Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/06 00:00 Chexiya 1-2 Turkiya
27/06 00:00 Gruziya 2-0 Portugaliya
27/06 03:00 Ekvador 3-1 Yamayka
27/06 06:00 Venesuela 1-0 Meksika
27/06 20:00 Neftchi 1-1 Lokomotiv
27/06 20:00 Paxtakor 1-0 Bunyodkor
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay - Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona - Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum - OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya - Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay - Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya

Qozog‘iston futbolchisi Millatlar ligasi tarixiga kirdi - hafta sarhisobi raqamlarda

Qozog‘iston futbolchisi Millatlar ligasi tarixiga kirdi - hafta sarhisobi raqamlarda

Baho:
+ | -

Odatga ko‘ra, stadion.uz yakuniga yetgan hafta davomida sodir bo‘lgan diqqatga sazovor voqealarning raqamlar va statistikalarga bog‘liq jihatlarini e’tiboringizga havola etadi.

 

Lionel Messi (800)

Messi uchun o‘tgan hafta ikki xil tempda yakunlandi. Futbolchi garchi jamoasi bilan yaqin yillar ichidagi eng ashaddiy raqiblaridan biriga mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada, o‘sha kuni uning uchun eng muhim va o‘zgacha bahs bo‘lishi kutilayotgan edi. Leo "Atletiko"ga qarshi uchrashuvda o‘zining "Barselona"dagi yubiley 800-o‘yinini o‘tkazdi va klub afsonalari qatoridan joy oldi. Qizig‘i, ushbu bahslarning bir qanchasini o‘rtoqlik o‘yinlari ham tashkil etadi va argentinalik yulduzda rasmiy uchrashuvlar soni 742 ta. Bu borada klubning mutlaq rekordchisi Xaviga yetib olish uchun esa 26 ta o‘yin kerak bo‘ladi (768).

"Yuventus W" (600)

Ko‘pchilik bu kabi yuqori ko‘rsatkichni hozirgi "zebralar"ning alg‘ov-dalg‘ov kechayotgan o‘yinlari bilan tasavvur ham qilolmasa kerak. Aslida ham shunday. Bu natijalarning hammasi "Keksa sinyora"ning ayollar jamoasiga tegishli. Klub o‘tgan turda A Seriya doirasida "Bari" mehmoni bo‘ldi va yirik hisobda g‘alabaga erishdi (4:1). Ushbu g‘alabadan so‘ng turinliklar mag‘lubiyatsiz davom etib kelayotgan 600 kunlik yubiley seriyani yaratishdi. Klubning ichki chempionatdagi natijalari ham ayni paytda super ko‘rinishda, g‘alabali seriya - 8 bahs, 24 ochko. Eng qizig‘i bu yerda chempionlarni "Milan" ta’qib etayotgan bo‘lsa, erkaklar jamoasidagi "Yuventus" esa "rossonerilar"ortidan izma-iz borishmoqda. Ronaldu jamoasi o‘rnak olsa bo‘ladigan natijalar!

Manuel Noyer (96)

O‘tgan haftaning eng e’tiborga molik uchrashuvlaridan biri chorshanba kuni "La Korunya"da o‘tkazildi. Millatlar ligasining pley-offi uchun kurashayotgan Ispaniya va Germaniyaning oxirgi turda bahs olib borishi musobaqaga qaysidir ma’noda mantiqiy yakun yasashi ko‘zda tutilayotgan edi. Lekin muxlislar bahsning bu qadar sensasion tarzda o‘tishini kutishmagan bo‘lsalar kerak. Noyer va u boshliq jamoaning guruhda qolib ketishi bir voqelik bo‘lsa, mashhur posbonning o‘z darvozasidan javobsiz 6 ta to‘p o‘tkazib yuborishi ham boshqa bir voqelik edi aslida. Ularning ikkinchisi nemis kiperi uchun alamli antirekord hisoblanadi. Shuningdek uchrashuvda yana bir natija ham qayd etildi: Noyer terma jamoa tarkibida 96 ta o‘yinda maydonga tushib mashhur afsona Zepp Mayerni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Nemislar uchun atalmagan kunda ushbu kichik rekord Manuelga har qalay tasalli berib turdi.

Lion (80)

Ushbu qism ham ayollar futbolidan olinmoqda. Aksincha holatda, muxlislar bu yerda eng sara va shov-shuvli rekordlarning guvohiga aylanishyapti. Liga 1 ning o‘tgan turida markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. "Lion"ga qarshi bahs olib borgan parijliklar so‘nggi yillarning eng muhim g‘alabasini qo‘lga kiritishdi. Bahsning yagona goliga mualliflik qilgan Mariya Kontate jamoasini jadvalning 1-pog‘onasiga olib chiqishi bilan birga "Lion"ning 80 ta uchrashuvdan beri davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga ham barham berdi. Qayd etish kerakki, "sherlar" 2016-yildan beri taslim bo‘lish nimaligini bilmay kelishayotgan edi.

