Angliya Premyer-ligasi futbol dunyosiga ko‘plab yulduzlarni yetkazib bergan. Ularning ichida dunyo tanigan hujumchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ro‘yxatda esa oldin ham aytilganidek, Tyerri Anri, Alan Shirer yoxud Rud van Nistelroy kabi buyuk nomlar mavjud. Buni esa yana uzoq davom ettirish mumkin. Zamonaviy futbolning Angliyaga olib kirgan yangiliklari fonida, top-hujumchilar soni kamaymagan. Aksincha, yildan-yilga yangi forvardlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Quyida esa e’tiboringizni ayni kungacha eng yaxshi deb topilgan hujumchilar o‘ntaligiga qaratmoqchimiz.
10. Jarrod Bouen (yangi kiritilgan)
Bouen 2022 yilda o‘z faoliyatining yangi darajasiga ko‘tarildi. Ingliz futbolchisi «Vest Xem» safida 2022 yil kirib kelganidan buyon yettita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Aynan uning sa’y-harakatlari evaziga London klubi mavsumni kuchli to‘rttalikda yakunlashga yana umid qila boshladi. O‘ylaymizki, ushbu kurash 38 turga qadar murosasiz ravishda davom ettiriladi.
9. Jeydon Sancho (yangi kiritilgan)
Shu kunlarda Jeydonning o‘yini o‘sganini kuzata boshladik. Yosh ingliz futbolchisi Ralf Rangnik qo‘l-ostida asosiy tarkibga kiritila boshladi. Boz ustiga, 21 yoshli hujum vakili so‘nggi vaqtlarda jamoasi joniga oro kirmoqda. Aytish mumkinki, endilikda Sancho «MYU» tizimiga to‘laqonli ko‘nikma hosil qilgan. Shunday ekan, uning kuchli o‘ntalikdagi o‘rni adolatli tarzda ajratilgan. Harxolda, shu kecha-kunduz uchun...
8. Harri Keyn
Yozdagi beqarorliklardan keyin Keynning sport formasida o‘zgarishlar bo‘lishi aniq edi. Shunday bo‘ldi ham. Angliya terma jamoasi a’zosi o‘tgan mavsumdagi goleadorlik qobiliyatini bir qadar yo‘qotgandek tuyuldi, hammamizga. Biroq, kuni kecha guvohi bo‘ldikki, Keyn hali top darajada! U o‘zining potensial jamoasiga ikkita gol urib, «shporlar»ni yana raqobat ko‘chasiga qaytara oldi. Pep Gvardiola uchun esa, bu onlar juda alamli edi. Ayni damda Harri Keyn hisobidagi gollar soni yettitaga yetdi.
7. Riyad Mahrez
Riyad Mahrez – «Manchester Siti»ning javohir futbolchilaridan biri. Jazoirlik hujumchi o‘zining Pepning qolipiga tushmas jihatlari bilan ajralib turadi. Shunday bo‘lsa ham u «shaharliklar»ga eng ko‘p foydasi tegadigan o‘yinchilardan biri. Chap oyog‘ida zarba berishni qoyillatadigan yigit, kecha ham aynan o‘sha oyog‘i bilan penaltini golga aylantirib, muxlislarga bir ochko umidini baxsh etdi. Baxtga qarshi raqib tomonida Keyn degan «quturgan» jazolovchi bor edi.
6. Son
Mavsum avvali «Tottenxem» uchun juda ham omadli boshlangandek edi. Hamma ularni chempionligi haqida gapira boshladi. Biroq, voqealar boshqacharoq tus oldi. Lekin xoh yomon, xoh yaxshi damlarda bo‘lsin, bir futbolchi doim klub bilan edi. Uning ismi Son. Koreys o‘g‘loni o‘zining yuqori darajali formasini bir necha mavsumdan beri ushlab kelmoqda. Ayni damda esa u APLning eng yaxshilari qatorida bo‘lishga mutlaqo loyiq vakillardan biridir.
5. Rahim Sterling (yangi kiritilgan)
Siz bu futbolchining nimalarga qodir ekanini yaxshi bilasiz. Qanday futbolchi ekanini ham. Uning barqaror formasi bu mavsumda Gvardiola uchun havodek zarur bo‘lib turibdi. Sterlingning o‘tgan turdagi «Norvich»ga qarshi uchta goli, hammasini isbotlab bera oladi. Ayni paytda esa Rahim to‘purarlar jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda.
4. Sadio Mane
Maneni ta’riflashga «til ojiz» bo‘lgan kunlarga ham yetib keldik. Mane yaqindagina Afrikadan chempionlik maqomi bilan qaytib keldi. Bu mavsumni esa uning super o‘yinlari bezab bermoqda. Albatta, o‘tgan mavsumdagi Mane bilan hozirgisini aslo taqqoslab bo‘lmaydi – u o‘sishga erisha oldi. Yurgen Klopp jamoasida muhim rol o‘ynovchi hujumchi, kecha «Norvich» darvozasiga akrobatik gol urgan edi.
3. Diyegu Jota
Hamma har xil fikrlaydi. Ammo «Liverpul»ning o‘ta aqlli transferlar siyosati bo‘lmaganida, biz hozir, ayni paytdagi super jamoani ko‘rmagan bo‘lardik. Jota ana shu foydali xaridlar mahsuli hisoblanadi. Portugaliyalik hujumchi APLni «yondirish»da o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. To‘purarlar poygasida ham Jotaning pozisiyasi yomon emas.
2. Ronaldu
Futbol olamidagi yangilik, mish-mish va g‘iybatlarning yarmi aynan mana shu nom atrofida aylanib yuradi. Shunday ham bo‘lish kerak-da. Ko‘pchilik «MYU»ning omadsizliklarida uni aybdor qilmoqda. Biroq, bir narsa aniq – uning gollari bo‘lmaganida «qizil iblislar» hozirgidan ham battarroq ahvolda bo‘lardi. Buni o‘zingiz ham «Brayton»ga qarshi o‘yinda guvohiga aylandingiz.
1. Muhammad Saloh
...Ammo yetakchi o‘sha-o‘sha. Birinchi o‘rin borasida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Saloh «Liverpul»ga kelganidan buyon jahon darajasidagi futbolchiga aylandi. Uning top darajadagi o‘yinlari bu mavsumda ham jamoasini chempionlikka yetaklashi mumkin. Ha, u Afrika chempioni bo‘la olmadi. Lekin bu borada ham oxirigacha bordi, kurashdi. Misr terma jamoasi sardori bu mavsum nima qilib bo‘lsa ham APLning «Oltin butsa»sini o‘ziniki qilmoqchi. Bu yo‘lda unga omad tilab qolamiz...
ISMATOV J.