Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/05 00:00 Strasbur 2-1 Mets
13/05 00:00 Klermon 0-1 Lion
13/05 00:00 Nant 1-2 Lill
13/05 00:00 Monpelye 0-2 Monako
13/05 00:00 PSJ 1-3 Tuluza
13/05 00:00 Renn 1-1 Lans
13/05 00:00 Marsel 3-1 Loryan
13/05 00:00 Betis 3-2 Almeriya
13/05 19:00 Surxon 1-1 Dinamo
13/05 19:00 Nasaf 0-0 Bunyodkor
13/05 21:30 Lechche 0-2 Udineze
13/05 23:45 Fiorentina 2-1 Monsa
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv - OKMK
14/05 22:30 Osasuna - Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem - Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid - Alaves
15/05 01:00 Jirona - Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ

Taqdir: Qochoqlar konteynernidan YECHL shohsupasiga

Taqdir: Qochoqlar konteynernidan YECHL shohsupasiga

Baho:
+ | -

Alfonso Devis - YECHL kubogini boshi uzra baland ko‘targan kanadalik dastlabki futbolchi! "Bavariya" topilmasi o‘tgan yili chinakamiga yog‘du sochib, xokkey vatani hisoblanmish jonajon yurtini fuqarolari "shalpangquloq" sovrin sohibiga aylangan mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydi. Qolaversa, Devis hozirda o‘ta shiddatli taraqqiyotga erishgan himoyachilar safida bormoqda.

***

Uzoq Kanadadan jalb etilgan notanish yigitcha qisqa vaqt ichida Diter-Xans Flik tomonidan shakl­lantirilgan "Bavariya"da o‘z o‘rnini topdi, ishonchli jangchilar qatoridan joy oldi. U shuning barobarida ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va tashabbuskorligi bilan hattoki, futbolga umuman qiziqmaydigan kishilar e’tiborini ham tortdi. Umuman olganda, Devis faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatni o‘tgan mavsum nishonladi, "Bavariya"ning "trebl" qayd etishiga ulkan hissa qo‘shgan holda, albatta. 20 yoshli vunderkindga oid ayrim qiziqarli faktlarga e’tibor qarating:

1. Kanadalik himoyachi 2020 yilning iyul oyida Germaniya chem­pio­natida tezlik sur’ati bo‘yicha rekord o‘rnatdi. U 32-turdan o‘rin olgan "Verder"ga qarshi uchrashuv (1:0)da 36,51 kilometr|soatga teng tezlik qayd etdi.

2.  2020 yilning noyabr oyida CIES Football Observatory sport tadqiqotlari xalqaro markazi Alfonsoni dunyoning eng yaxshi yosh futbolchisi (21 yoshgacha) sifatida tan oldi.

3.  Alfonso Devis - Kanada milliy jamoasi tarixida gol urgan eng yosh futbolchi.

4.  Devis - UYEFA talqini bo‘yicha tuzilgan Yevropaning 2020 yilgi ramziy terma jamoasi a’zosi.

5.  Kanadalik himoyachi EA Sports talqinidagi FIFA 21 terma jamoasi tarkibidan ham joy oldi.

Bu faktlarga qaragan kishi beixtiyor yosh futbolchi muvaffaqiyat yo‘liga yengilgina o‘tganini o‘ylashi mumkin. Biroq ko‘pchilik Alfonso ne-ne qiyinchilik chiyrig‘idan o‘tib kelganini bilmasa kerak.

***

Oila boshliqlari - Debea va Viktoriya Devis farzandlari tug‘ilishidan oldin Liberiyada fuqarolar urushini boshdan kechirishadi. Kanada milliy jamoasining bo‘lajak yulduzi Alfonso esa Shimoliy Amerikadan ancha olisda - Ganadagi qochoqlar lagerida tavallud topadi. U professional futbolda debyut qilganidan keyingina o‘sha qo‘rqinchli davr tarixidan to‘liq xabardor bo‘ladi. "Farzandlarim bilan chinakamiga faxrlanaman. Ba’zan qochoqlar lagerida yegulik va kiyim-kechaksiz kun ko‘rganimiz ko‘z oldimga keladi. Xayriyatki, endi hech kamchiligimiz yo‘q, barcha shart-sharoitlarga egamiz", - degandi Alfonso Devis haqida olingan Becoming Canadian: The Alphonso Davies Story hujjatli filmida suratga tushgan mushtipar ona Viktoriya ko‘z yoshlarini tiyolmagan holda...