Aybol Abiken (54)

Qozog‘istonning UEFA Millatlar ligasidagi ishlariga havas qilib bo‘lmaydi. Terma jamoa guruhning eng so‘nggi pog‘onasidan joy olgan holda D ligaga ravona bo‘ldi. Lekin so‘nggi turda Albaniyaga mag‘lub bo‘lganlariga qaramay qozoqlarning bir a’zosi musobaqa tarixidan joy oldi. Aybol Abiken jamoasi gol o‘tkazib yuborgandan so‘ng, to‘pni markazdan boshlash o‘rniga birato‘la o‘sha nuqatadan darvozaga yo‘llab qo‘ya qolishga qaror qildi. Darvozabon esa o‘zining qo‘pol xatosi tufayli 54 metrdan gol o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Ushbu tezkor zarba agar o‘yin boshida amalga oshirilganida balki futbol tarixidagi eng tezkor gollardan biriga aylanishi ham mumkin edi.

Italiya (22)

Italiya asta-sekinlik bilan o‘zining avvalgi shonli davrlariga qaytmoqda. Uzoq davom etib kelgan avlodlar almashinuvi jarayonidan so‘ng, endi terma jamoada yosh va navqiron o‘yinchilar bilan to‘lib borayotgan tarkib shakklanyapti. Buni albatta, bosqichma-bosqich hujumkor formatga o‘tayotgan yangi A Seriya bilan ham bog‘lashimiz mumkin. Hozir jamoa Roberto Manchini qo‘l ostida Yevropadagi eng sermahsul natijalarni qayd etmoqda. Millatlar ligasi eng so‘nggi turi doirasida Bosniyani mag‘lub etgan "Skuadradzurra" musobaqaning "to‘rtlar finaliga" yo‘l oldi. Ushbu ishonchli g‘alabadan so‘ng Manchini shogirdlari o‘zlarining mag‘lubiyatsiz seriyalarini naq 22 taga yetkazib olishdi. Bu borada terma jamoa tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich Marchello Lippi davrida 2006 yillar oralig‘ida qayd etilgan (25). Rossiya mundialidan mossuvo bo‘lganlaridan so‘ng barcha fyuror ko‘tarib qaytuvchi Italiyani sog‘inib qolishgan bo‘lsa ajab emas.

Jovani Reyna (18)

Jovani Reyna AQSHda shakllanib kelayotgan "oltin" avlodning muhim vakillaridan biri hisoblanadi. Unda yaxshigina potensial mavjud va shu bilan birga Yevropaning grand jamoalaridan birida to‘p suradi. O‘zi maydonga tushayotgan deyarli har bir o‘yinida turli xil rekordlar qayd etayotgan futbolchi ketma-ket ikkinchi marta sahifamizdan joy olmoqda. O‘tgan hafta Panama bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan "yankichilar" raqiblari ustidan yirik hisobda g‘alabaga erishdilar (6:2). Uchrashuvda dubl qayd etgan Reyna terma jamoa tarixida gol urgan eng yosh 3-futbolchiga aylandi. U ushbu natijani 18 yosh, 3 kunlik ko‘rsatkich bilan qayd etgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich ham yana bir hozirgi avlod vakili Kristian Pulishichga tegishli (17 yosh, 253 kun).

Braziliya (4)

Braziliya katta mundiallar oldidan har doimgidek stabil formasida. Ayni damda JCH saralash bahslari bo‘lib o‘tayotgan Janubiy Amerikada jamoa muxlislar kutgan sermahsullikni namoyish etmoqda. "Pentakampionlar" so‘nggi turda Urugvayni ishonchli hisobda taslim etishdi va guruh bosqichidagi ketma-ket 4 ta bahsni ham g‘alaba bilan yakunlashning udassidan chiqishdi. Ushbu natija terma jamoaning 51 yillik tarixi davomidagi eng uzun qayd etilgan rekordi hisoblanadi. Bu borada saralashdagi eng yaxshi seriya 1970 yilgi Meksika mundiali uchun o‘tish bahslarida Pele va Tostao boshliq jamoada qo‘lga kiritilgan (6). Jahon futboli sahnasida qanchalik kuchli terma jamoalar paydo bo‘lmasin, Braziliya nomi baribir hech qachon eskirmas brend bo‘lib qolaveradi.

 

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi.

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 14:27, 23.11.2020.
O'qildi: 3930 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.