Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

17 yillik tanaffusdan so‘ng

17 yillik tanaffusdan so‘ng

Baho:
+ | -

YECHL nimchorak finalining «Sporting»ga qarshi dastlabki uchrashuvini 5:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan «Manchester Siti» javob bellashuvida xotirjam to‘p surdi. Maydon egalari tarkibida darvozabon almashgani esa, golsiz nihoyasiga yetgan o‘yinning eng yorqin voqeasi bo‘ldi.

Uchrashuvning 73-daqiqasida Xosep Gvardiola Ederson o‘rniga 36 yoshli Skott Karsonni maydonga tushirdi. Faxriy posbon ishonchli harakatlari bilan murabbiy ishonchini oqladi, hatto yakkama-yakka vaziyatda ham darvoza daxlsizligini ta’minlay oldi.

Karson 3 yildan beri «shaharliklar» safida - uni mahalliy futbolchilar normasini to‘liq ado etish maqsadida olishgani bois, atigi ikki marta maydonga tushdi, xolos. Eng asosiysi, bu gal Karson YECHL doirasida ikkinchi uchrashuvini nishonladi. Nufuzli turnirdagi ilk o‘yinini u bundan 16 yil va 338 kun avval «Liverpul» libosida o‘tkazgandi. Salkam 17 yillik tanaffus YECHL uchun rekord ko‘rsatkich.

YECHLdagi dastlabki  uchrashuv: «Yuventus» mahv etildi

2004|2005 yillar mavsumida «Liverpul» darvozabonlar masalasida muammoga duch kelgandi: hech qachon barqaror o‘yin ko‘rsata olmagan Yeji Dudek tez-tez tarkibdan tushib qolar, shu bois klub munosib nomzod izlayotgandi.

Guruh bosqichida Kris Kirklend (keyinchalik «Uigan» afsonasiga aylangan) to‘p surdi, qishda «Lids»­dan 19 yoshli Skott Karson xarid qilindi. Yigitcha professional maqomida maydonga tushmagan bo‘lsada, noyob iqtidor sohibi hisoblanardi - hatto «Chelsi» unga talabgor bo‘lgandi.

Fevral oyida yosh darvozabon YECHLdagi debyutini nishonladi. Nufuzli turnirning chorak finalida «qizillar» «Enfild»da tarkibiga Del Pyero, Ibragimovich va Nedved kabi yulduzlarni jamlagan «Yuventus»ni qabul qilishgandi.

«Uchrashuv arafasida xayolim yagona o‘y bilan band edi: «Ishqilib, ularni uyaltirib qo‘yma». Boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishimni Benites startdan yarim soat avval aytgandi. Ehtimol, bu men uchun yaxshi bo‘lgandir - ko‘proq kutishga sabrim chidamasdi», - degan Karson.

Bahs yosh posbon va jamoasi uchun xayrli o‘tdi. Birinchi bo‘limda Karson Del Pyeroga qarshi duelda g‘olib chiqdi, Zlatanning zarbasiga darvoza ustuni to‘siq bo‘ldi. Lekin tanaffusdan keyin «Yuve» baribir gol urishni uddaladi: olis ustun tomon yo‘llangan to‘pni Fabio Kannavaro darvozaga joyladi. Biroq «Liverpul» 2:1 hisobini saqlab qoldi.

«Birinchi bo‘limda Del Pyeroning zarbasini bartaraf etganimda, hammasi osondek tuyulgandi. Kannavaroga qarshi vaziyatda sal avvalroq yiqildim, to‘p yonimdan o‘tib ketdi. Xayriyatki, o‘sha payt ijtimoiy tarmoqlar yo‘q edi, kuchli tanqidlarga duch kelmadim. 2:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsakda, doimo xavotirda yurdim. Faqat javob uchrashuvidan keyin yengil nafas olgandim», - deydi Skott o‘tmishni xotirlab.

Turindagi javob uchrashuvida darvozani Dudek qo‘riqlagan, «Liverpul» esa 0:0 hisobini saqlagan holda yarim finalga yo‘l olgandi. Qizig‘i shundaki, Jerrard murabbiyga, Karrager TV ekspertiga, Nedved sport direktoriga aylanishdi. Karson, Ibragimovich va Buffonlar hamon yashil maydondalar. Skott bilan Zlatan joriy mavsum YECHLda uchrashishlari ham mumkin edi. Biroq «Milan» guruhdan chiqa olmadi.

