Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/11 01:00 Xetafe 2-0 Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik 0-1 Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon 3-0 Dinamo
23/11 17:30 Lester 1-2 Chelsi
23/11 18:00 Valensiya 4-2 Betis
23/11 19:00 Verona 0-5 Inter
23/11 20:00 Bornmut 1-2 Brayton
23/11 20:00 Arsenal 3-0 Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa 2-2 Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton 0-0 Brentford
23/11 20:00 Fulhem 1-4 Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko 2-1 Alaves
23/11 22:00 Milan 0-0 Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti 0-4 Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas 2-3 Malyorka
23/11 22:30 Jirona 4-1 Espanyol
24/11 00:45 Parma - Atalanta
24/11 01:00 Selta - Barselona
24/11 15:00 Metallurg - Surxon
24/11 16:30 Jenoa - Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona - Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna - Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton - Liverpul
24/11 19:00 Torino - Monsa
24/11 19:00 Komo - Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya - Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich - Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli - Roma
24/11 22:30 Leganes - Real Madrid
25/11 00:45 Lasio - Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao - Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze

«Bunyodkor»ning shonli davri, La Ligaga ketish imkoniyatini yo‘qqa chiqargan taqiq, Eto’Oga sovg‘a qilingan Ferrari. Mirjalol Qosimov bilan katta intervyu

«Bunyodkor»ning shonli davri, La Ligaga ketish imkoniyatini yo‘qqa chiqargan taqiq, Eto’Oga sovg‘a qilingan Ferrari. Mirjalol Qosimov bilan katta intervyu

Baho:
+ | -

O‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi, hozirda Olmaliqning AGMK klubiga ustozlik qilayotgan Mirjalol Qosimov Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashriga katta intervyu berdi. Qosimov unda O‘zbekiston terma jamoasi, «Paxtakor», «Bunyodkor» va uning afsonaviy rahbari, rus klublaridagi faoliyati hamda bir qator boshqa mavzularda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. «Daryo» mazkur intervyuni o‘quvchilar uchun o‘zbek tilida taqdim etadi.

«Jarima zarbalarni mohirlik bilan amalga oshirishim — Xudodan»



— O‘zbek futboli muzeyida Pele bilan birga turgan fotosuratingizni ko‘rdim.

— Bu 1987 yilda Nigeriyaga qarshi o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining finali oldidan edi. Biz salomlashdik, o‘shanda qo‘limni yuvmayman deb hazillashgandim. Shuningdek, terma jamoa sardori sifatida (yigitlar meni tanlagandi) Jahon chempionati kubogini ko‘tarib turgan rasmim ham bor. Yonimda UYEFA prezidenti Joau Avelanj va musobaqa homiylaridan biri turgandi.



— O‘shanda Kot-d’Ivuar darvozasiga yarim finalda burchak to‘pidan gol urgandingiz.
— Ha, shunaqasi bo‘lgandi. Yana bittasini jarima zarbasidan urganman. 5:1 hisobida g‘alaba qozongandik. Juda ahil jamoa bo‘lganmiz. Maydonga chiqib, bolalardek quvonardik. Mas’uliyat bor edi, lekin bosim bo‘lmagan.

— Darvozabonlarni aqldan ozdiradigan jarima zarbalarini qayerdan olardingiz?
— Avvalo Xudodan. Mehnat ham kerak, albatta. Mashg‘ulotlardan oldin va keyin mashq qilardim. Novogorskda Gaji Gajiyev bilan shug‘ullanganmiz, «jonli devor»ni to‘qqiz metrga emas, olti metrga qo‘yardik. Uni chetlatib zarba berish uchun vaqt, kuch va sabr kerak bo‘lgan.



Zarbalarim o‘xshayotganini darhol anglaganman, keyin mahorat ham asta-sekin to‘planib bordi. «Paxtakor»ning asosiy jamoasiga o‘tganimda, ba’zi hollarda tepishimga ruxsat berishardi, asosan, kattalar tepardi. Yevrokuboklarda «Liverpul»ga jarima zarbasidan gol urish o‘zidan o‘zi bo‘lib qolmaydi, ularni uzoq vaqt mukammallashtirish kerak.

— «O‘zbek Maradonasi» laqabini kim o‘ylab topgan?
— Kimdir 1986 yilda shunaqa yozgandi, shundan keyin boshlanib ketgan. Bunday narsalarga ahamiyat bermaganman, shuning uchun eslay olmayman.

— Bunday qiyoslardan havolanib ketmaganmisiz?
— O‘shanda bu haqda o‘ylamaganmiz. Hali tuzuk o‘ynashni ham boshlamagandim, qayerdan ham havolanardim. Vazifamiz maydonga chiqish va futbolni sevish edi. Ilgarigilar futbolni yaxshi ko‘rardi, hozir futbol biznesga aylandi.

«Mash’al»ga Abdusalom Azizov chaqirgandi

— 1993 yilda «Valyadolid»ga o‘tishingizga ruxsat berishmagan. Bunga televideniyeda ehtiyotsizlik qilib, o‘zbek futboli saviyasini rus futboli bilan taqqoslab bo‘lmaydi deganingiz sabab bo‘lgani rostmi?
— Bularning barchasini sportga aloqasi bo‘lmagan odamlar qilgan. Ha, bir necha oy o‘ynamadim. «Valyadolid» yig‘inida ham qatnashganman. Lekin qizim tug‘ilishi arafasi edi va Toshkentga jo‘nab ketdim. Ortga qayta olmadim. So‘zlarimni O‘zbekistonda noto‘g‘ri tushunishgan va diskvalifikasiya qilishgan.

— 1992 yildan keyin Vladikavkazning «Spartak» jamoasi rahbariyatidan «Paxtakor»ga qaytarishni iltimos qilgan ekansiz. Bu orqali Toshkent klubining ispaniyaliklardan pul ishlab olishini xohlagansiz.
— O‘sha paytlari «Paxtakor»da yarim yil maosh to‘lanmagandi. Klub va futbolchilar nima bilandir kun kechirishi kerak-ku. SSSR parchalanganida, osetiyaliklar bizni Vladikavkazda ko‘rishni xohlagan. Ular 150 ming dollar to‘lagan, bu pullar «Paxtakor»ga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri menga berilgan. Men hammasini klubga berganman, o‘zim uchun olib qo‘yishim ham mumkin edi. Bu 150 mingga o‘sha vaqtda Toshkentda nafaqat kvartira, balki butun boshli to‘qqiz qavatli uy sotib olish mumkin edi.

— Faoliyatingizning oxirgi bosqichlarida bir yil BAAda o‘ynadingiz.
— U vaqtda ularda hozirgidek professional futbol bo‘lmagan. Futbolchilarning boshqa asosiy ishi bo‘lgan — bojxona, polisiya va hokazo. Futbol esa shunchaki xobbi edi, ular faqat kechki payt o‘yin uchun kelardi. Har bir jamoada ikki-uch nafar legioner bo‘lgan. Menga bularning hammasi yoqmadi. Ular shunchaki zavq uchun o‘ynardi, jamoaviy o‘yindan asar ham bo‘lmagan.

Asli misrlik bo‘lgan klub rahbarlaridan biriga bu haqda aytganimda, u shunday degandi: «Sen professionalsan. To‘pni olib, hammani aldab o‘t va gol ur». Shunga qaramay, davom etishni istamadim va yana «Paxtakor»ga qaytdim.

— Faoliyatingizning katta qismi shu yerda o‘tganmi?
— 2005 yilda «Mash’al»da tamomlaganman. O‘shanda bu klubni «O‘zbekneftgaz» kuratori Abdusalom Azizov boshqarardi, hozir u O‘zbekiston futbol assosiasiyasi prezidenti. U meni chaqirgandi. Bir yil o‘ynadim va o‘sha yerda faoliyatimni tugatdim.

