Dunyoda shunday futbolchilar borki, ular bir klubda to‘p surib, katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Ammo kun kelib, o‘sha klubini tark etadi va bir muddat boshqa joyda faoliyat yuritgach, yana eski jamoasiga qaytadi. Buni qarangki, ikkinchi marta ham o‘z jamoasida katta zafarlar qozonadi. Biz quyida ana shunday futbolchilar o‘ntaligini e’tiboringizga havola etamiz.
10. Diyego Milito («Reysing», 1999-2003 hamda 2014-2016 yillar)
Militoning martabasi «Reysing» klubida juda baland bo‘lgan. Ushbu klubni tark etganidan keyin Yevropada katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Xususan, «Inter» bilan 2010 yilda dunyoning eng yaxshi hujumchisiga aylanadi. 2014 yilda yana «Reysing» jamoasiga qaytadi va o‘z klubini mamlakat chempioniga yana bir bor aylantiradi.
9. Adrey Shevchenko («Dinamo Kiyev», 1993-1999 hamda 2009-2012 yillar)
Ukrainalik yulduz Shevchenko orada «Milan»dagi omadsiz yillaridan so‘ng, o‘z klubiga qaytishdan uyalmadi. 1999 yilda «Barselona»ga uchta gol urgandan keyin o‘n yil o‘tib, o‘zi yuksalgan jonajon klubiga qaytadi. U yana uch yil poytaxt jamoasida samarali faoliyat olib borganidan so‘ng, futbol bilan xayrlashgan.
8. Nemanya Matich («Chelsi», 2009-2011 hamda 2014-2017 yillar)
Serbiya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan futbolchi 2009 yilda London klubi bilan shartnoma imzolaydi. U yerda porlashiga barcha imkoniyatlar bor edi. Ammo ikki yil o‘tgach, «Benfika»ga yo‘l oladi. «Arsitokratlar»ga 2014 yilda qayta qo‘shilgach, uch yil ichida ikki bor Angliya chempioni nomiga sazovor bo‘ladi. U asosan klubning asosiy tarkibida maydonga tushar edi.
7. Jerard Pike («Barselona», 1997-2004 hamda 2008 yildan hozirga qadar)
Pike nafaqat «Barselona»ning, balki butun Ispaniyaning faxridir. O‘smir paytidayoq klubning asosiy tarkibida maydonga tushirilgan himoyachini, hamma hurmat qiladi. To‘rt yillik boshqa yurtdagi faoliyatidan so‘ng u yana jonajon klubiga qaytadi va hozirga qadar ajoyib o‘yinlari bilan muxlislarni mehrini qozonib kelmoqda. U ko‘p titullar sohibiga aylangan «Barsa»ning kamsonli o‘yinchilari ro‘yxatidan joy olgan.
6. Devid Luiz («Chelsi», 2011-2014 hamda 2016-2019 yillar)
Bu yerda qizig‘i shundaki, Matichni 2011 yilda «Benfika»ga sotib yuborilishi, Luiz transferini amalga oshishiga sabab bo‘lgan. Braziliyalik himoyachi «Stenford Brij»da tinimsiz mehnat qilib, muxlislar mehrini qozonadi. Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangach, 2014 yilda dunyodagi eng qimmat himoychi sifatida «PSJ»ga yo‘l oladi va ko‘p o‘tmay 2016 yilda yana Londonga qaytadi. Shundan so‘ng ham ajoyib o‘yinlari bilan 2017 yilda Premiyer liga g‘olibiga aylanadi.
5. Juninyo Paulista («Midlsbro», 1995-97 hamda 1999-2000, shuningdek, 2002-2004 yillar)
Angliyaning shimoli-sharqidagi shaharda joylashgan klubning o‘ziga yarasha sevimlilari bor. Shulardan biri, braziliyalik Paulistadir. U 1995 yilda «Midlsbro» bilan shartnoma imzolagach, yaxshi o‘yinlar o‘tkazadi. Ikki yildan keyin ko‘zga ko‘rinib qolgan hujumchi «Atletiko» tomon ravona bo‘lgan. 1999 yilda Angliyaga jarohatlar sabab ijaraga keladi. 2002 yilda esa doimiy shartnoma bilan qaytgan Juninyo jonajon klubiga Liga kubogi bahslarida g‘oliblikni taqdim etadi.
4. Karlos Tevez («Boka Xuniors», 2001-2004, 2015-2016 hamda 2018-2021 yillar)
Argentina terma jamoasining sobiq hujumchisi, fantastik futbolchi Tevez o‘z mamlakatiga qattiq bog‘langan edi. U «Boka Xuniors»da takomilga yetgach, 2004 yilda u yerni tark etadi. Yevropaning top klublarida o‘ynab, 2015 yilda yana sevimli klubi safiga qaytgan. Bir muddatdan so‘ng Xitoyga yo‘l olgan faxriy o‘yinchini yana o‘z klubi qaytarib oladi. 2021 yilgacha klubi bilan bir qancha sovrinlar jamg‘arishga erishgan hujumchiga muxlislarning hurmati cheksiz.
3. Pol Pogba («MYU», 2011-12 hamda 2016 yildan hozirga qadar)
Pogba dastlab afsonaviy klub «Manchester Yunayted» safida ko‘p qolmadi. 2012 yilda erkin agent sifatida «Yuventus»ga o‘tgan fransiyalikni yana qaytarib olishdi. 2016 yilda rekord summa evaziga Pogba yana «mankunyanliklar»safiga qaytadi va ajoyib o‘yinlari bilan barchani e’tiborini qozonadi. U hali-hamon o‘zining darajasida o‘yin ko‘rsatmoqda.
2. Terri Anri («Arsenal», 1999-2007 hamda 2012 yillar)
Deyarli 10 yilga yaqin vaqt davomida yuqori darajadagi ajoyib o‘yini, mamlakat chempionliklari, kubok g‘alabalari va gollar shodasini taqdim etgan fransuz hujumchisi 2007 yilda «Barselona»ga transfer bo‘ladi. U yerda bir necha yil faoliyatidan so‘ng u yana Angliyaga, «Arsenal» tarkibiga qaytib, muxlislarni xursand qiluvchi o‘yinlar ko‘rsatadi.
1. Dide Drogba («Chelsi», 2004-2012 hamda 2014-2016 yillar)
2000 yillar oxirida aql bovar qilmas o‘yinlari va gollari bilan barchani hayron qoldirgan Drogba bir necha sovrinlarga, xususan YCHL bosh sovrini qo‘lga kiritib, 2012 yilda Xitoyga yo‘l oladi. Ammo ko‘p o‘tmay, 2014 yilda «Chelsi»ga qaytish qilgan afrikalik iste’dod egasi ushbu jamoa bilan yana bir mamlakat chempionligini nishonlashga muvaffaq bo‘ladi.
Ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi