Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Iqtidor qayerga yo‘qoldi?

Iqtidor qayerga yo‘qoldi?

Baho:
+ | -

Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a va jahon chempionatlari ko‘plab iqtidorli futbolchilarni kashf etishi odatiy holga aylangan. Shuningdek, bunday yirik musobaqalarda o‘zlarini ko‘rsatgan futbolchilar keyinchalik katta futbolda kutilganidek o‘yin namoyish eta olishmaydi. Jahon futbolida bunday o‘yinchilarni ko‘p uchratish mumkin. Bundan tashqari, biror-bir klubda yalt etib porlab chiqadida, keyinchalik qanday porlagan bo‘lsa, shunday so‘nadi. Shu kabi futbolchilarga «Yangi Messi», «Yangi Ronaldu», «Yangi Pele», «Yangi Zidan»... deb nom berishadi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, u haqda hatto eshitmaysiz ham. Ibrohim Afelay, Ganso, Boyan Krkich, Federiko Makeda... bunday nomlarni davom ettirishimiz mumkin.

Albatta, jahon futbolida bo‘lgani kabi, o‘zbek futbolida ham bunday holatlar ko‘zga tashlanib turadi. Hozirgacha asosiy terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etolmadi. Ammo o‘smirlarimiz va yoshlarimiz buning uddasidan chiqishdi. Har bir musobaqada u yoki bu futbolchi o‘zini ko‘rsatib, muxlislarimiz uchun umid uyg‘otdi. Shu yoshlar katta bo‘lsa, milliy termamiz ham mundialda o‘ynaydi, deya umid qildik. Biroq turli yoshdagi jahon chempionatlarida qahramon bo‘lgan futbolchilarimiz, qisqa qilib aytganda, uzoqqa borishmadi.

O‘sha qahramonlarimizni hozir istasangiz, Pro liga yoki nari borsa, Superliganing o‘rtamiyona klublaridan topishingiz mumkin. Quyida umidlarimizni puchga chiqargan futbolchilarimiz haqida so‘z yuritamiz.

SHERZOD KARIMOV

2009 yili Misrda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Ahmad Ubaydullayevning asosiy quroli bo‘lgan Sherzod Karimovdan ko‘p narsa kutilgandi. Ammo u muxlislar kutganidek o‘yin namoyish qila olmadi. To‘g‘ri, «Paxtakor» safida ayrim o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatdi. Lekin Karimovga stabillik yetishmadi. Keyinchalik «Paxtakor» yarim himoyachini Xitoyning «Sindao Chjunnen» klubiga yarim yilga ijaraga berdi. Xitoyda ham omadi yurishmagan Sherzod yurtimizga qaytib keldi. «Paxtakor»dan so‘ng o‘z kuchini «Qizilqum», «Lokomotiv», «Navbahor», «Surxon» kabi jamoalarda sinab ko‘rgan Karimov hozir 32 yoshda va Pro liga vakili - «Neftchi» safida to‘p surmoqda.

KENJA TO‘RAYEV

Kenja To‘rayev ham Misrdagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. Keyinchalik Vadim Abramov boshchiligidagi Olimpiya termasida London—2012 yo‘llanmasi uchun kurash olib borgan. Olimpiyachilar safida ham Kenja yorqin o‘yinlari bilan esda qolgandi. Ammo shundan so‘ng milliy terma jamoa uyoqda tursin, klublarda ham o‘zini ko‘rsata olmadi. Hozirda 32 yoshni qarshilagan futbolchi faoliyati davomida «Nasaf», «Sho‘rtan» va «Mash’al» kabi klublarda to‘p surdi. Biroq aytarli natijalarni qayd eta olmadi.

BOBUR DAVLATOV

«Mash’al» tarbiyalanuvchisi hisoblangan Bobur Davlatovning ham kelajagi porloq deya e’tirof etilgandi. 2011 yili Meksikada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Bobur yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi. Aynan o‘sha musobaqadan so‘ng Davlatovning yorqin futbolchi bo‘lishi taxmin qilingan. Buning o‘rniga Davlatov Qozog‘iston va Rossiyaning quyi ligalarida to‘p surish bilan cheklandi. Uning hozirgi jamoasi «Nefteximik» Rossiya quyi ligasida faoliyat olib bormoqda.

SAN’AT SHIXOV

Faoliyati avvalida «Paxtakor» safida ancha mazmunli o‘yin ko‘rsatgan San’at ham ishonchni oqlay olmadi. Keyinchalik Shixov deyarli har yili jamoasini almashtiradigan bo‘ldi. 31 yoshli futbolchi «Paxtakor»dan keyin «Qizilqum», «Dinamo», «Navbahor», «Buxoro», AGMK va «So‘g‘diyona» singari jamoalarda to‘p surib, kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi.