***

Futbolchining ota-onasi Liberiya poytaxti - Monroviyada tug‘ilib-ulg‘ayishgan. 1999 yili u yerda navbatdagi fuqarolar urushi boshlanadi. Turli manbalarda keltirilishicha, 4 yil davom etgan urush 150000dan 300000gacha kishi hayotiga zomin bo‘lgan. "Juda og‘ir va dahshatli davr. Biror joyga borib-kelish uchun ko‘pincha cho‘zilib yotgan murdalar orasidan yurishga to‘g‘ri kelardi. Odamlar faqat qurol yordami bilan jon saqlab qolishgan. Biz esa urushni istamadik va ko‘chib ketishga qaror qildik", - deyishgandi Debea va Viktoriya o‘sha yillarni eslab.

***

Devislar o‘n minglab liberiyaliklar qatori Gana poytaxti - Akkradan 44 chaqirim uzoqlikda joylashgan Buduburam qochoqlar lageridan qo‘nim topishadi. Debea Devisning aytishicha, otishmalar ovozining yo‘qligi Ganadagi hayotning yagona ustun tomoni edi: "Suv, ozuqa va kerakli jihozlar uchun pul talab etilardi. Lager hayoti - oilamiz uchun jiddiy sinov. Qanchadan-qancha odam ochlik ortidan halok bo‘ldi. Ha, Gana nisbatan xavfsiz edi. Lekin lagerdagi yotog‘imiz yopiq konteynerni eslatardi. Qolaversa, lager hududidan chetga chiqish taqiqlab qo‘yilgandi".

***

Bo‘lajak futbolchi aynan Buduburamdagi konteynersifat yotoqda dunyoga keladi. Alfonso 5 yoshga to‘lgach, otasi qochoqlarni qaytadan joylashtirish dasturiga muvofiq, Kanadaga ko‘chib ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Barcha suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Devislar oilasi shu asnoda 2006 yili Edmonton shahriga yo‘l oladi. Butun Kanadada bo‘lgani kabi Edmontonda ham asosan xokkey bilan nafas olishsada, Debea o‘g‘lini futbol seksiyasiga topshiradi. Butsa va sport formasi sotib olishga puli yo‘q Devislarga kam ta’minlangan va nochor oilalarga moddiy ko‘mak beruvchi Free Footie tashkiloti yordami juda asqotadi. Alfonso shu ko‘mak bilan o‘zi yoqtirgan sport turi bilan shug‘ullana boshlaydi. Devis tahsil olgan maktabda uning bolalar miqyosidagi turli musobaqalarda qo‘lga kiritgan dastlabki sovrinlariyu, suratlari hamon saqlanmoqda. "Ota-onasi doimo ish bilan band bo‘lishgan, 10 yoshli Alfonso esa ukasi va singlisi uchun mas’ul edi. Tengdoshlari videoo‘yinlarga sho‘ng‘igan pallada u ukalariga ovqat tayyorlardi, ularga qarardi", - deya xotirlaydi "Edmonton Straykers" klubida Alfonsoga saboq bergan murabbiy Nik Xusey.

***

Murabbiylar Devisning mehnatsevarligi, yetakchilik va jamoa uchun o‘ynash  xususiyatini erta kunda payqaydilar. Yil sayin mahoratini oshirib borgan yigitcha 14 yoshida "Vankuver Uaytkeps" skautlari e’tiboriga tushadi. Yakunda Alfonso UCL (United Soccer League) klubi bilan professional shartnoma tuzgan eng yosh futbolchiga aylanadi. "Albatta, Alfonsoni Vankuverga yolg‘iz qo‘yib yuborishni istamagandim. O‘g‘lim bezori bolalarga qo‘shilmaslik va tez orada biz faxrlanadigan yigit bo‘lishga va’da bergach, safariga qarshilik qilmadim" - bu ham futbolchining onasi xotirasidan iqtibos. Devis darhaqiqat, o‘z so‘zi ustidan chiqadi - 1 yildan kamroq vaqt ichida "Vankuver Uayt­keps"ning MLSda ishtirok etadigan asosiy jamoasida qanot hujumchisi pozisiyasini egallaydi. "Alfonso tengdoshlari orasida yaqqol ajralib turardi. Qo‘shimchasiga, o‘ta kamtar yigit edi, doimo kulib turardi", - deya xotirlaydi "Vankuver" akademiyasi texnik direktori Kreyg Dalriml.