«Gazzayevda, ta’til vaqtida formangizni saqlamagan bo‘lsangiz, yig‘inda holingiz voy edi»

— 1995 yildagi «Spartak-Alaniya» bilan qo‘lga kiritilgan oltin medal haqida nimalarni eslaysiz?
— Bizda 13—14 millat vakillari bo‘lgan yigitlar o‘ynardi, juda samimiy jamoa edik. Mavsumni bir nafasda o‘tkazdik. Ammo 21 oktyabr kuni mehmonda «SSKA»ni mag‘lub etib, chempion bo‘lgan o‘yinda bo‘lmaganman. Terma jamoa uchrashuviga ketgandim, shuning uchun kiyinish xonasida buni nishonlay olmaganman. So‘nggi uy o‘yiniga keldim, hech bo‘lmaganda o‘sha yerda o‘ynayman deb o‘ylagandim, biroq o‘yin oldidan mashg‘ulotda belimni shikastlab oldim.

— To‘xtang, qanaqasiga chempionat o‘yinlari paytida terma jamoaga ketasiz?
— Biz 1994 yilda Osiyo o‘yinlarida, Nigeriya esa Afrika Kubogida g‘alaba qozongandi. 90 yillarda an’anaviy Afro-Osiyo Kubogi o‘tkazilardi. Bu o‘yinlar terma jamoalar uchun mo‘ljallangan kunlarda o‘tkazilmagan. Ammo Valeriy Georgich tushungan holda meni qo‘yib yuborgan, bunday qilmaslikka haqqi bor edi. Men uchun terma jamoadan muhimroq narsa bo‘lmagan.

— Chempionlik uchun taqdim etilgan Mercedes’ning taqdiri qanday kechdi?
— Do‘stlarim orqali sotib yuborganman. Juda uzoq vaqt davomida turgandi. Ketganimda uni hech kim haydamasdi. Balki hozir ham kimdir uni haydayotgandir.

— «Alaniya»da o‘ynaganingizda Valeriy Gazzayev bilan munosabatlaringiz qanday bo‘lgan?
— Ajoyib. U qattiqqo‘l, talabchan va bu to‘g‘ri. Intizomsiz hech narsaga erisha olmaysiz. Undan ko‘p narsa uchun minnatdorman.

— Gazzayevda mavsumoldi tayyorgarliklar dahshatli bo‘lganmi?
— Hozir unday yuklamalarga uncha-muncha futbolchi dosh bera olmaydi. Keyinchalik bu narsa o‘zgargan. 1994 yildan keyin kerakli xulosalar chiqarildi va keyingi yili nimalardir yumshatildi. Va chempion bo‘ldik.

— Ularda qiynalmaganmisiz?
— Juda ko‘p yugurardik, hech kim uchun chegirmalar yo‘q edi. Agar ta’til paytida o‘zingizni formada saqlamagan bo‘lsangiz, unda holingizga voy edi. Talablarni bilardim va tayyorlanardim. Sport zaliga borib, kross yugurardim. Agar bir necha kilogramm ortiqcha vazn to‘plasam, bir kun ichida undan xalos bo‘lardim.

— 1996 yilda umurtqa pog‘onangiz shikastlangandagina ancha-muncha vazn yig‘ib qo‘ygandirsiz?
— Ha, o‘n kilogramm. Ammo safga qaytganimda, parhez, suzish, gimnastika yordamida ikki hafta ichida vazn tashlaganman. O‘sha damni yaxshi eslayman. 1996 yilning 17 avgustida «Rosselmash» bilan o‘ynadik. Ikkita gol urdim, 12 gol bilan to‘purarlar ro‘yxatida peshqadamga aylandim. Uyga keldim, qo‘shnimni chaqirdim. Rafiqam tushlik tayyorladi, osh pishirdi. Suhbatlashib o‘tirdik, keyin esa o‘rnimdan turolmadim. Belimni ololmay qoldim.

— Tekis yerdami?
— 1994 yilda basseyndan chiqayotganimda sirg‘alib, belim bilan yiqilib tushganimda boshlangandi. Chempionat men uchun tugadi.

Mavsum yakunlangach, O‘zbekiston futbol federasiyasining o‘sha paytdagi prezidenti Zokir Almatov yordam berib, operasiya uchun meni Germaniyaga jo‘natdi. O‘zbekiston terma jamoasi Amirliklarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogiga yo‘l oldi, men esa davolanishga jo‘nab ketdim. Agar operasiya bo‘lmasa, balki o‘shandayoq futbolni tugatgan bo‘lardim. Operasiya natijasi kafolatlanmasligiga rozi ekanligim haqidagi qog‘ozga imzo chekishni taklif qilishdi. Avvaliga rad etdim, lekin shifokor qoidalar shundayligini tushuntirdi va hammasi yaxshi bo‘lishini aytdi. Keyin shunchaki imzo chekdim. Yana olti oy tiklanish jarayonini boshdan kechirdim.

