Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

“Biroz xalqaro tajriba va omad yetishmadi”. Futbolchi qizlar Toshkentda o‘tgan saralash o‘yinlari haqida

“Biroz xalqaro tajriba va omad yetishmadi”. Futbolchi qizlar Toshkentda o‘tgan saralash o‘yinlari haqida

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, 17-25 sentyabr kunlari poytaxtimizning “Bunyodkor”, “Paxtakor” va “Jar” stadionlarida ayollar futboli bo‘yicha Osiyo kubogi saralash o‘yinlarining “E”, “F” va “G” guruhlari baxslari bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda o‘tgan saralash o‘yinlarida “F” guruhida Gonkong va Nepal termalarini ortda qoldirgan Filippin, “G” guruhida Iordaniya va Bangladesh termalaridan ustunlik qilgan Eron termalari final bosqich yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishdi. “E” guruhida ikki kuchli jamoa da’vogarlik qildi – Janubiy Koreya va O‘zbekiston.

Har ikkala terma jamoa Mo‘g‘uliston termasini bir xil – 12:0 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratishdi. Biroq hal qiluvchi o‘yinda kutilmagan natija qayd etildi. O‘yinning dastlabki o‘n besh daqiqasi haqiqatdan ham teng kurashlar ostida kechayotgandi. Futbolchi qizlarimiz o‘z darvozasini nishonga olib qo‘yishdi. Shundan so‘ng raqib jamoa tashabbusi ortib bordi. Yakunda esa koreyaliklar yirik hisobda zafar quchib, Osiyo kubogining final bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Xo‘sh, nima uchun biz kutgan natija qayd etilmadi? Mag‘lubiyatimizning sabablari nimada bo‘ldi? Shu haqida terma jamoaning yetakchi vakillari fikrlari bilan qiziqdik.

Diyora Xabibullayeva, terma jamoa yarim himoyachisi, “So‘g‘diyona” vakili, milliy chempionatda ayni paytda 23 ta goli bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib turibdi:

- 2017 yilda ilk bor milliy termaga taklif etilganman. Bahrom Norsafarov qo‘l ostida ko‘p rasmiy o‘yinlarda, yig‘inlarda qatnashganman. Lekin bu galgi tayyorgarlik avvalgilaridan yaxshigina farq qildi. Biz uchun yaratilgan a’lo sharoitlar, Turkiya, Belarus kabi davlatlarda tashkil etilgan yig‘inlar, bir so‘z bilan aytganda yuqori e’tibor qaratilganligi har jabhada ko‘rinib, sezilib turdi. Shunga yarasha  yakunda ijobiy natija qilishimiz shart edi. Tarkib borasida ham har galgidan ko‘ra mukammallik bor edi – ayni paytdagi eng kuchli qizlarimiz jamlanishgandi. Mo‘g‘ulistonga qarshi ko‘proq gol urib, to‘plarimiz nisbatini yaxshilab olishga urindik, lekin koreyaliklardan ortig‘iga ulgurmadik. Hamma gol urishga qiziqdi, shoshildik ham, ammo hujumlarning aksariyatiga nuqta qo‘yadiganimiz bo‘lmadi.

Koreyaliklarga qarshi o‘yinda ham jismonan, ham ruhan tayyor holda maydonga tushdik. Ruhiyatimizni 15 daqiqa ichida isbotlay oldik ham – harakatlarimiz asosan raqib hududida kechdi. Ammo 17-daqiqada o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yuborganimiz, hujumlarimiz yakuniga yetmay qolaverganligi, hatto bir gal to‘p raqib darvozasi to‘siniga tegib qaytganligi ruhiyatga ham ta’sir ko‘rsatdi. Aslida koreyaliklar siz o‘ylayotgandek bizdan u qadar kuchli emas, lekin bizning ruhiyatimizdan ular foydalanishdi. Tashabbusni qo‘lga olishdi, shu kuni omad ham ular tomonda bo‘ldi. To‘g‘ri, ular texnik va taktik jihatlardan ancha rivojlangan. Chunki tarkibida Yevropada to‘p suradigan o‘yinchilari bor. Aytaylik jamoa sardori Angliyaning “Chelsi” klubida o‘ynar ekan, texnikasi zo‘r, fikrlashi ham tezkor va aniq ishlaydi, deyarli hamma hujumlar uning pasidan keyin boshlanyapti. Bu gal niyatimizga erisha olmadik. Lekin bizda ham ayollar futboli ancha rivojlangan. Faqat e’tiborni susaytirmaslik lozim. 5-6 kunlik yig‘inlar bilan kifoyalanmasdan, doimiy tashkil etish, ayollar futboli rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalaridan foydalanish talab etiladi. Milliy chempionatimiz ham ancha yo‘lga tushib oldi, 14 va 16 yoshli qizlarimiz musobaqalarini ham kuchaytirsak, futbol maktablar qoshida qizlar guruhlarini ochsak, ularni malakali murabbiylar bilan ta’minlasak, rasmiy musobaqalar soni va sifatini ko‘paytirsak, yaqin yillar ichida koreyaliklar ham, yaponiyaliklar ham, hattoki yevropaliklar ham biz uchun oddiy raqiblarga aylanadi. Men bunga ishonaman.

