Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Ispancha» «Surxon»: «Buyuk ipak yo‘li»da «tiki-taka»

«Ispancha» «Surxon»: «Buyuk ipak yo‘li»da «tiki-taka»

Baho:
+ | -

Yaqinda mashhur Marca nashri va uning rasmiy saytida futbolimizga bag‘ishlangan katta maqola berildi.

Albatta, ispaniyalik hamkasblarimiz milliy futbolimizga o‘z ham­yurtlari Anxel Lopes boshqarayotgan «Surxon» orqali nazar tashlashdi.


10 nafar ispan bilan

O‘zbekiston klubi tizimida 10 nafar ispan bor! Bosh murabbiy Anxel Lopesning maqsadi jiddiy: jamoa bilan mamlakat chempionatida eng yaxshilar qatoriga kirish. Ha, Ispaniya brendi futbol olamiga o‘z ildizini yoyishda davom etmoqda. «Tiki-taka» jumladan, Qozog‘iston, Qir­g‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi O‘zbekis­tonga ham yorib kirishga urinmoqda «Bu biz - ispanlar uchun hali to‘liq aniqlanmagan mutlaqo notanish hudud. O‘zbekiston - sobiq ittifoq tarkibiga kirgan 15ta respublikadan biri edi, 1991 yili esa mustaqillikka erishgan. Gap tinch, xavfsiz va rivojlanayotgan mamlakat haqida ketmoqda», - deydi Marca nashrini Toshkentga yetib borish uchun 6000 kilometrdan ortiq yo‘l bosib o‘tishga majbur qilgan katta «aybdor» Anxel Lopes. O‘zbekiston poytaxti 2,7 million aholiga ega Markaziy Osiyoning asab markazi hisoblanadi. Ma’lumki, «tosh shahri» Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik sanaladi, unda sobiq ittifoqning ba’zi jihatlari hanuzgacha saqlanib qolgan. «Bu yer meni hayratga soldi, rosa yoqdi. Juda toza va zamonaviy shahar», - deydi Manel Martines. Uning fikrini Luisma Kezada ham qo‘llab-quvvatlaydi: «Hayot ritmi butunlay yevropacha. Ijtimoiy sharoitlar Madriddagi darajadan uncha qolishmaydi».

Nima derdik, «Buyuk ipak yo‘li» darvozalarida Osiyo uchun g‘aroyib bir hodisot rivojlanyapti. Biznesmen Jahongir Usmonov boshchiligidagi yangi «Surxon» tizimida 10 nafar ispan (olti murabbiy va to‘rt futbolchi) yig‘ildi! Boshqacha aytganda, Anxel Lopes (Madrid), Migel Alvares (Orense), Karlos Ximenes (Kastelyon), Xulen Esnao­la (Gipuskoa), Jonatan Lomas (Madrid), Rodrigo Martin (Asturiya), Serxio Rodriges (Badaxos), Luisma Kezada (Madrid), Ruben Sanches (Toledo) va Manel Martines (Barselona) Toshkentda «kichik Ispaniya»ni shakllantirishdi. «Bu yerda menga qattiq ishonishadi, hurmat bilan yondashishadi. Kuchli munosabat o‘laroq, o‘zimni ular buyuk murabbiy bilan shartnoma tuzishgandek his qildim», - deydi «Surxon» klubi bosh murabbiyi va sport direktori.