— «Alaniya»ning ko‘p futbolchilari chet el klublariga ketgandi. Sizni chaqirishganmi?
— 1996 yilda qolishga qaror qildim, keyin esa baxtsiz jarohat. Operasiyadan keyin uzoq vaqt maydonga tushmadim, tuzalganimdan keyin mavsumni «Paxtakor»da o‘tkazdim. 1998 yilda chempion bo‘ldik, 1999 yilda «Alaniya»ga qaytdim. 2000 yilda Gazzayev «Dinamo»ga ketdi, meni esa Aleksandr Tarxanov «Krilya Sovetov»ga chaqirdi. Keyingi ikki mavsumni shu yerda o‘tkazdim. Juda ajoyib jamoa yig‘ilgandi. 2001 yilda chempionatda beshinchi o‘rinni egalladik, ungacha Samara buni orzu ham qila olmagan.

— Murabbiy bo‘lganingizdan keyin Jahon Chempionatiga borganmisiz?
— Braziliya—2014 ga. JCH—2018 bilan parallel ravishda chempionatimiz o‘tayotgandi, Rossiyadagi musobaqani televizor orqali tomosha qildik. Jahon Chempionatlarida 11 ta o‘yin boshqargan hakamimiz Ravshan Ermatovga muxlislik qildik. Shuningdek, bir paytlar birga o‘ynagan Sergey Ignashevichni kuzatdim. 2000 yilda siz bilan o‘ynagan futbolchi oradan 18 yil o‘tib mundial chorak finaliga chiqqan jamoaning eng yaxshi himoyachisi bo‘lganini ko‘rish yoqimli.

— «Alaniya»ni kuzatib turibsizmi?
— Albatta. Klubning professional maqomni yo‘qotgani achinarli. Ammo hozir qayta tiklanmoqda. Jamoaning Rossiya Kubogidagi o‘yinlaridan xursandman. Osetiya xalqi sportni sevadi. Bizning o‘yinlarimizda yigirma mingdan kam muxlis bo‘lmagan. Umid qilamanki, tez orada yana shunday darajaga qaytiladi.

«Shomurodovga o‘xshaganlarni O‘zbekistonda ko‘rmayapman. Iqtidorlilar bor, ammo bo‘sh»



— 1994 yili sizning yetakchiligingizdagi O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida o‘z tarixidagi yagona sovrinni qo‘lga kiritgan. Mamlakat haqida nima deya olasiz.
— Biz hech qanday yodgorliklarga bormaganmiz, deyarli Olimpiya shaharchasidan chiqmaganmiz. Bu faqat futbol musobaqasi emasdi. Musobaqa haligacha yodimdan chiqmaydi.

SSSR parchalangach, bu O‘zbekiston terma jamoasining yirik musobaqalardagi ilk ishtiroki edi. O‘sha yillarda ko‘pchilik mamlakatimiz qayerdaligini ham bilmasdi. Futbol esa ajoyib ishni amalga oshirdi — o‘sha musobaqadan so‘ng Osiyodagi hamma bizning qayerdan ekanligimizni bilib oldi. Turnirni bir nafasda o‘tkazdik, barcha raqiblarni mag‘lub etdik — Saudiya Arabistoni, Koreya, Xitoy.

O‘shanda mamlakatda ko‘pchilik bizning musobaqaga borishimizni xohlamagandi. Individual sport turlarini rivojlantirish yaxshiroq deb hisoblashgan va butun jamoaga pul sarflash ko‘p xarajat talab etishini aytishgan. Hech kim bizni u yerdan medal olib keladi deb o‘ylamagan, oltin haqida esa gap ham yo‘q edi. Boshqa davlatlar uchun esa, albatta, bizning natijamiz kutilmagan voqea bo‘lgan. «O‘zbekiston? Kim o‘zi ular?», deb hamma hayron bo‘lgandi.

