2007 yilning yozida Finlyandiya va Belgiya milliy jamoalari Yevro-2008 saralashi doirasida o‘zaro kuch sinashdi. O‘yinning 19-daqiqasida hakam harakatni to‘xtatib qo‘ydi. Sabab - maydon atrofiga boyqush uchib kelgandi. U ma’lum muddat hamma-hammani o‘ziga qaratdi: avvaliga Belgiya termasi darvozasi to‘siniga qo‘ndi, keyin aylana shaklida uchib, finlyandiyaliklar darvozasi ustidan qo‘nim topdi. 6 daqiqa davom etgan «qush tomoshasi» payti hakamlar ham, futbolchilar ham nima qilishni bilmay, jimgina kuzatishdi. Boyaqish boyqush bu orada o‘z o‘rnini ikki marta o‘zgartirdi, ammo maydonda qoldi. Muhimi, kutilmagan «mehmon»ning ushbu tryuklari stadionda hozir bo‘lganlarga juda yoqdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, muxlislar boyqushni baralla olqishlashga tushdilar: «Bubi! Bubi!» Yakunda qush bosh hakam tepasidan aylanib uchib, stadion xodimlari tepasidan ham o‘tdi va operator orqasidagi joyga qo‘ndi. Shu tariqa o‘yin qayta jonlandi.
Qiziq, muxlislar boyqushni nima uchun «Bubi» iborasi bilan erkalashgan? Aslida stadionga uchib kelgan boyqush turi lotin tilida shunday nomlanadi, ammo muxlislar boshqa sabab tufayli «Bubi» atamasidan foydalanishgan. Gap shundaki, qush sharhlovchilarga ajratilgan joyga ham qo‘ngandi. O‘sha kuni u yerda aynan «Bubi» laqabi bilan tanilgan finlyandiyalik eng mashhur sharhlovchi Bror-Erik Valenius ishlagandi. Yana bir tomoni, 6 daqiqalik tanaffusdan keyin jamoalar o‘yinni davom ettirganida ham, boyqush stadion hududidan chiqib ketmadi. U Finlyandiya termasining birinchi goliga qadar arena ichida qoldi. Qush shundan keyingina uchib ketdi va finnlar qolgan daqiqalarda yana bir gol urishdi. Yakunda jamoaning Yevro-2008 final raundiga chiqishiga atigi 3 ochko yetishmadi: Finlyandiya termasi turnir jadvalida Polsha, Portugaliya va Serbiya jamoalaridan pastga joylashdi. Belgiya termasi esa o‘shanda guruhda atigi 5-o‘rinni band etgandi.
O‘yindan keyin belgiyaliklar boyqush parvozi ortidan yuzaga kelgan tanaffus o‘yinga katta ta’sir ko‘rsatganini aytishdi. Finlyandiya terma jamoasining o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Roy Xojson ham boyqush o‘yin yo‘nalishini butkul o‘zgartirib yuborganini tan oldi. Lekin eng muhimi, finlyandiyaliklar shu boyqushni milliy jamoaning yangi ramzi sifatida tan olishdi. Keyinchalik terma jamoaga «Bubi» sharafiga laqab berildi. Aniqrog‘i, OAVda Finlyandiya terma jamoasiga nisbatan «boyqushlar» laqabini ishlatish odatga aylandi. Oradan 1 yil o‘tgach, hattoki, UYEFA rasmiy saytida ham «Bubi» bilan yuzaga kelgan voqea haqida alohida maqola yozildi. Finlyandiya Jurnalistlari uyushmasi esa hammadan o‘tib tushib, boyqushni Xelsinkining 2007 yildagi asosiy personaji sifatida e’tirof etdi.
Endi barcha ijtimoiy tarmoqlarda Finlyandiya terma jamoasiga nisbatan «Boyqushlar» (Huuhkajat) laqabi ishlatilmoqda. Masalan, Skandinaviya jamoasining «Tvitter»dagi rasmiy sahifasi ham boyqush tasviri bilan bezatilgan. Ornitologlar (qushshunoslar)ning kuzatuvlariga qaraganda, o‘yin vaqti hammani o‘ziga qaratgan boyqush stadion yoniga 2006 yilning kuzida joylashgan. U odatda kunduzi stadion atrofida parvoz qiladi, kechasi shu atroflardan yemish qidiradi. Umuman olganda, statistikaga ko‘ra, yangi asrning dastlabki yillarida Xelsinki va uning atrofida boyqush hamda boyo‘g‘li soni ko‘paygan. Bu Finlyandiya poytaxtida quyonlar miqdori keskin oshgani bilan bog‘liq. Ornitologlarning ta’kidlashlaricha, ushbu jonivor - boyqushlar uchun ideal ovqat.
Qiziq, boyqushning futbolga takroriy tashrifi kuzatilganmi? Hozircha yo‘q. Finlyandiya Xavfsizlik xizmati o‘tgan yili kuzda Polsha termasiga qarshi kechgan o‘yin arafasida agar shunga o‘xshash holat yana kuzatilsa, qush baland tovush vositasida qo‘rqitilishini ma’lum qilgandi: «Agar ovoz yordam bermasa, unda soqchilar «Bubi»ni to‘r yordamida ushlashga urinib ko‘rishadi». Ha, boyqush Xelsinki shahridagi «Olimpiya» stadionida yana bir necha marta ko‘rinish berdi, ammo futbol o‘yiniga boshqa xalaqit qilgani yo‘q.
Finlyandiya termasiga doir ayrim faktlar
*** Terma jamoaning Yevro-2020ga bergan «zayavkasi»da sof ruscha familiyali futbolchi bor - Robert Ivanov. Asli rossiyalik himoyachi otasi o‘limini og‘ir qabul qilgan, harbiy xizmatni o‘tagan va bobosi xotirasiga badaniga sher suratini chizdirgan.
*** Finlyandiya milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta katta turnirga chiqdi. Finnlar bunga qadar Roy Xojson va Yari Litmanen bilan ham Yevropa yoki jahon chempionatiga yo‘llanma ololmagandilar.
D.ALIMOV tayyorladi