Karson YECHL oltin medalidan voz kechmoqchi ham bo‘ldi. Chunki o‘zini sovringa haqli emas, deb hisoblaydi. Yodingizda bo‘lsa, Istanbuldagi o‘sha tarixiy final «Liverpul» g‘alabasi bilan yakunlangandi. Ammo kamtarin posbon 2005 yil mayidagi tantanalarda ishtirok etmadi. «Ochig‘i, o‘shanda o‘zimni noqulay his etgandim. Klubga kelishim bilan g‘oliblikka erishdim. Shu bois, unga haqli ekanligimni his eta olmadim. Natijada, tantanalarda imkon qadar chetroqda yurdim. Ayrim jamoadoshlarim deyarli maydonga tushmadilar, ammo nishonlashda doimo oldingi safda turishdi. Masalan, Xosemi. Menimcha, «Liverpul»dagi davrimda u bilan bir-ikki og‘iz ham gaplashmaganmiz, ingliz tilida nimadir deya olishiga ishonmayman. Lekin fotosuratlarda u doimo markazda edi».

Karson o‘zining YECHLdagi medalini jarohat tufayli finalda tarkibdan chetda qolgan Kris Kirklendga bermoqchi bo‘lgandi. Biroq Kris sov-g‘ani muloyimlik bilan rad etgandi. Skottning «Liverpul»dagi faoliyati muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Istanbul finalidan keyin u «Sheffild», «Charlton» va «Aston Villa»da ijarada to‘p surdi - Pepe Reyna bilan raqobatlashish behuda edi. Yevro-2008da Rossiyaning bronza medallariga erishishiga, qaysidir ma’noda, Karsonning 2007 yildagi Angliya - Xorvatiya uchrashuvida yo‘l qo‘ygan xatosi sabab bo‘lgandi. Gunohkor posbon «Vest Bromvich»ga yo‘l oldi. Keyin «Bursaspor», «Uigan» va «Derbi Kaunti»da o‘ynadi. Hayotning jiddiy sinovlaridan o‘tgan posbonni «Manchester Siti» Chempionshipdan o‘z tarkibiga jalb etgandi.

Gvardiola Karsonni qadrlaydi, o‘ynashga imkon beradi

Karsonning transferi «shaharliklar» zaxira o‘rindig‘ini uzaytirdi. U mahalliy futbolchi bo‘lgani sababli, Angliyadagi limitlar chekloviga tushmaydi. Aynan shu mantiqqa asoslangan holda, «Chelsi» Rob Grinni zaxiraga olgandi. Shunga qaramasdan, «shaharliklar» Karsonga maydonga tushish imkoniyatini berib turadilar. O‘tgan yilning may oyida jamoa chempionlikni rasmiylashtirib bo‘lganidan keyin Gvardiola faxriy darvozabonni so‘nggi turda maydonga tushirdi. O‘sha o‘yinda Karson «Nyukasl»dan 3ta gol qabul qilib oldi, ammo penaltini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Darvoqe, bu uning APL doirasida 10 yil ichida o‘tkazgan dastlabki uchrashuvi edi.

«Shunchalik baxtiyormanki, buni so‘z bilan ifodalashning iloji yo‘q. Elitada to‘p surish menga nasib etmasa kerak, degan o‘y miyamni tark etmagan bo‘lsada, qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Mehnatimni qadrlab, imkoniyat bergani uchun murabbiyga katta rahmat», - degandi darvozabon.

Gvardiolaning Karsonga bo‘lgan hurmat-ehtiromi YECHL-da maydonga tushirishi bilan tasdig‘ini topdi: «Biz juda mamnunmiz - Skott muxlislarga tez-tez ko‘rinish bermasada, jamoa uchun muhim o‘yinchi. U Edersonga ham, Shteffenga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kasbdoshlari uning o‘gitlariga rioya qiladilar. Karson ijrosidagi seyv mag‘lubiyatga uchramasligimizni ta’minladi».

Yozda Karsonning «Siti»dagi shartnomasi nihoyasiga yetadi. Aftidan, u shundan so‘ng qo‘lqoplarini yechsa kerak. Lekin faoliyatiga nuqta qo‘yish arafasida u «Liverpul» bilan qo‘lga kiritgan YECHL oltin medali va «Manchester Siti»dagi ozgina-yu sozgina natijalari bilan faxrlanishga haqli: 2 o‘yin, 2 g‘alaba, YECHL-dagi «quruq» o‘yin va g‘ayritabiiy rekord, APLdagi bartaraf etilgan penalti.

Afsona!

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:53, 28.03.2022.
O'qildi: 1329 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.