JASUR HASANOV

«Navbahor» va «Bunyodkor»dagi yorqin o‘yinlari bilan iz qoldirgan Jasur Hasanovning adashi bo‘lgan buxorolik Jasur Hasanovdan ham mazmunli o‘yinlar kutilgandi. Lekin «Buxoro», «Qizilqum», «Lokomotiv», «Neft­chi», «Metallurg», «Qo‘qon-1921», «Dinamo» kabi jamoalar sharafini himoya qilgan Jasur katta Hasanovdek bo‘la olmadi.

OYBEK QILICHEV

«Paxtakor» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Oybek Qilichevni Odil Ahmedovga o‘rinbosar sifatida ko‘rilgandi. Avvaliga ancha yaxshi o‘ynagan Oybek baribir, yakunda taxminlarni oqlamadi. Hattoki, BAA va Eron chempionatlarida ham o‘ynashga ulgurdi. Ammo xorijdan qaytganidan so‘ng Oybek deyarli hech bir jamoada barqaror o‘ynab ketolmadi. O‘zbekistonda «Navbahor», «Andijon», AGMK va «Lokomotiv» jamoalarida o‘ynagan 32 yoshli futbolchi ayni payt «Qizilqum» sharafini himoya qilmoqda.

IVAN NAGAYEV

Maksim Shaskixdan so‘ng yuqori saviyali hujumchiga yolchimayotgan O‘zbekiston terma jamoasi, muxlislar Ivan Nagayevga umid bog‘lashgandi. Chunki bunga asoslar ham bor edi. 2009 yili Misrda ancha mazmunli o‘yin namoyish qilgan Nagayev keyinchalik ishonchni oqlamadi. Tezkor va texnikasi yuqori bo‘lgan hujumchi shu vaqtga qadar «Nasaf», «Metallurg», «Navbahor», «Bunyodkor», «Dinamo», «Lokomotiv», «Al-Qodisiya» (Quvayt), «Buxoro», «Ordabasi» (Qozog‘iston), «Qizilqum» va «So‘g‘diyona» kabi jamoalarda to‘p surdi. Yuqoridagi jamoalarning hech birida o‘ynab keta olmagan Ivan hozirda yana Bekobod jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

TIMUR HAKIMOV

2010 yilda Toshkentda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va 2011 yilda Meksika mezbonlik qilgan mundialda porlagan Timur Hakimov va undan kutilgan natijalar haqida yaxshisi gapirmagan ma’qul. 26 yoshni qarshi olgan Timur 16-17 yoshida butun O‘zbekistonga tanilib bo‘lgandi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, uning o‘yini chiqmay qoldi.

Hakimovning o‘zi intervyularining birida bunga quyidagicha izoh bergandi: «Men o‘sha paytlari chindan ham yulduzlik kasaliga uchragandim. Ko‘cha-ko‘yda sizni hamma taniydi. Odamlar doim maqtaydi. O‘zimni boshqacha his qilardim. Lekin hech qachon besabab birorta mashg‘ulotni o‘tkazib yubormaganman. O‘shanda ancha yosh edim va hamma tanigani uchunmi, o‘zimni zo‘r futbolchi bo‘ldim, deb hisoblardim. Afsus, xato qilgan ekanman. Yosh edim, mashinam bor edi, terma jamoada o‘ynardim, o‘zimcha osmonlarda yurardim. Meni chetga jo‘natishadi, deb o‘ylardim va shunday bo‘lishiga bir bahya qolgandi. Ammo Samvel Babayan meni qo‘yib yubormagan va shunga yarasha bu yerda ham o‘ynatmagan. Ko‘p vaqtimni o‘rinbosarlar safida o‘tkazdim. «Paxtakor»ning asosiy tarkibida faqat 45 daqiqa to‘p surganim esimda, qolgan o‘yinlarda esa 3-4 daqiqa o‘ynaganman. Endi 3-4 daqiqa o‘ynab, qanaqasiga shakllanish mumkin?».Timur ham O‘zbekistonning ko‘plab klublaridagi faoliyati bilan «maqtana» oladi. Bular orasida «Paxtakor»dan tashqari «Andijon», «Oq-tepa», «So‘g‘diyona», «Obod», «Neftchi», «Qo‘qon-1912» va «Dinamo» kabi klublar bor.

ABBOS MAXSTALIYEV

Abbos Maxstaliyevga nisbatan ham Timur Hakimovga berilgan ta’riflarni qo‘llash mumkin. Bu ikki futbolchi tandemi o‘z davrida shu darajada porlagandiki, ularning ovozasi butun Osiyoni «titratgandi». Maxstaliyevga hatto bir vaqtlari Fransiya klublaridan ham qiziqish bo‘lgandi. Ammo Abbos ham so‘nish borasida Timurdan aslo qolishmadi. Asta-sekinlik bilan oddiy o‘yinchiga aylanib qolgan Maxstaliyev «Paxtakor», «Navbahor», «Neftchi», «Surxon» va «Yangiyer» kabi jamoalarda harakat qildi. Hozirda u Farg‘onaning «Istiqlol» klubi ixtiyorida bo‘lib turibdi.

JA’FARALI tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:53, 12.04.2021.
O'qildi: 4659 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.