Londonning "Arsenal" klubi 2022-23 yilgi mavsumni uchta ketma-ket g‘alaba bilan boshladi. Bu esa jamoaning so‘nggi 20 yildagi eng kuchli starti bo‘ldi. O‘tgan yilga qaraganda bu mutlaqo katta o‘zgarish va o‘sish sanaladi. Mikel Arteta jamoasi bir yil oldin 3 ta turdan keyin 0 ochko bilan APL jadvalining so‘nggi o‘rnini band etib turgandi. Birinchi o‘rinda esa "Tottenxem" 9 ochko bilan yetakchilik qilgan. Yakunda esa "to‘pchilar" "shporlar"dan 2 ochko kam to‘plagan holda, 5 o‘rinda mavsumni yakunladi. Bugun esa hammasi o‘zgardi. Jamoa 100% natija bilan yetakchilikni o‘z qo‘liga olgan. Yangi futbolchilar bo‘lgan Vilyam Saliba, Oleksandr Zinchenko hamda Gabriel Jezuslar barcha bahslarda asosiy tarkibda maydonga tushirildi. Aynan ular "Arsenal"ni yangi bosqichga ko‘tara oldi.
Quyida "Arsenal"ning Premyer-liga erasidagi tarixida mavsumni bugungi kabi muvaffaqiyatli boshlagani haqida gaplashamiz.
1) 2003-04 yilgi mavsum
O‘sha mavsum butun dunyo yodida "Arsenal"ning yengilmas davri sifatida yodda qolgan. Ammo ochilish uchrashuvi murakkab boshlanadi. O‘yinning 25 daqiqasida Sol Kempbell qizil olib maydonni tark etadi. 10 kishi qolgan londonliklar esa hamjihatlikda harakat qilib, o‘yin so‘ngida 2-1 hisobida g‘alabaga erishadi. Ikkinchi bahs safarda, "Midlsbro"ga qarshi kechgan. Yakun esa 4-0 hisobida "Arsenal" foydasiga hal bo‘ladi. Ketidan "Aston Villa"ga qarshi uy o‘yinidan ham g‘alabaga erishiladi. Shunday qilib, 38 tur davomida "to‘pchilar" mag‘lubiyatga uchramaydi va Angliya chempioniga aylanadi.
2) 2004-05 yilgi mavsum
"Engilmaslar" keyingi mavsumni ham yuqori notada boshlaydi. Ilk bahsda "Everton" 4-1 hisobida dog‘da qoldiriladi. Keyin esa "Midlsbro" 5 ta gol bilan taslim etilgan (5-3). Uchinchi o‘yinda "Blekbern Rovers" yirik, 3-0 hisobida mag‘lub etiladi. O‘sha davrning yorqin yulduzi Dennis Bergkamp mana shu bahslarda jami ikkita gol urgan. O‘ta yosh iqtidor Sesk Fabregas esa "Blekbern" darvozasiga o‘zining ilk golini yo‘llaydi. Keyinchalik ham Arsen Venger shogirdlari yana "Norvich" va "Fulxem"ga qarshi ikkita bahsda g‘alabaga erishgan. Hamma "Arsenal"ni yana bir chempionlikka qarab ketdi deb o‘ylagandi. Ammo yakun unday bo‘lmadi. Keyingi bahs "MYU"ga qarshi safarda kechadi. Unda esa maydon egalari 2-0 hisobida yengilmasdek ko‘ringan "Arsenal"ni taslim etadi. Shu bilan Vengerning tarixdagi eng uzoq davom etgan 49 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasaladi. Eng yomoni esa "Manchester Yunayted"ga qarshi uchralgan ana shu mag‘lubiyat jamoa ruhiyatiga o‘nglanmas shikast yetkazgandi. Shundan so‘ng, "Arsenal" keyingi 7 ta uchrashuvdan atigi 2 tasini g‘alaba bilan tugatgan. Mavsum so‘ngida chempionlik shohsupasiga Joze Mourinyoning "Chelsi"si ko‘tariladi. O‘sha mavsumdagi "aristokratlar" APLda yangi rekord o‘rnatgan edi. Ular mavsumni 95 ochko bilan yakunlaydi va atigi 15 ta gol o‘tkazib yuboradi. Arsen Vengerning "to‘pchilar"i esa 12 ochko farq bilan ikkinchi pog‘onani band etadi. Ammo mavsum quruq qo‘l bilan emas, balki Angliya kubogidagi g‘alaba bilan yakun topadi.
Bugungi "Arsenal" ustozi mavsumdagi uchta g‘alaba haqida gapirar ekan, jumladan, shunday deydi: "Jamoa hali mukammalikdan ancha yiroqda. Ha, g‘alaba qozondik, ammo bu hech nimani anglatmaydi. Jamoada kamchiliklar bor va uni tuzatishga vaqt zarur. Xatolarimiz ustida ishlashda davom etamiz".
"Arsenal" to‘rtinchi turni o‘z uyida, mahalliy raqib – "Fulxem"ga qarshi o‘tkazadi.
ISMATOV J.