— Sizning boshqaruvingizda terma jamoa 2014 yilgi Jahon Chempionatiga chiqishga juda yaqin kelgandi, ammo Osiyo mintaqasi pley-offida Iordaniyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandingiz. O‘shanda aybni o‘z bo‘yningizga olib, iste’foga chiqmoqchi bo‘lgandingiz.
— Chunki vazifa bajarilmagandi. Biz harakat qilgandik. Agar Janubiy Koreya va Eron so‘nggi o‘yinda durang o‘ynaganida, avtomatik tarzda mundialga chiqardik. Ammo endi bularni gapirishdan ma’ni yo‘q. O‘shanda iste’fo qabul qilinmagandi, natijada bir yarim yildan so‘ng terma jamoadan ketganman.

— Jahon Chempionatiga chiqishda jamoaga doimo nima yetmay qoladi?
— O‘zbeklarda doim imkoniyat bo‘lgan. Ammo oxirgi to‘siqdan o‘ta olmaymiz. O‘yinchilarimiz yaxshi bo‘lgan. Masalan, xuddi shu Maksim Shaskix. Oxirgi marta «Rotor»da ishlaganida ko‘rishgandik. Toshkentga kelganida ham ko‘rishib, gaplashib turamiz. Hozir mana Eldor Shomurodov yetishib chiqdi. U mening davrimda «Bunyodkor»dan «Rostov»ga ko‘chib o‘tgan.

— O‘shanda uning Italiyada o‘ynashini kutganmidingiz?
— Italiya haqida o‘ylamaganman, yolg‘on gapirib nima qildim. Ammo Rossiyada o‘ynab ketishiga ishonchim komil edi. U — juda iqtidorli bola, vijdonli, og‘ir bosiq, tarbiyali. Qo‘l ostimda hujum markazida ham, qanotda ham o‘ynagan. To‘p bilan yaxshi muomala qilardi.

— Shomurodovning maoshi oyiga 500 dollar bo‘lgani rostmi?
— Yo‘q, ko‘proq bo‘lgan. 1000 dollar atrofida. Italiyadagi o‘yinlarini kuzatyapman, Mourinyo uni kam o‘ynatayotgani achinarli. Sog‘ bo‘lsin, nima bo‘lganda ham katta ishni amalga oshirdi.



— O‘zbekistonda kimdir uning yo‘lini takrorlay oladimi?
— Unga o‘xshaganlarni ko‘rmayapman. Iqtidorli yigitlar bor, lekin mentalitetni o‘zgartirish kerak. Juda bo‘sh.

— Masalan, Oston O‘runov?
— Barcha detallarni bilmayman, shuning uchun muhokama qilishni istamasdim. Nazarimda, u «Ufa»ni «Spartak»ka almashtirmasligi kerak edi – u buni juda erta qildi.

— Yana terma jamoani boshqarishni xohlaysizmi?
— Hozir yo‘q, xohlamayman. AGMKni boshqaryapman. Yaxshi infratuzilma yaratmoqchimiz. Olmaliq shahri kichik, odamlari mehnatkash. Rahbar futbolni juda yaxshi ko‘radi.

«Rivaldo haqiqiy professional edi»

— Rivaldo o‘ynagan «Bunyodkor»ni boshqargansiz. O‘sha paytdagi klub egasi Odil Jalolov haqida afsonalar yuradi.
— U futbolni juda yaxshi tushunadi. Undan 1956 yoki 1975 yil haqida so‘rang — hamma narsani aytib beradi. Futbolni ham sevadi. Messi 17 yoshda bo‘lganida buyuk futbolchi bo‘lishini ishonch bilan aytgandi. U «Barselona»ning ashaddiy muxlisi. Menga ham doim Gvardiolaning uslubi yoqqan, hozir Xavi ham yaxshi yo‘lda. Jalolov o‘yinning O‘zbekistondagi rivoji va uning ommalashishi uchun juda ko‘p ish qildi. Mashhur futbolchilarni olib keldi, mamlakatning eng yaxshi stadionini qurdi, maydonlar bilan to‘la akademiyani barpo etdi.



