Bundan bor-yo‘g‘i bir necha hafta oldin "Tottenxem" "shaharliklar" bilan to‘qnashgan edi. Dastlabki bo‘limda ikkita gol farqi bilan oldinda borayotgan Antonio Konte shogirdlari, yakunda 4-2 hisobida yutqazdi. Bugun esa londonliklarda o‘sha mash’um tun uchun o‘ch olish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, "Manchester Siti" ham bo‘sh kelmaydi. Agarda bugun g‘alabaga erishilsa, u holda Gvardiola shogirdlari "Arsenal"ga o‘ta yaqin keladi.
"Tottenxem" ayni damda beshinchi o‘rinni band etib turibdi. "Nyukasl" bilan oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil etadi. Ammo ularda zaxira o‘yini mavjud. Shunday ekan, Konte shogirdlarini "yutish shart" rejimiga o‘tkazadi. Ammo "Manchester Siti" bilan bahsda durang ham g‘alabaga tengdir. "Tottenxem" shundoq ham ko‘p ochko yo‘qotdi. Ortiq bunday yurish yaramaydi. Baxtga qarshi, bugungi bahsda Antonio Kontening o‘zi stadionda bo‘lmaydi. U yaqindagina o‘ta pufagini oldirib tashlagan. Shu sabab yurish mumkin emas. Ushbu jamoalar uchun mavsumning ikkinchi yarmi shu yerdan boshlanadi.
Jamoalarning sport formasi qanday?
"Tottenxem": o‘rtacha
"Shporlar" Angliya kubogi doirasida to‘rtinchi bosqichga yo‘l oldi. Jamoa bu yo‘lda "Portsmut" va "Preston"ni mag‘lub etgandi. Shuningdek, bu ular yangi yilda "Kristal Pelas" va "Fulxem"ni liga doirasida mag‘lubiyatga uchratgan. Ammo "Manchester Siti" va "Arsenal"ga qarshi mag‘lubiyatlar jamoani yomon ahvolga solib qo‘ydi.
"Manchester Siti": murakkab start
Pep Gvardiola va uning jamoasiga yil unchalik ham omadli kelmadi. "Shaharliklar" Angliya kubogida "Chelsi" va "Arsenal"ni yengib, keyingi bosqichga chiqa oldi. Liga bahslarida "Vulverxempton" va "shporlar" mag‘lub etildi. Ammo "Manchester Yunayted"ga mag‘lubiyat, jamoani chempionlik poygasida oyog‘idan chaldi.
Tarkibda qanday o‘zgarishlar?
"Tottenxem"da Risharlison, Lukas Moura va Matar-Sarr jarohatidan sog‘ayib, safga qaytdi. Jamoani yangi a’zosi bo‘lgan Pedro Porro ham asosiy tarkibda o‘yinni boshlashi mumkin.
Qarshi tomonda ikkita muammo bor. "Shaharliklar" jarohat tufayli Fil Foden va Jon Stounzdan foydalana olmaydi.
Kimlar porlaydi?
"Tottenxem"ning ishongan tog‘i bo‘lgan Xarri Keyn bugun hammasini o‘z zimmasiga olishi kerak. Angliya terma jamoasi sardoridan ko‘p narsa umid qilinmoqda. Ammo "Manchester Siti"ni hujumda to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu sababli "shporlar" olovga qarshi olov bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. Bugun Xarri Keynda Alan Shirerning rekordini yangilash imkoni ham bo‘ladi.
"Manchester Siti"da porlashi kutilayotgan futbolchi Xolanddir. Bugun u asosiyda tashlanadi. Raqiblarning qo‘rqinchi bo‘lgan norvegiyalikka "Tottenxem"ning 10 ta futbolchisi devor bo‘lib turib bermasa bo‘lmaydi. Xolandning to‘xtatilishi, Keynga yo‘l ochadi.
Murabbiylar nima deydi?
Antonio Konte yaqindagina jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Shu sabab o‘yinda ishtirok eta olmasligi mumkin. Uning o‘rniga yordamchisi Kristian Stellini fikr bildirdi. U shunday deydi: "Konte qachon qaytishini bilmaymiz. Operasiya yaxshi o‘tdi. U sog‘aya boshladi. Ammo hamma narsa yuz berishi mumkin. Biz esa qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Konte aqlli inson va sog‘liq, u uchun birinchi o‘rinda turadi. Ehtiyotkotlik zarar qilmaydi. Oldimizda qanday raqib turganini va nimalarga qodirligini yaxshi bilamiz".
Pep Gvardiola yaqinda Jon Stounzning bir oyga safdan chiqqanini bildirgan. Ammo Fil Foden tarkibda bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. U, shuningdek, Keyn va Xoland to‘qnashuviga to‘xtalib o‘tdi: "Biz Xolanddan, "shporlar" esa Keynning harakatlaridan xursand. Keyn ajoyib hujumchi. U – sovrinlar hamma narsani anglatavermasligini isbotlagan futbolchi. Hayotimda ko‘rgan hujumchilar ichida eng yaxshilaridan biri aynan Keyndir. Bo‘lajak o‘yinni intizorlik bilan kutyapman".
Eslarib o‘tamiz, "Tottenxem" va "Manchester Siti" o‘rtasidagi bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da start oladi.
ISMATOV J.