Falsafa toshi

«Surxon» klubi «armadasi» tasodifiy hodisa emas. «Loyiha rahbari Jahongir Usmonov Ispaniya va uning futboliga oshiq. U «Real Madrid» jamg‘armasi bilan bir necha loyihalarni yo‘lga qo‘ygan. Usmonov birinchi uchrashuvdayoq aynan ispaniyalik murabbiy bilan ishlashni xohlashini aniq tushuntirdi», - deydi Anxel. Ekvatorial Gvineya termasi sobiq murabbiyining kelishi klubda domino effektini keltirib chiqardi: «O‘zi iqtisodiy sharoitlar taklif qiladigan emas, balki umidbaxsh yangi g‘oyalar beradigan sodiq odamlar qidirgandim». Murabbiy klubga hattoki, fizioterapevt ham taklif qildi. «Fizioterapevtning murabbiylar shtabi bilan xorij bo‘ylab kezishi odatiy hol emas, lekin Anxel buni muhim shart sifatida ko‘radi. Men ham muvaffaqiyatda fizioterapevt rolini past baholamayman, chunki klub uning yordamida o‘sishi mumkin» - bu qayta tarbiyalovchi va zarurat tug‘ilsa, shifokor sifatida ham ishlayotgan Rodrigo Martinning fikri. Shuningdek, jamoa menejeri ham bor - Jonatan Lomas «Surxon» uchun «himoyalovchi farishta»ga aylangan: «Zimmamdagi ish juda keng. Asosan futbolchilarning kundalik hayotini imkon qadar yengillashtirish va xodimlarga moddiy-texnik tomondan ko‘maklashishga harakat qilaman». «Tansoqchi» yoki darvozabonlar murabbiyi rolida Xulen Esnaola: «Asli Hindistondanman, u yerda futbol saviyasi oshmoqda, lekin professional darajadan hali ancha yiroqda... Bu yerga kelib, hayratda qoldim. Ixtiyorimda mamlakatning eng yaxshi 3 nafar darvozaboni borligidan baxtiyorman».


Valdebebasdan  Toshkentga

Tarkib tanlash masalasi ham xuddi shunday. «Xato qilish chegarasi minimal darajada, negaki, klubga Osiyo tashqarisidan atigi 4 nafar futbolchi olishingiz mumkin. Rahbarlar menga ajoyib xalqaro tajribaga ega yigitlar nomzodini ko‘rsatishdi, lekin ham shaxs, ham professional sifatida o‘zim yaxshi taniydigan ijrochilar qidirayotgandim. Manel timsolida gollar va xavfli uzatmalarni ko‘raman, bunday futbolchiga ehtiyojimiz bor edi. Rubenda esa iste’dod, aql va g‘ayrioddiy chap oyoq mujassam. Kezada haddan tashqari tezkor va markazni nazorat qiladi, Serxio esa himoya chizig‘ida ishonch va bar­qarorlik bag‘ishlaydi». - Anxel Lopes ispaniyalik shogirdlariga shunday ta’rif beradi. Ayniqsa, Kezadaning tarixi diqqatni tortadi. Dominika terma jamoasi vingeri 2017 yili Zayniddin Zidan qo‘l ostida «Real» libosida debyut qilgan, kubok turnirida: «Hayratlanish kuchli. Klubdoshlarim men o‘ynagan jamoa­lar ro‘yxatini ko‘rib, voqealar aytib berishimni so‘rashadi». Jiddiy jarohat «Kadis» bilan endi shartnoma tuzgan Kezada «qanot»larini sindirgandi. U zoye ketgan yildan so‘ng endi «Surxon»da faoliyatini qayta tiklashga bor vujudi bilan tirishmoqda: «Bu - men uzoq kutgan ikkinchi imkoniyat. Jarohat ortidan uzoq vaqt ishsiz qoldim, endi esa baxtiyorman. Axir o‘zimga eng yoqadigan joy - maydonga qayt­dim».


O‘zbekiston chaqmog‘i

Loyihada cheklovlari bor: «Surxon» mahalliy ligadagi eng past byudjetli jamoalardan biri. «Kelganim bilan aytishdi: «Rayo-de-O‘zbekistonda xush ko‘rdik: siz chuqur ildiz otgan, kamtarin, muhim ijtimoiy e’tiborga ega hurmatli klubdasiz». Xuddi shunday ekan», - deya ta’kidlaydi Anxel Lopes. Muhimi, umid katta. «Maqsad - «Surxon»ni elit divizionda barqarorlashtirish, uni har doim yuqoridan pastga tushadigan lift-klub bo‘lmasligini ta’minlash. Mana, yangi sarmoyador byudjetni oshirishga va’da berdi va endi «Surxon»ni mamlakatning asosiy jamoalari qatoriga qo‘shishga qaratilgan ulkan loyiha taqdim etish niyatidaman», - deydi «Volos», «Delfin» va «Atromitos» kabi klublarning sobiq ustozi.