— O‘sha paytda «Inter»da o‘ynagan Samyuuel Eto’Oni Toshkentga bemalol taklif qilib, unga Ferrari bergani, mashinani urib olganida esa uni Italiyada tuzattirib bergani rostmi?
— Eto’O Ferrari’ni urib olganmi yoki yo‘q bilmayman. Ammo uni bergani aniq.



—Rivaldo bilan birga ishlagansiz. U haqida nima deya olasiz?
— Yaxshi edi. Harakat qilardi. Qayerdadir mashg‘ulot jarayonida yoshiga qarab unga «chegirma»lar berardik. Ammo maydonda Rivaldo mehnat qilar, jamoaga ko‘p foyda keltirardi. Ishga vijdonan yondashardi, professional sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lardi.

— Ko‘plab braziliyaliklar kabi ko‘ngilxushlik qilmasmidi?
— Yo‘q, e’tiqodli edi, oilasi va bolalariga ko‘p vaqt ajratardi. Ha, braziliyaliklar ko‘ngilxushlik qilishi mumkin edi, lekin u unday bo‘lmagan.

— Jamoani Osiyo Chempionlar Ligasining yarim finaliga olib chiqqansiz, bu bosqichda esa uni Ziko boshqargan. Nega bunday bo‘lgan?
— Rahbariyat shunday qaror qilgan. Achinarli, ammo vaziyat shunaqa bo‘lgan. Bu mamlakatning marhum, birinchi prezidentining topshirig‘i bilan bo‘lgan.

(«Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ziko dastlab O‘zbekiston terma jamoasiga taklif qilingan, biroq mamlakatning birinchi prezidenti, yakkalanish siyosati tarafdori Islom Karimov buni so‘nggi lahzada bilib, shunday degan: «Terma jamoada hech qanday xorijlik murabbiy bo‘lmaydi». Ammo shartnoma imzolab qo‘yilgani uchun Ziko Qosimovning o‘rniga «Bunyodkor»ga yuboriladi, Qosimov esa terma jamoaga o‘tkaziladi. Natijada «Bunyodkor» Chempionlar Ligasi yarim finalida Ziko bilan Avstraliyaning «Adelaida» klubiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Zikoda «SSKA»dan taklif paydo bo‘lganida esa ortiqcha o‘ylanishlarsiz qo‘yib yuboriladi» — muallif Igor Rabiner).

— Ziko jamoada qisqa muddat bo‘ldi, keyin «SSKA»ga o‘tdi. Jamoani Luis Felipe Skolari boshqardi. O‘shanda terma jamoada ishlagansiz va jahon chempioni bo‘lgan murabbiy bilan yaqindan muloqot qilgandirsiz. Nimalarni o‘rgandingiz?
— Skolari — malakali murabbiy. Biz u bilan yaxshi munosabatda edik. Men chekardim, u esa buni ko‘rib, yomon qaragan. Unga shartnomamda bunday band borligini aytganman (kuladi).

«Bunyodkor»ning Chempionlar Ligasi doirasidagi o‘yini uchun Janubiy Koreyaga borgandik. Bizni mashg‘ulot maydonlariga olib kelishdi. Mezbonlar bizga yuz metr nariroqdagi maydonni taklif qilishdi. Ammo Skolari o‘jarlik qilib, shunday dedi: «Yo‘q, faqat shu yerda mashq qilaman!». U hamma narsada ham moslashuvchan bo‘lish shart emasligini, qayerdadir o‘zinikini ham o‘tkaza olish kerakligini ko‘rsatdi.

— 2010 yillar o‘rtalarida «Bunyodkor»ning sobiq xo‘jayini jamoadan ketdi, siz esa jamoada qoldingiz.
— Klub davlat tasarrufiga o‘tdi, uni bir transfer oynasida 14 futbolchi tark etdi. Lekin baribir o‘sha saviyada qoldik, Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik, ikki yil guruhdan chiqdik va 2012 yilda hatto ikkinchi marta yarim finalga qadar yetib bordik, butunlay boshqa sharoitlarda. 2013 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘ldik, mamlakat kubogini qo‘lga kiritdik. Klub poydevori yaxshi bo‘lgan.

— Jalolov bilan aloqangiz bormi?
— Ha, vaqti-vaqti bilan muloqot qilib turamiz.

