Bugun Millatlar Ligasi doirasida Toshkent vaqti bilan soat 23:45da Milandagi ''San Siro'' o‘yingohida final uchrashuviga start beriladi. Finalchilar – yangilanish davridagi Ispaniya va tarkibi yulduzlar bilan to‘lgan Fransiya terma jamoalari. Stadion.uz ushbu o‘yin oldidan jamoalar holati va imkoniyatiga baho beradi.
Ispaniya
''Qizil furiya'', ayni damda, yosh futbolchilarga katta e’tibor qaratmoqda. Tarkibga jalb etilgan Pedri (18 yosh), Gavi (17 yosh), Erik Garsia (20 yosh), Brayan Gil (20 yosh) va Yeremi Pino (18 yosh) kabi futbolchilar so‘zimiz isboti bo‘la oladi. Shunga qaramay, tarkibda tajribali futbolchilar ham yetarlicha topiladi. Serxio Buskets, Koke, Sezar Aspilikuyeta va David de Xeadek futbolchilar bilan Luis Enrike jamoada muvozanatni ushlay olmoqda. Yosh futbolchilar bilan ham Luis Enrike ispancha uslubdan voz kechayotgani yo‘q. Hozircha, to‘p nazoratiga asoslangan klassik futbol ''Buqalar yurti'' uchun zarar keltirgani yo‘q. Ular Yevroda yarim finalgacha va Millatlar Ligasida esa finalgacha yetib keldi. Ko‘pchilik uchun ispanlarning bunday natijalarga erishishi kutilmagan holat deb qaralmoqda. Shu boisdan, bugungi bahsda ham mutaxassislar ispanlarni favorit deyishga qo‘rqishyapti. Biroq futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Buni sinchkov futbol muxlislari juda yaxshi bilishadi.
Fransiya
Har bir chiziqda kamida bittadan yulduzga ega ushbu terma navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritishga yaqin turibdi. Raqib eski tanishlardan biri Ispaniya. Qiziq tomoni, Fransiya rasmiy o‘yinlarda 2019-yil iyun oyidan beri yutqazmayapti (Evroda penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan, asosiy vaqtda durang qayd etilgan). Shu kuni Yevro-2020 saralash bosqichi doirasidagi o‘yinda Turkiya terma jamoasi o‘z maydonida fransuzlarni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi.
Ta’kidlash joiz, Desham jamoasi tarkibiga Benzemaning kelib qo‘shilgani fransuzlarni yanada haybatli qilib ko‘rsatmoqda. Karim hozir yuqori formada va qarshisidagi raqiblarini juda yaxshi bilishini hisobga olsak, ispanlarga bugun oson bo‘lmaydi. Ko‘ramiz, ''Qizil furiya'' Benzema-Mbappe boshchiligidagi ''Xo‘rozlar''ga nima taklif qila olarkin?!
Murabbiylar fikri
Luis Enrike (Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi):
''Individual mahorat borasida Fransiya - dunyoning eng yaxshi jamoasi.
Ularning jamoasida eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilar bor. Biz (Ispaniya) bir butun bo‘lib ishlashimiz va jamoaviy tomonlama ulardan yaxshiroq bo‘lishimiz kerak.
Biz har doim to‘pga ega bo‘lishni xohlaymiz va shu yo‘l bilan o‘z o‘yinimizni yaxshiroq namoyish qila olamiz. Ushbu o‘yinda raqiblarga tezkorlik evaziga muammo tug‘dira olamiz.
To‘pni yo‘qotib qo‘yganimizdan so‘ng, biz darhol ularga bosim o‘tkazishga harakat qilamiz, shunda ular o‘z o‘yinlarini namoyon qila olmaydilar. Biz ularga hujum qilish uchun hech qanday imkoniyat bermoqchi emasmiz.
Men Gavining finalga tayyor ekanini aniq bilmayman. U maydonga tusha oladimi yoki yo‘q, bu haqida uning o‘zidan so‘raymiz.
Ferran Torres - bu boshqa masala. Biz uni mashg‘ulotlarda sinovdan o‘tkazamiz va agar u o‘ynay olmasa, boshqasini tanlashga majburmiz. Futbolchilar bilan tavakkal qila olmaymiz va agar u (Ferran) tayyor bo‘lmasa, men boshqa o‘yinchini tanlayman. Biz hech kimni o‘ynashga majburlamaymiz.
Hujum paytida Mbappe bizning o‘yinimizga xavf soladi deb o‘ylamayman. Chunki hujum qilayotganda raqibimizga e’tibor qaratib o‘tirmaymiz.
Himoyada biz har doim har bir raqibga qarshi o‘z futbolchilarimizga individual ko‘rsatmalar beramiz. Nima qilish kerakligini aytish juda oson, lekin uni bajarish har doim qiyin.
Biz finalga yetib keldik. Bundan xursandmiz. Navbatdagi maqsadimiz - yuqori marrani zabt etish''.
Dide Desham (Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi):
"Gavining asosiy jamoada bo‘lishi – bu u uchun fantastik natija.
Jamoada yosh va salohiyatli futbolchilar bor. Shulardan biri – Gavi. U yarim finaldagi Italiyaga qarshi o‘yinda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Uning yoshi bor iqtidorini ko‘rsatishga ta’sir qilmaydi deb o‘ylayman. Luis Enrike uni tanladi va u endigina professional faoliyatini boshlamoqda. Menimcha, u ''Barselona''da atigi 7ta o‘yin o‘tkazdi va bu uning uchun uzoq va chiroyli kareraning boshlanishi bo‘ladi.
Biz o‘zimizni favorit deb xisoblamaymiz. Ispaniyada juda yosh futbolchilar bor, lekin tajribali futbolchilar ham yetarlicha. Balki bizda tajriba ko‘proqdir, lekin bu bugungi o‘yinda hech narsani kafolatlamaydi. Biz chempionlikni qo‘lga kiritishni istasak, eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak.
Qo‘shimcha bir kun dam olishning farqi bor. Bu uchrashuvga ta’sir qiladimi yoki yo‘q, buni o‘yin davomida bilib olamiz. Dam olish va tiklanishdan maksimal darajada foydalanamiz. Bahonalar izlamaymiz, buni doim yodda saqlaymiz.
Lyaport bilan men u qaror qabul qilganidan beri gaplashmadim. Men o‘zi uchun qaror qabul qilgan Aymerik uchun xursandman. U Ispaniya termasi uchun muhim futbolchi va bundan boshqa hech narsa deya olmayman.
Bu uning tanlovi edi va men buni hurmat qilaman. U qaror qabul qildi va men unga omad tilayman''.