Xabaringiz bor, bir necha kundan so‘ng Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Mazkur nufuzli musobaqani O‘zbekiston hududida namoyish etish huquqini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qo‘lga kiritdi. Biz qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanishi arafasida «SPORT» telekanali direktori Zohid Karimov bilan bog‘lanib, bu borada kichik suhbat uyushtirdik.
— Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari MTRK tizimidagi telekanallarda juda keng miqyosda yoritildi. Pekin-2022 Olimpiya o‘yinlari translyasiya jarayoni qanday rejalashtirilgan?
— Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlaridan bizga namoyishchi hamkorlar tomonidan har kuni 8 ta kanal, 3 ta chastotadan signal kelib turadi. Qariyb 20 kun davom etadigan musobaqalar Toshkent vaqti bilan tonggi 06:00 hamda kechgi 19:30 oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Bu kuniga taxminan 12-13 soat material degani. Agar signal 3 ta chastotadan alohida kelishini hisobga olsak, bu sutkasiga 36-39 soatlik kontent degani. Xabaringiz bor, musobaqalar odatga ko‘ra rasmiy ochilish marosimidan avval boshlanadi va biz ularni 2 fevral sanasidan boshlab namoyish etishni rejalashtirganmiz.
Birinchilardan bo‘lib kyorling va chang‘ida fristayl bahslari o‘tkaziladi. Bizning translyasiyalarimiz ham aynan o‘sha paytdan boshlanadi va albatta, 4 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 15:00 da bo‘lib o‘tadigan tantanali ochilish marosimi jonli efirda taqdim etiladi. Umuman olganda «SPORT» telekanalida barcha reportajlar jonli efirda ko‘rsatiladi. Sport ishqibozlariga birdek qiziq bo‘lgan xokkey, kyorling, figurali uchish, biatlon, short-trek va boshqa sport turlaridan tashqari Olimpiada dasturiga kiritilgan yangi yo‘nalishlarni qamrab olishga harakat qilamiz.
Tabiiyki buncha hajmdagi mahsulotni jonli efirda namoyish etishning imkoni yo‘q, shu boisdan biz tungi vaqtlarda tomoshabinlar hohish istaklaridan kelib chiqib ayrim sport turlari bo‘yicha reportajarni tungi vaqtda, yozib olingan holatda namoyish etishni rejalashtirganmiz.
— Bu safar qishki Olimpiya o‘yinlari faqat SPORT TVda yoritiladimi yoki boshqa telekanallarda ham namoyish rejalashtirilganmi?
— Umuman olganda, Qishki Olimpiada dasturidagi barcha musobaqalar «SPORT» telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga ketadi. Bunda biz ikki tilda faoliyat ko‘rsatadigan kanallarimizda o‘zbekcha va ruscha sharhni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. Parallel tarzda o‘tadigan musobaqalardan muxlislarimizga qiziqarli bo‘lishi taxmin qilinganlari - xokkey, biatlon, figurali uchish kabi sport turlarini «Dunyo bo‘ylab», «Mahalla» hamda «Yoshlar» telekanallari orqali efirga uzatishni maqsad qilganmiz. Barchaga ma’lum, internet platformasida bizning «SPORT 2» kanalimiz ham mavjud va unda ham «non-stop» rejimida bahslar namoyish etiladi.
— Olimpiya o‘yinlarini sharhlash jarayoniga nechta sharhlovchi jalb etilgan?
— Bugungi kunda telekanalimizda faoliyat olib borayotgan barcha sharhlovchilar jalb etilgan. Bundan tashqari, translyasiya jarayonida ijodiy xodimlar, muharrirlar ishlaydi. Chunki kun davomida bizda Olimpiada kundaligi, informasion ko‘rsatuvlar ham tayyorlanadi. Shu bois, jarayonga telekanal ijodiy-texnik jamoasi to‘liq jalb etiladi. 10 ga yaqin sharhlovchi va sohada ulkan tajribaga ega bo‘lgan Rihsitilla Umarov va Komil Jumayev kabi ustoz sharhlovchilar, shu bilan birgalikda qishki sport turlari mutaxassislaridan ham foydalanishni rejalashtirganmiz.
— 2022 yil yirik kompleks musobaqalarga boy, Pekindagi qishki Olimpiadadan so‘ng bizni Butunjahon Universiadasi, Islom birdamlik o‘yinlari, XIX yozgi Osiyo o‘yinlari, III o‘smirlar Osiyo o‘yinlari kutib turibdi. «SPORT» telekanali mazkur musobaqalarni qay tarzda yoritishni rejalashtirgan?
— Biz uchun o‘ta muhim bo‘lgan Osiyo o‘yinlarini O‘zbekiston hududida namoyish etish huquqini qo‘lga kiritish bo‘yicha muzokaralarni ijobiy yakunlaganmiz va ayni paytda shartnomalarni imzolash, hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarigina qolgan. Barcha yuridik jarayonlar nihoyasiga yetganidan so‘ng buni rasman e’lon qilishni rejalashtirganmiz. Qolgan nufuzli turnirlar translyasiyasi masalasini esa musobaqalar muddati yaqinlashgani sari albatta ijobiy hal qilishga harakat qilamiz. Ayni paytgacha deyarli aniq bo‘lib ulgurgani bu Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari hisoblanadi.