***

Devis "Vankuver" libosida KONKAKAF CHL turnirida gol urganidan keyin esa,  Yevropaning nomdor klublari ham unga nazar sola boshladi. Avvaliga "MYU" yigitchani o‘z tomoniga og‘dirishga juda yaqin keldi. Biroq kelishuv amalga oshmadi. Keyinchalik Rossiya klublari qiziqishi ham samara bermadi va Devis "Vankuver"da qoldi. Jamoadagi 3 mavsum davomida 60tadan ko‘proq o‘yinda maydonga tushgan asli afrikalik futbolchi shu asnoda Kanada fuqaroligini qabul qildi va KONKAKAF miqyosidagi "Oltin kubok"-2017 turnirida qatnashdi. Xususan, milliy jamoadagi debyutini Fransiya Gvianasi termasiga qarshi kechgan o‘yinda nishonlab, buni "dubl" bilan bezadi. Alfonso keyingi bahsda Kosta-Rika termasi darvozasiga ham gol urdi va turnirni eng yaxshi yosh futbolchi sifatida yakunladi.

***

Devis 2018 yilning avgustida MLS yulduzlari terma jamoasi tarkibiga kirdi va "Yuventus"ga qarshi kechgan ko‘rgazmali bellashuvda maydonga tushdi. O‘sha pallada 18 yoshli iqtidorning yanvarda "Bavariya" libosini kiyishi ma’lum bo‘ldi (MLS uchun rekord summa - 10 mln. yevro evaziga). "Aryen Robben bilan kiyinish xonasida uchrashganimda, hayratdan dong qotib qoldim: "I-e, bu 2013 yili dunyoning eng yaxshi futbolchi maqomini olishga to‘la haqli bo‘lgan kumirim-ku!" Barchasi tush emas, haqiqatligini, kompyuter o‘yinlarida hamisha men jamoamga oladigan Robert Levandovski bilan gaplashayotganimni anglash - qanday ajo­yib", - degandi Devisning o‘zi.

***

Alfonso muvaffaqiyatga osonlikcha erishgani yo‘q. Kanadalik yigit Niko Kovach rahbarligidagi yarim yil ichida "Bavariya II"da gollar urishiga qaramay, asosiy jamoada 90 daqiqadan kamroq o‘ynadi, xolos. Xans-Diter Flik kelganidan keyingina Devis chinakam imkoniyatga ega bo‘ldi. Murabbiy kanadalikning tezligi va chaqqonligini hisobga olib, unga chap qanot himoyasini topshirdi. Muhimi, futbolchi yangi rolga tezda moslashdi va David Alaba maslahatlariga rioya qilgan holda, mislsiz o‘sishga erishdi. "Bavariya" "trebl"ni rasmiylashtirgan, himoyachi o‘z yurtida yulduz darajasiga chiqib, qimmatbaho futbolchilar safidan joy olgan bo‘lsada, u o‘z o‘tmishi va ota-onasi bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lni unutgan emas. Deylik, Alfonso pandemiya davrida muhtojlarga ko‘maklashish masalasiga befarq qaramadi. U jumladan, hukumat tomonidan joriy etilgan "Birgalikda tahsil olamiz" dasturining faol ishtirokchiga aylandi. Bu loyiha Kanadada qochoqlarga sifatli ta’lim berish bilan shug‘ullanadi. Aytgancha, Devis shu yil mart­da BMTning qochoqlar masalasi bo‘yicha "Yaxshi niyat elchisi" maqomiga loyiq ko‘rildi.

So‘z

- Qochoqlik nima ekanligini bilaman, bu qismat hayotimning bir qismi. Endi o‘z tajribamni boshqalar bilan baham ko‘rish imkoniyatiga egaman. Bunday mas’uliyat har kuni odamlar bilan muloqot qilishga undaydi. Boshqalarga o‘rnak ko‘rsatib, ularda kelajakka umid uyg‘otishni istayman. Ishonch va intilish bilan har qanday muammoni hal etish mumkin. Mening tarixim ko‘pchilik hayotini izga tushirib yuborishiga ishonaman. O‘tmishimni unutmaganim hamisha astoydil ishlashga undaydiAlfonso Devis ("Bavariya" himoyachisi).

O.ATABOYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:00, 06.05.2021.
O'qildi: 7027 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.