Yetakchi bo‘lish uchun, albatta, katta mablag‘ talab etiladi. Bu futbol gap klublariga tegishli. Aynan shu maqsadda Angliyaning top-klublari bu yozda ko‘p pul sarf etib, kerakli deb hisoblagan futbolchilarini xarid qildi. Buning natijasida APLning oltita jamoasi dunyoning eng qimmat tarkibga ega klublari ro‘yxatidan joy oldi. Ayni damda kuchli oltilikka kiruvchi klublar umumiy tarkibining qiymati 4,1 milliard funtni tashkil etmoqda. Bunga sabab esa yozda o‘ta katta xaridlar amalga oshirilganidir. APLning kuchli oltilik klublari transferlar oynasi davomida jami 1 milliard funtdan ko‘proq mablag‘ni futbolchi sotib olishga sarflagan. Bu esa rekord natija hisoblanadi. Angliyaning elitadagi 20 ta jamoasi umumiy harajatlari 1,92 milliard funtni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yildagi rekorddan 34 foizga ko‘proqdir.
APLning 20 ta jamoasi futbolchi sotishdan 850 million funt ishlab olgan. Bu esa 2017 yilgi summadan ancha ko‘pdir (665 million funt). Shu sababdan, "CIES Football Observotory" ma’lumotlari asosida tuzilgan ro‘yxatda dunyoning eng qimmat tarkibga ega bo‘lgan 10 ta jamoasi tartibini ingliz jamoalari boshqarmoqda. Hayratlanarlisi shundaki, nemis giganti bo‘lgan "Bavariya" bu ro‘yxatdan joy olmagan. Italiyadan, hatto, birorta jamoa mavjud emas. Quyida o‘sha ro‘yxat e’tiboringizga havola etiladi.
Ro‘yxat yetakchiligi, tarkibi o‘ta yulduzli bo‘lgan "Manchester Siti"ga tegishli. Gvardiola shogirdlarining umumiy qiymati 917 million funtni tashkil etadi. Bu yozda klubga tashrif buyurgan Erling Xoland (51 million funt), Angliya terma jamoasi a’zosi Kalvin Fillips (45 million funt), himoyachilar Serxio Gomes (11 million funt) hamda Manuel Akanjilar (15 million funt) tarkibni yanada qimmatlashishini ta’minlagan.
"MYU" ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasiga joylashtirilgan. Klub futbolchilari esa 863 million funtga baholangan. Unda yozda olib kelingan Antoni (85,5 million funt), Kazemiro (70 million funt), Lisandro Martines (55 million funt) hamda Tirell Malasialar (13 million funt) bor. Uchinchi o‘rinni 759 million funt bilan "Chelsi" band etdi. London klubi yozning eng katta sarf-xarajatga ega jamoasiga aylangan edi. Tuxel yangi futbolchilarga jami 255 million funt sarfladi. Bu esa APL umumiy xarajatlarining 13 foizini tashkil etadi. Xususan, "aristokratlar" himoyaga Fofana (70 million funt), Kukurelya (62 million funt) va Kulibalini (34 million funt), hujumga esa Obameyang (10,3 million funt) hamda Sterlingni (50 million funt) taklif etgan.
"PSJ" ro‘yxatimizdagi ilk ingliz bo‘lmagan klublardan biridir. Parijliklar 730 million funtlik tarkibga ega. Jamoa yozda Vitinya, Mendesh, Sanchesh hamsa Fabian Ruisni xarid qilgandi.
"Liverpul" beshinchi o‘rinni band etgan. Jamoa yozda Nunyes, Karvalyu hamda Remsini jalb etgan. Yevropa chempionlari bo‘lgan "Real" 621 million funtlik tarkib bilan oltinchi o‘rinda qayd etilgan. "Qirollik klubi" yozda faqatgina Orelyen Chuamenini sotib oldi.
Yettinchi o‘rinda "Real"ning ashaddiy raqibi bo‘lgan "Barselona" turadi. Xavi tuzgan jamoaning qiymati "CIES" tomonidan 539 millionga baholangan. Kataloniyaliklar Levandovski, Rafinya hamda Kunde kabi yirik xaridlarga qo‘l urdi.
Londonning "Arsenal" klubi 460 million funtga teng bo‘lgan tarkib bilan sakkizinchi o‘rinda qayd etiladi. Klub yoz davomida Jezus, Zinchenko, Viyeyra, Tyorner hamda Markinyosni xarid qildi.
"Arsenal"ning raqibi bo‘lgan "Tottenxem" to‘qqizinchi pog‘onaga joylashgan. Klub Risharlison, Bissuma, Romero, Spens va Udoji kabi yangi nomlarni rasmiylashtirgan.
Ispaniya poytaxtida joylashgan yana bir grand klub "Atletiko", ushbu ro‘yxatimizni yakunlaydi. Diyego Simeone boshchiligidagi futbolchilarning umumiy qiymati 432 million funtga baholangan.
ISMATOV J.