Afg‘oniston bilan chegara

«Surxon»ning yana bir muhim jihati bor. U O‘zbekiston janubida joylashgan Termiz shahri sharafini himoya qiladi. Afg‘oniston bilan chegaradosh hudud! «Bu xavfsiz», - deyishadi xodimlar. Vaholanki, klub joriy mavsum Toshkentda shug‘ullanmoqda, o‘ynamoqda. «Xuddi «Almeriya» Madridda o‘ynaganidek..., - deya shikoyat qiladilar klub vakillari. - Termizdagi stadionda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. «Surxon» o‘tgan mavsum 25 ochkodan 20tasini o‘z maydonidagi o‘yinlarda olgan. Termizda havo juda issiq, yana muxlislar bosim o‘tkazishadi».


Uslub Ispaniyada «ishlab chiqarilgan»

«Surxon» o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarmoqda. Jamoa 14ta ishtirokchidan iborat ligadan quyiga tushib ketmaydi. «Hozircha bizga gol kamlik qilyapti. Agar yaqinda sharnoma tuzgan Manel va Ruben birga o‘ynashganida, hozir kuchli 6talikda turgan bo‘lardik», - deyishadi ispaniya­lik futbolchilar deyarli bir ovozdan. Uslub muhokama qilinmaydi. «Sport nuqtai nazaridan emas, foydalanish masalasida yomon davr­ni boshdan kechirdik. Jamoa hamisha yaxshi o‘ynadi, raqobatbardosh ekanligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, pressing­da dadil, chuqur va tajovuzkor ko‘rindik. O‘ylaymanki, ikkinchi davrada dadil olg‘a boramiz», - bu Anxel Lopesning xulosasi. «Kayzer» - Serxio Rodriges murabbiy qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi: «Biz maydonda uning g‘oyalarini yigitlarga eng yaxshi holatda yetkazish harakatidamiz. Deylik, men markaziy himoyachi sifatida qisqa va uzun chiqishlar asnosida Ispaniya uslubini singdirishga urinyapman».


Yuqori daraja

Anxel Lopesning aytishicha, RFEFdan keliboq nimalarnidir o‘zgartirib yuborish qiyin. «Mahalliy futbol darajasi chakki emas. Bu yerda saviya bor, yaxshi ijrochilar ham. O‘zbekis­tonda o‘sishda davom etishdan umidvorman, albatta», - deydi «Barselona»ning sobiq futbolchisi Manolo o‘g‘li Manel Martines. Ruben Sanches darhol bu gapga qo‘shiladi: «Yuqori daraja va talab bor. To‘p yo‘qotilganidan keyin jiddiy pressing qilishadi. O‘ylaymanki, bu ko‘proq e’tiborga loyiq notanish liga». Murabbiy yordamchisi Migel Alvares ham xuddi shunday fikrda: «O‘zbekiston futboli butun Osiyoda hurmatga sazovor. Mana, mamlakat yoshlar terma jamoasi yaqinda U-23 toifasidagi Osiyo chempionatida 2-o‘rinni egalladi. Bizda esa Akbarov va Kama kabi kelajagi porloq futbolchilar bor, ular Shomurodov zinapoyasi or­qali Yevropaga yo‘l olib, bemalol o‘ynab ketishlari mumkin».

Manba: marca.com, A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:30, 09.08.2022.
O'qildi: 3348 marta.
Fikrlar: 13 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.