳор” ПФК матбуот хизмати.
Kiritildi: 22:40, 21.09.2020.
O'qildi: 2459 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.