Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Futbolchining xotini turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish uchun 1 million yevroga qotil yo‘lladi

Futbolchining xotini turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish uchun 1 million yevroga qotil yo‘lladi

Baho:
+ | -

Stadion.uz Turkiya terma jamoasining sobiq a’zosi Emre Ashik duch kelgan og‘ir vaziyat haqida fikr almashadi.

Emre Ashik Turkiya terma jamoasi tarixidagi eng sovrindor futbolchi sanaladi. Qahramonimiz 2002 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati va 2008 yilda tashkillashtirilgan Yevropa birinchiligida bronza medallariga ega chiqqan.

Qit’amizda bo‘lib o‘tgan mundialda ikkita uchrashuvda maydonga tushgan markaziy himoyachi 2008 yildagi qit’a birinchiligida jamoaning yetakchisiga aylangan. Uning klub miqyosidagi faoliyati ham ajoyib. Qahramonimiz turk grandlarning barchasida to‘p surgan. «Beshiktash», «Galatasaray» va «Fenerbahche» sharafini himoya qilgan himoyachi 2010 yilda o‘zining so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadi va butsalarini mixga iladi.

Qahramonimiz 8 yil avval Yagmur ismli model qizga uylanadi. Ushbu juftlik 8 yil davomida shirin hayot kechiradi va uchta farzandni dunyoga keltiradi. Tashqaridan chiroyli ko‘ringan oilani Yagmur ichkaridan yemirib boradi. Sobiq futbolchining turmush o‘rtog‘i xiyonat ko‘chasiga kirib qolganini payqab qolgan Emre sudga ajrashish to‘g‘risida ariza topshiradi.

Oila qurush oldidan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Yagmur 46 yoshli futbolchidan hech narsa undira olmasligi lozim edi. Yagmur hech narsasiz ko‘chada qolishni istamaydi va turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish rejasini tuzadi. Xiyonatkor ayol o‘z jazmani Erdi Sungurga bu vazifani yuklatadi. Erdi bu vazifani uddalay olmasligini anglagach, 10 million lira (1 million yevro) evaziga qotil yo‘llashga majbur bo‘ladi. E’tiborlisi shundaki, Yagmur va Erdi qotilga pul va to‘pponchani topshirib Emrening kun tartibini ham qog‘ozga ko‘chirib beradi. Bundan avval uch insonni o‘ldirishda ayblangan jinoyatchi katta pullar evaziga bu taklifga rozi bo‘ladi.

Hammasi Yagmurning rejasi asosida ketayotgan edi, biroq kutilmaganda ismi oshkor qilinmagan jinoyatchi o‘z fikridan qaytadi va voqeani Emre Ashikning o‘ziga ma’lum qiladi.

Sobiq futbolchi darrov qonun orqali o‘zini himoya qilishga qaror qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay uning turmush o‘rtog‘i va Erdi Sungur huquqni himoya qilish organlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Barchasi oydinlashgach, birinchi bo‘lib Erdi voqeaga izoh berishga qaror qildi:

«Men va Yagmur xiyonat ko‘chasiga kirib qoldik. U Emrening barcha pullari va merosini qo‘lga kiritish niyatida edi. Shu sababli, menga uni o‘ldirishim lozimligi aytdi. Ko‘p o‘tmay u menga to‘pponcha olib keldi va go‘sht bo‘lagiga o‘q uzishimni aytdi. Ochig‘i bu ish qo‘limdan kelmadi. Bundan uning jahli chiqdi.»,-deb iqtibos keltirmoqda Hurriyet Daily News nashri.

Ayni damda, ish sudga oshirilgan va Yagmur va Erdiga qasddan odam o‘ldirish aybi qo‘yilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Emre Ashik futbolchilik faoliyatini yakunlagach, o‘zini qurilish biznesiga urgan. U ayni damda, Turkiyadagi katta qurilish kompaniyalaridan birining egasi sanaladi.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 12:52, 30.09.2020.
O'qildi: 9156 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.