Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Bobur Abduxoliqov: "2022 yili ham «Energetik-BGU»da o‘ynamoqchiman"

Bobur Abduxoliqov: "2022 yili ham «Energetik-BGU»da o‘ynamoqchiman"

Baho:
+ | -

Bobur Abduxoliqovni muxlislarga tanishtirish shart emas. «Nasaf» maktabida tahsil olib, 5 yil shu jamoa libosida to‘p surgan iqtidorli hujumchi yakunlangan mavsum Belarusda «Energetik-BGU» sharafini himoya qildi. Maxsus muxbirimiz yaqinda qishki ta’tilda bo‘lib turgan futbolchi bilan turli mavzular yuzasidan bafurja suhbatlashdi.

- Bobur, sizga bejiz «Pele», deya murojaat etishmaydi - chindan ham, chehrangiz bo‘yicha afsonaviy futbolchiga biroz o‘xshaysiz.

- Albatta, futbol qiroliga o‘xshashlik yoqimli. «Nasaf» futbol maktabida ustozim Umarbek Rahmatullayev tomonidan berilgan bu laqab maydonda kuchimga-kuch qo‘shadi.

- Ukrainaning «Rux» va Belarusning «Energetik-BGU» klublarida bu laqab qanday jarangladi?

- Yo‘q, «Rux»da Babur edim, «Energetik»da esa Bob, deb chaqirishadi.

- Bobur, oilangiz haqidagi ma’lumotlar ko‘pchilikni qiziqtiradi.

- 1997 yilning 23 aprelida Koson tumani Kamandi qishlog‘ida oddiy oilada tavallud topganman. Otam Alisher aka dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Istiqlol yillari fermer xo‘jaligini boshqardi. Ayni payt nafaqada. Onam Gullola opa - o‘qituvchi. Akam Beknur O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya universiteti magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Opam Gulnavro‘z Qarshi Davlat universiteti magistraturasida o‘qish barobarida maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti. O‘zim avvaliga tumanimizdagi maktabda 4 yil shug‘ullandim, keyin «Nasaf» tizimiga o‘tdim. Bu maktabdagi birinchi murabbi­yim - Umarbek Rahmatullayev.

- «Nasaf» tarkibida ilk marta maydonga tushganingizda, o‘spirin yigitcha edingiz...

- Ha, shunday. 2015 yili «Nasaf» yoshlar jamoasida debyut qildim, keyingi mavsumdan asosiy tarkibga qo‘shildim. Erta debyutga imkon berishgan o‘rinbosarlar jamoasi murabbiyi Zafar Xolmurodov va asosiy tarkib ustozi Ro‘ziqul Berdiyevdan bir umr minnatdorman.

- «Nasaf» uchun urgan birinchi golingizni eslay olasizmi?

- «Oq-tepa»ga qarshi kubok bahsining 88-daqiqasida maydonga tushib, hisobni teng­lashtirgandim. 90+3-daqiqada esa jamoamiz ikkinchi golni nishonlab, 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

- OCHLda ham gol urishni paysalga solmagan edingiz.

- To‘g‘ri, ammo Saudiyaning «Al-Ahli» jamoasi darvozasiga gol urgan bo‘lsamda, jamoam 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Umuman, 2017-2020 yillarda «Nasaf»ning barcha turnirlardagi o‘yinlarida chamasi 50ta gol urdim.

- Aksariyat iqtidorli futbolchilarimiz Osiyoga intilayotgan bir pallada siz Yevropani tanladingiz.

- Nima demoqchi ekanligingizni tushundim. Ha, Osiyoda o‘ynab, katta pul topish mumkin. Lekin mumay daromad ortidan quvmasdan texnik-taktik mahoratimizni oshirishimiz kerak. Zero, hozir futbolimizda hujum muammosi ko‘zga tashlanmoqda. Demak, o‘z ustimizda ko‘proq ishlashimiz, yevrofutbol tajribasidan o‘rganishimiz kerak. Hujumchidan o‘z ustida yakka tartibda shug‘ullanish talab etiladi. Oddiy misol, «Energetik-BGU»da hujumchilar bilan vaqtida Angliyada o‘ynagan sobiq futbolchi ish olib boradi. Umuman, barcha chiziqlar bo‘yicha malakali murabbiylar bor.

