Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Barselona»da avlodlar almashinuvini amalga oshiruvchi qahramonlar

«Barselona»da avlodlar almashinuvini amalga oshiruvchi qahramonlar

Baho:
+ | -

«Barselona»da Messi ketganidan so‘ng rosmana yangi davr boshlandi. Shu yilning o‘zida ko‘plab yoshlarga asosiy tarkibdan joy berilmoqda.

Quyida ular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Xavi «Barselona»dagi ishini jiddiy muammolar bilan boshladi. Dastlabki oltita o‘yinda jamoa yangi murabbiyi qo‘l ostida 6 ta o‘yinning bor-yo‘g‘i ikkitasida g‘alaba qozondi va Yevropa ligasiga tushib ketdi. Biroq hozircha uning Kumanga qaraganda asosiy plyus tarafi yoshlarga ishonishida.

Bu esa aksar hollarda o‘zini oqlamoqda. «Elche»ga qarshi o‘yinda uchta gol ham akademiya bitiruvchilari tomonidan kiritildi: Gavi, Ferran Jujla va Niko Gonsales - buning evaziga kataloniyaliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Bu 2014 yildan beri birinchi marta «Barsa» tarkibida bir o‘yinda uchta ispaniyalik futbolchining gol urish hodisasi edi. «Barselona» La Liganing joriy mavsumida 2000 va undan keyin tug‘ilgan to‘rt nafar futbolchisi gol urgan birinchi klub bo‘ldi. Bunda Ansu Fati (3ta gol), Niko Gonsales (2ta), Abde Ezzalzuli va Gavi (ikkalasi - 1tadan) katta sahnaga chiqishdi.

«Barselona»ning yangi qahramonlari bilan yaqinroq tanishishni barcha muxlislar istashayotgani aniq.

Gavi (yarimhimoyachi, 17 yosh)

Gavi kutilmagan tarzda mavsum boshidanoq asosiy tarkibga kirishni uddaladi. «Barsa»ning asosiy yosh yulduzi joriy mavsum g‘alabalarda muhim rollardan birini o‘ynamoqda.  Pablo Gavira hatto Ispaniya terma jamoasida debyut qilishga ham ulgurdi. Joriy mavsum Xavi qo‘l ostida faqat Ter Shtegen, Buskets va Frenki De Yonglar undan ko‘proq maydonga tushgan xolos. Biroq klub veb-saytida haligacha Gaviga profil ochilmagan.

Niko Gonsales (yarimhimoyachi, 19 yosh)

«Deportivo» afsonasi Frank Gonsalesning o‘g‘li hisoblanadi. Oldinroq «Real Madrid» ham yigitchaga da’vo qilgandi, lekin u «Barsa»ni tanlashga qaror qildi. Niko Ansu Fati, Erik Garsiya, Takefuso Kubo bilan bir jamoada uzoq vaqt o‘ynagan.

Gonsalesni Busketsning o‘rinbosari deb ham atashmoqda, ikkala futbolchida bo‘y borasida ham o‘xshashlik mavjud, ikkalasi ham baland bo‘yli, ammo hozircha u hujumga yaqin zonada harakat qilmoqda. Nikoda joriy mavsum hisobidan allaqachon ikkita gol va bitta golli uzatma mavjud.

Qiziq tomoni, Gonsales yoshligida futbolga umuman borishni xohlamasligini tan oldi: «Mening do‘stlarim ikki-uch yoshdan boshlab to‘p tepib yurgan. Men birinchi marta olti yoki yetti yoshimda mashg‘ulotlarga kirganimni eslayman. Hatto, futbolga bormaslik uchun mashinada yig‘laganman ham», - deydi Niko. Ammo oxir-oqibat, u ajoyib do‘stlar orttirdi va bugungi kunda «Barsa»ning asosiy tarkibiga kirish uchun jiddiy kurashmoqda.

Ferran Jujla (hujumchi, 22 yosh)

«Espanyol» yoshlar sardori shu yozda «Barsa» safiga qo‘shildi. Dublda u 15 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Ammo Ferranning faoliyatidagi burilish nuqtasi Maradona kubogida «Boka Xuniors»ga qarshi o‘yinda sodir bo‘ldi: Jujla kataloniyaliklarning o‘yindagi yagona golini kiritdi.

«Elche» bilan bahsda Xavi Jujlaga ishonch bildirdi. 22 yoshli hujumchi o‘ziga bildirilgan barcha ishonchni oqladi va gol urishning uddasidan chiqdi. Ferran hujum markazida va qanotlarda faol o‘ynay oladi. Bu esa hozirgi «Barselona» dagi eng muammoli pozisiyalar hisoblanib, jamoaga Ferran singari yoshlar yordami zarur.

Abde Ezzalzuli (hujumchi, 20 yosh)

Abde «Barsa»ning yana bir yosh va iqtidorli futbolchilaridan biri. Avgust oxirida u «Xerakles»dan «ko‘k-anorranglilar» bazasiga kelib qo‘shildi.

Asosiy tarkibdagi birinchi golidan so‘ng («Osasuna»ga qarshi) Xavi vingerni «mo‘’jiza, syurpriz futbolchi» deb atay boshladi. Abde allaqachon 6 marta qaydnomaga kiritildi va ularning 3 tasini asosiy tarkibda boshladi.

Yusuf Demir (hujumchi, 18 yosh)

Yozda avstriyalik futbolchi «Rapid»dan jamoaga kelib qo‘shildi. Pozisiya jihatidan olganda u o‘ng qanot himoyachisi. Mavqei bo‘yicha Messining o‘rnini bosa oladi deya taxmin qilingan. U hatto, Leodan keyingi klubda debyutini amalga oshirgan eng yosh legionerga aylandi. Yusuf «Barsa» safida haligacha gol ura olmagan bo‘lsada, 9 ta o‘yin o‘tkazishga ulgurgan.

Demir ijaraga olingan futbolchi hisoblanadi, ammo «Barselona» uni 10 million yevroga sotib olmoqchi emas. Rahbariyat yosh futbolchini qishdayoq klubiga qaytarib yuborishini rejalashtirgan.

Ilyas Axomash (hujumchi, 17 yosh)

Ilyas Xavining birinchi o‘yinida maydonga tushgan yoshlardan biri. 17 yoshli qanot hujumchisi «Barsa B» safida bitta o‘yinda ajoyib harakatlar amalga oshirgani sababli asosiy tarkibdan joy egallagan edi.

Serxi Barxuana qo‘l ostida jamoa «Selta» bilan durang o‘ynaganda, Axomash dubl qayd etdi, o‘sha paytda «Barselona»ga endigina kelgan Xavi futbolchilarni kuzatib borardi.

Kiritildi: 17:14, 19.12.2021.
O'qildi: 5273 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.