Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Mojaro: «Benfika» hakamga pora berganmi?

Mojaro: «Benfika» hakamga pora berganmi?

Baho:
+ | -

Portugaliya futbolida yirik korrupsion mojaro avj olmoqda, uning oqibatida mamlakatning eng sovrindor klubi jiddiy jazoga yo‘liqishi mumkin. Mashmasha markazida - sobiq hakam Brunu Payshau, u butun faoliyati davomida «Benfika»ga befarq emaslikda gumon qilingan. Ammo hozir bu taxminlar jinoiy ishga ko‘chdi: tergovchilarning shubhalariga ko‘ra, Payshau Lissabon klubidan 2 million yevro olgan.


Surishtiruvlar 4 yil davom etdi

Bu ish 2018 yilda boshlangan, dastlab futbolga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan. Portugaliya banklaridan biri soliq inspeksiyasiga shubhali o‘tkazmalar haqida ma’lumot bergan. Bank xavfsizlik xizmatining fikricha, tranzaksiyada «pul yuvish» alomatlari kuzatilgan. Soliqchilar faktlarga qiziqib, tekshiruvni boshlashdi. Nima g‘alati tuyuldi? Aniqlanishicha, Questgo Flexible nomli kompaniya yarim yil ichida dasturiy ta’minot tarmog‘idagi konsultasiya xizmatlari uchun 1,9 mln. yevroga ega bo‘lgan. Mazkur holatda real ish bo‘yicha hech qanday ma’lumot yo‘q. Buyurtmachilar sifatida «Benfika» klubi va «Eshtadiu Da Lush» stadioni bo‘limlari - Sport Lisboa e Benfica SAD hamda Benfica Estadio Construzgo Gestao Estsaios, SA ko‘rsatilgan.

Keyinchalik ushbu pullar boshqa kompaniyalar - Dynethic va Best for Business hisob-raqamiga o‘tkazilgan. Har uchala kompaniyaning ta’sischisi bir kishi bo‘lgan - Joze Bernardesh. Hamjihat kompaniyalar o‘rtasidagi tranzaksiyalar ham muayyan konsultasiya evaziga to‘lov sifatida rasmiylashtirilgan. Natija - «Ko‘k qop» nomli surishtiruv boshlandi.

Tergov bir necha yil davom etgan bo‘lsada, 2022 yilning fevraliga kelibgina Portugaliya matbuotida mashmashaning bosh sababchisi nomi e’lon qilindi - Brunu Payshau. «Benfika» va hamjihat kompaniyalar tranzit orqali o‘tkazgan pullar aynan uning hisob-raqamiga kelib tushgan. Ushbu ma’lumotni «Tvitter»dagi Pulha akkaunti orqali oshkor etilgan moliyaviy hujjatlar ham tasdiqladi. Uning muallif(lar)i «Benfika» rahbariyati, xususan, 2021 yilning iyulida hibsga olingan klub prezidenti Luish Viyeyraning korrupsion sxemalarini o‘rganishga ixtisoslashgan. Mutasaddi ishonchni suiiste’mol qilish, holatni murakkablashtiruvchi firibgarlik, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, hujjatlarni qalbakilashtirish hamda «pul yuvish»da ayblangan.

Portugaliyada, xuddi qo‘shni Ispaniyada bo‘lgani kabi, klublarni jamoatchilik boshqarishi belgilangan. Muxlislar prezidentni saylashadi va moliyaviy masalalarni unga ishonib topshirishadi. Viyeyrani nafaqat maoshdan tashqari pullarni o‘zlashtirganlikda, balki «Benfika» orqali o‘tgan bir necha o‘nlab futbolchilarning kelishuvlarida shaxsiy manfaat ko‘zlaganlikda ayblashmoqda.

Ushbu mojaro Viyeyra davridagi dastlabkisi emas - avvalroq uy uchrashuvlarida hakamlarga beriladigan haddan ziyod qimmatbaho sovg‘alar ham shubha-gumonlarni keltirib chiqargandi. To‘plamga «Benfika» afsonasi Eysebioning futbolkasi, shuningdek, restoranlarning birida kechki ovqat uchun kupon ham o‘rin olgan. «Sporting» prezidenti Brunu Karvalyu o‘shanda raqiblari shunday hadyalar uchun yiliga 140 ming yevro sarflashini aytgandi. 2017 yilda sodir bo‘lgan boshqa bir mojaro klubga nisbatan xolisona munosabatda bo‘lishlari uchun sport jurnalistlari va futbol agentlariga atalgan to‘lovlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ammo hozir barchasi o‘ta jiddiy ko‘rinmoqda. Mojaro markazida Viyeyraning o‘zi emas, «Benfika» ham bor, gap hakamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish haqida bormoqda - restorandagi kechki ovqat emas, millionlab yevrolar evaziga.


Brunu Payshau kim o‘zi?