- Siz mehr qo‘ygan hujumchi, ya’ni kumiringiz kim?

- Krishtianu Ronaldu. Uning to‘pni qabul qilib, faqat oldinga intilishini sinchiklab kuzataman. Hattoki, o‘yinidan darslik sifatida foydalanaman. O‘zbekis­ton milliy jamoasining Urugvay, Suriya va Belarus termalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida hujum chizig‘imiz ancha oqsoq ekanligidan qattiq ranjiganman. Xullas, hali ko‘p ishlashimiz, izlanishimiz zarur.

- «Rux»dagi faoliyatingiz uzoqqa cho‘zilmadi. Nega?

- Bu jamoa tarkibiga fevral oyida qo‘shildim. O‘rmon bilan qoplangan «Rux» bazasida yaratilgan shart-sharoitlarga gap yo‘q. Jamoaning o‘rinbosarlar tarkibida 2ta gol ham urdim. Vaqtida ham-yurtimiz Maksim Shaskix o‘ynagan jamoada uning raqami ostida maydonga tushish oson emas ekan. Qolaversa, bosh murabbiy Ivan Sedik bilan kelisholmaganimiz pand berdi. Natijada yozda «Energetik-BGU»ga o‘tish varianti yuzaga keldi va muxlislarimizga yaxshi tanish jamoa taklifini qabul qildim. Belarusda jismoniy tayyorgarlikka katta e’tibor qaratiladi. Chempio­nat saviyasi bizniniga o‘xshash. Sharoitlar yomon emas. «Energetik-BGU» asosan talabalardan iborat. Shahzod Ubaydullayevning jamoada ekanligi muhitga moslashishimda qo‘l keldi. Jami 12ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol urdim. Umumiy taassurot yaxshi.

- «Energetik-BGU»da maosh masalasi qanday?

- Yomon emas, yetarli...

- Ro‘ziqul Berdiyev kubok finalidan so‘ng stadionga kelganingizni eshitib, jamoani tabriklash uchun ki­yinish xonasiga kirmaganingizdan o‘ksindi...

- «Nasaf» - qadrdon jamoam. Bu yerda o‘ynaganimda, turli klublardan ko‘p taklif olganman, lekin «ajdarlar»ga sodiq qolganman. Belarusda ham ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoa o‘yinlarini kuzatib bordim, ayniqsa, OFK kubogidagi yurishini. To‘g‘risi, qarshiliklar kubok finalida 10 kishi bo‘lib, g‘alaba qozonishgach, sevinch ko‘z yoshlarini to‘xtatolmadim. Faqat, o‘yindan oldin yoki keyin Ro‘ziqul Sa’dullayevich bilan ko‘rishishni ep ko‘rmadim. Chunki bunday vaziyatda futbol etikasiga amal qilinadi. Lekin Ro‘ziqul aka va «Nasaf»­ni chin yurakdan qutlayman, albatta. Maqsadimga kelsak, 2022 yili ham «Energetik-BGU»da o‘ynamoqchiman. Yaqin kunlarda shartnoma muddatini uzaytiramiz va yangi mavsumga tayyorgarlik boshlaymiz.

- Yozda «Turon»dan ham chorlov olganingiz rostmi?

-Ha, «Turon» vakillari bilan uchrashdik, katta va’dalar berishdi. Biroq Yevropada qolishni ma’qul ko‘rdim va o‘ylaymanki, adashmadim.

- Yangi yil yaqinlashmoqda. Tilaklaringiz...

- 2022 yil barchaga omadli kelsin. Terma jamoalarimiz yuksalishi tarafdoriman, albatta. «Paxtakor» va «Nasaf»ga esa OCHLda zafarlar yor bo‘lishiga tilakdoshman. Muxlislarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, faravonlik istayman.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:12, 15.12.2021.
O'qildi: 2390 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.