Antalya shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqaning birinchi kun bellashuvlari o‘z yakuniga yetib bormoqda. Quvonarlisi, ushbu kun dasturida hamyurtimiz Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lum qilganimizdek, yurtdoshimiz ushbu bosqichda ispaniyalik Estrella Lopesga qarshi tatamiga chiqdi. Yurtdoshimiz shu qadar katta shijoat bilan bahsni boshladiki, g‘alaba qozonish uchun unga 24 soniya kifoya qildi. Diyora o‘zining sevimli seoynage usuli bilan bir harakatning o‘zida oltin medal masalasini hal qildi.

Ushbu g‘alaba bilan Diyora Keldiyorova “Katta dubulg‘a” turnirlarida g‘alaba qozongan ilk dzyudochi qizimizga aylanmoqda. Shuning bilan u o‘z hisobiga jahon va Tokio Olimpiadasi reytingi uchun 1000 ochkoni ham qo‘shib qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchimiz va dzyudo oilasini bunday ahamiyatli g‘alaba bilan tabriklab, musobaqada ishtirok etadigan boshqa vakillarimizga ham omad va zafarlar tilab qoladi.