«O‘g‘limning to‘yiga 750 kishi kelgan».

— Aytishlaricha, xayrlashuv o‘yiningiz chiroyli o‘tgan. Masalan, terma jamoa safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekordchi bo‘lgan eronlik Ali Dai ham qatnashgan ekan.
— U Osiyo futbolining afsonasi, tez-tez bir-birimizga qarshi o‘ynardik. Futbolimiz uchun katta mehnat qilgan ajoyib inson Mirabror Usmonov boshchiligidagi federasiyamiz orqali u va boshqalar bilan bog‘langanmiz. U infratuzilma va sharoitlarni yaratib bergan. Uning sharofati bilan o‘yin bilan bog‘liq muammo tezda hal qilingandi. Ajoyib bo‘lgan, stadion to‘lgan, ko‘pchilikka chipta yetmay qolgandi.

— AGMKga qanday keldingiz? Siz uni ketma-ket ikki marta deyarli noldan O‘zbekiston chempionatining bronza medali sovrindoriga aylantirdingiz.
— «Bunyodkor» yangi shartnoma taklif qilmadi, faqat shu sababli. Aks holda ketmagan bo‘lardim. 2019 yilda AGMK o‘rtamiyona o‘yin ko‘rsatdi, keyin asta-sekinlik bilan yaxshilana boshladi. Jamoada kamida 40 foiz mahalliy yigitlar o‘ynashi kerak. Futbolchi o‘z shahri jamoasi uchun chiqishi juda muhim. Buning uchun sharoit yaratish kerak — maktablar, akademiyalar. Bularning barchasi keyingi avlodga o‘tadi.



— Olmaliqliklar futbol tomosha qilishga keladimi?
— Hali biz xohlaganchalik emas. Mehnatkashlar ishdan dam olishi, zavq olishi uchun ularni (Olmaliqda ko‘pchilik konchi sifatida faoliyat yuritadi) o‘yinimiz bilan o‘zimizga jalb qilishimiz kerak. Bu darhol bo‘ladigan narsa emas.

— Rossiyaga ishlashga taklif qilishganmi?
— Taxminan, 12—13 yil avval Samaraga chaqirishgandi. Lekin bormadim. Kimgadir nimanidir isbotlashga xohish yo‘q. Bir marta yashaymiz. Yashashimiz, quvonishimiz kerak, Yaratgan qancha narsa berdi. Oila, farzandlar, nevaralar...

— Qancha nevarangiz bor?
— Hisobda adashib ketaman (kuladi). Ko‘p. Sakkiz nafar. Uchalasi qizimdan, qolgani o‘g‘illarimdan. Hali turmushga chiqmagan qizim ham bor.

— O‘zbek to‘ylariga ba’zan ming nafar mehmon keladi. Sizda qanday bo‘lgan?
— 90 yillarda uylanganman, hovlida to‘y qilganmiz. U yerda qancha odam borligini aytish qiyin. 2012 yilda o‘g‘limni uylantirganimda, kechki bazmga 750 kishi kelgan. Undan oldin nahorga osh berilgan. Bunday tadbirlarga jami ikki-uch ming kishi keladi. O‘zbekistonda och qolmaysiz.

— Buni tushundim. Bunday ovqat bilan qanday qilib o‘yinchilik yillaringizda ortiqcha vazn to‘plamagansiz?
— O‘zimga hamma narsani ham ravo ko‘ravermasdim. Mavsumlar oralig‘ida ota-onamning yoniga kelsam, ulardan ortiqcha hech narsa taklif qilmasliklarini so‘rardim. Nima kerak bo‘lsa, o‘zim yeyishimni aytardim.

— O‘yinchilaringizni ortiqcha vazni uchun jazolaysizmi?
— Yo‘q, faqat ogohlantiryapman.

— Erisha olmagan narsalaringizdan afsuslanasizmi?
— Boshqa futbol o‘ynay olmasligimdan afsuslanaman. Qolgan narsalarda hammasi joyida. Ammo ichimdagi futbolchi ruhi so‘nmagan.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 06:50, 17.05.2022.
O'qildi: 4319 marta.
Fikrlar: 16 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.