Maftuna Shoyimova, terma jamoa himoyachisi, “Sevinch” klubi a’zosi, milliy chempionatda 11 ta goli bilan to‘purarlar bahsida 6-o‘rinda boryapti. Ayollar futboli bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar, Olimpiya terma jamoalarida to‘p surgan. 16 yoshidan mamlakat milliy terma jamoasiga jalb etilgan:

- Mamlakatning barcha terma jamoalarida o‘ynaganman. Har gal e’tibor yaxshi bo‘lgan. Lekin bu galgisi hammasidan yaxshi bo‘ldi. Saralash o‘yinlariga tayyorgarlik ham har galgisidan ko‘p jihatlari bilan farqlandi. Biz faqat to‘p tepishimiz, gol urishimiz kerak edi xolos. O‘yindan oldin koreyaliklarning nimalarga qodir ekanligini bilardik, lekin cho‘chimadik, qo‘rqmadik. Yana bilganimiz, kim birinchi gol ursa o‘yinni qo‘lga olishi aniq edi. Afsuski, o‘zimizga o‘zimiz gol urdik va kutganimiz bo‘ldi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz juda kuchli edi, lekin ishtiyoqning o‘zi kamlik qildi. Jamoamizda Lyudmila Karachikdek tajribali, mahoratli futbolchi bor, lekin biz uni to‘p bilan ta’minlay olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa xalqaro tajribamiz kamligi sezilib ham qoldi. Tarkibimiz kuchli edi, ammo zaxirani bunday deb bo‘lmasdi. Koreyaliklarda zaxiradan tushgan futbolchi ham o‘yinni kuchaytiryapti, bizda esa aksincha. Koreya termasi jismoniy va texnik, hattoki ruhiy tomondan shu kuni bizni dog‘da qoldirdi. Men Bahrom Norsafarovning shogirdiman, lekin ustozim bo‘lgani uchun aytmayapman, u qo‘lidan kelganini qildi. Futbolchining klubidagi 5-6 yilda bermagan mahorat va tajribani terma jamoa ustozi qisqa 5-6 kunlik yig‘inlarda qanday qilib berishi mumkin? Bosh murabbiy futbolchilarni klublardan oladi, klublarning eng yaxshilari shular – bizlar bo‘lganidan keyin, tanlovga imkoniyat zo‘r emas. Buning uchun klublarda yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni kelgusi rasmiy musobaqalarga yaxshilab “pishirish” zarur. Koreyada milliy chempionatining oliy ligasida 20 taga yaqin jamoalar bor ekan. Albatta, terma jamoa bosh murabbiy u qadar bosh qotirmaydi – har biridan eng yaxshi bir nafaridan olsa yetadi. Xullas, Avstraliya va Yangi Zelandiya orzulari barham topdi. Lekin maqsadim aniq – Jahon chempionatiga chiqmagunimcha futboldan ketmayman.

Milliy terma jamoa a’zolari o‘z klublari ixtiyoriga 24 sentyabr kuni ko‘yib yuborildi. Bugun — 29 sentyabr kuni ayollar Oliy ligasi 17-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 22:00, 29.09.2021.
O'qildi: 2027 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.