Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini endi Pavel Xan boshqaradi. Bu haqida assosiasiyaning Tokio-2020 yakunlari va yangi strategik rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi raisi Sherzod Tashmatov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, shuningdek, assosiasiya mutasaddilari va murabbiylari ishtirok etishdi.
Dastavval assosiasiyaning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan faoliyati sarhisob qilindi. Sherzod Tashmatov Olimpiada yakunidan keyin sportchilarning ishtiroki chuqur tahlil qilingani, shundan so‘ng terma jamoada bosh murabbiy o‘zgarganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, endilikda Pavel Xan bosh murabbiy, Aleksandr Kim esa maslahatchi trener sifatida faoliyat olib boradi.
Terma jamoaning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik strategiyasi bilan Sherzod Tashmatov hamda Pavel Xan aniq va tushunarli qilib gapirib berishdi. Unga ko‘ra, ichki chempionat yakuniga yetgach terma jamoa tarkibi yana bir bor shakllantirib olinadi va har bir Olimpiya vazn toifasida 2 nafardan sportchi tayyorlab boriladi. Ayollar jamoasiga esa janubiy koreyalik murabbiy jalb etilishi rejalashtirilayotgani aytildi.
Taqdimotda oldinda turgan kompleks musobaqalarga tayyorgarlikdan tashqari ushbu sport turi ommaviyligini yanada oshirish, jumladan, yurtimizda taekvondo bilan shug‘ullanuvchilar sonini 25 ming nafardan ko‘paytirish, viloyatlardagi moddiy-texnik bazani yaxshilash, xalqaro musobaqalar orqali nafaqat sportchi, balki murabbiy va hakamlarning ham saviyasini kuchaytirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.