** Juda tajribali hakam - Portugaliya top ligasida 19 mavsum ishlagan. 2018 yili maydondagi faoliyatini yakunlab, bor e’tiborini VAR tizimiga qaratgan, keyinchalik nazoratchilikka o‘tib, mavsum-2020|2021dan keyin sohani butunlay tark etgan.

** 2004 yili Payshau FIFA hakami maqomini oldi, bu esa yevrokuboklar va terma jamoalarning saralash o‘yinlarida ishlash imkoniyatini berdi.

** «Portu» va «Sporting» yillar davomida Payshauni ochiqchasiga «Benfika»ning xos hakami deb atashgan, buni hakamning xatolaridan namunalarni keltirish bilan izohlashgan. «Benfika»ning Payshau ishlagan 36ta uchrashuvlarida Lissabon klubi 27ta g‘alabaga erishgan, 6 marta durang o‘ynab, faqat uch marta yutqazgan.

2012 yili «Sporting» o‘zi ishtirok etgan o‘yinlarda Payshauning ishlamasligini ta’minlashga erishdi. Bu «Jil Visente»ga 0:2 hisobida imkoniyat boy berilganidan so‘ng sodir bo‘lib, o‘shanda hakamni ayblashgandi. 51-daqiqada Payshau niderlandiyalik yarim himoyachi Steyn Sxarsning qo‘liga to‘p tekkan deb hisoblab, «Sporting» darvozasiga penalti belgilagandi. Takroriy lavhalarda esa fol jarima maydonchasi tashqarisida bo‘lgani ko‘ringan, lekin u paytlari VAR yo‘q edi. Ruy Patrisiu «nuqta»dan yo‘llangan zarbani qaytardi, ammo jarima maydonchasi ichiga yorib kirgan «Jil Visente» to‘pni egallab, uni tepganda «Sporting» himoya­chisi yana qo‘li bilan o‘ynadi. Payshau yana bir bor penalti belgiladi va u aniq amalga oshirildi.

Yana bir necha daqiqalardan keyin hakam Sxarsga shubhali tarzda sariq kartochka ko‘rsatdi, bu futbolchi uchun ikkinchi ogohlantirish edi va «Sporting» kamchilikda qoldi. O‘sha mag‘lubiyat mavsum oxirida kuzatilgan, «Sporting» esa 5-o‘ringa tushib ketib, Chempionlar Ligasiga chiqish imkoniyatini boy bergandi.

«Bu insonni Portugaliya futbolidan haydash kerak, - degandi «Sporting» prezidenti Godinyu Lopesh o‘sha uchrashuvdan so‘ng. - O‘yinga bir hafta tayyorgarlik ko‘rsang-u, noxolis hakam senga jabr yetkazsa, juda qayg‘uli bo‘larkan. Chempionatimizda bundaylarga o‘rin yo‘q».

Payshau faoliyatini yakunlagach, Portugaliya ikkinchi divizioni ishtirokchisi «Kaza Pia» klubida konsultant sifatida ish boshladi. U qanday maslahatlar berishi mumkin? O‘zining aytishicha, futbolchi va murabbiylarga yangilangan o‘yin qoidalaridagi nyuanslarni tushuntirgan. Payshauning korrupsion ishga aloqadorligi haqida xabarlar tarqalgach, klub uning xizmatlaridan voz kechdi.


Portugaliya chempionatidan jo‘natma - bu reallikmi?

Hozircha ishtirokchilar izohi ancha ehtiyotkor ko‘rinmoqda. Portugaliyaning Record gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta «Benfika» prezidenti Ruy Koshta hamda klub top-menejerlari ishtirokidagi yig‘ilishda bu asosiy mavzuga aylangan. «Benfika» yuridik departamenti vakilining ta’kidlashicha, «klub xotirjamlikni saqlab turibdi» va «ularga qarshi sportga doir korrupsion ayblovlar ko‘rsatilmagan».

Payshauning o‘zi TVI telekanaliga bergan intervyusida Best for Business tomonidan o‘tkazmalarni qabul qilganini tasdiqlab, bu pullar «Benfika»ga tegishli ekanligini inkor etdi. Record ma’lumotiga qaraganda, chop etilgan axborotlar Portugaliya futbol federasiyasi tartib-intizom qo‘mitasida muhokama qilish uchun asos bo‘lishi mumkin. U yerda futbolga doir barcha korrupsion voqealar ko‘rib chiqiladi. Agar hakamning «Benfika» tomonidan sotib olingani isbotlansa, klub ikkinchi divizionga tushirib yuboriladi.

Biroq Record qaror chiqishini uzoq kutilishini ham istisno etmadi. Tartib-intizom qo‘mitasi polisiya tergovi yakunlari va sud qarorini kutadi (agar holat shunga yetib borsa). Bu esa yaqin oylarda hal bo‘ladigan masala emas.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 26.02.2022.
O'qildi: 1692 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.