Agar derbini tomosha qilgan bo‘lsangiz, Varan juda faol o‘ynagandek tuyuldi, to‘g‘rimi?
“Lids”ga qarshi kechagi o‘yinda “MYU” markaziy himoyachisi Rafayel Varan 104 marotaba uzatma amalga oshirgan. Jamoaning umumiy paslarining 1/5 qismi. Bu ushbu mavsumda jamoa o‘lchovida rekord hisoblanadi. “Yunayted”ning to‘p nazorati, umumiy paslar soni mavsumdagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan u qadar oshib ketmadi, ammo avvalgi o‘yinlarda, masalan, Varanning, umuman bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshilarning jami paslari 65-70 o‘rtasida bo‘lgan. Qariyb 1.5 barobar o‘sish.
E’tibor bersangiz, boshqa futbolchilarning ko‘rsatkichi o‘zgarishsiz qolgan ham.
Bu nimaning hisobiga? Eriksenning yo‘qligi, Kazemironing diskvalifikasiyasi uchun “Lids” juda yaxshi tayyorlangan. Jamoa faol pressing qildi va izolasiya qurboni sifatida Varanni tanladi. Fransiyalik himoyachi hujum boshlashda, o‘tkir va uzoq masofaga paslarda sheriklari Martines, Shou, Dalotdan ortda qoladi. “Lids” raqibning boshqa futbolchilarini personal ta’qib qildi va majburan yagona ochiq adresat Varan bo‘lib qolaverdi.
Boshqa bunday paytlarda Kazemiro yoki Eriksen himoyachilar orasiga tushib, yordam berardi, ammo na Fred, na Zabitser bunday vazifa uchun yaxshi nomzod emas. Ochiq futbolda, yuqori tempda va raqib darvozasiga xavf solishda Fred/Zabitser juftligi Kazemiro/Eriksendan ustundir, buni kecha “MYU” yaratgan vaziyatlardan ham ko‘rish mumkin. Ammo to‘pni nazorat qilish orqali o‘yin tempini boshqarishda Eriksen, to‘psiz holatda raqib hujumlari uchun xavfli zonalarni yopishda Kazemiro o‘rni bilindi.
Natijada, “Lids” hujumda faollashgan va ko‘pchilik bo‘lib oldingi tashlangan paytda Kazemirosiz “MYU” juda qiynaldi (har ikki taym boshlari, raqibning barcha xavfli vaziyatlari va 2 gol), hamda bild-apda, hujumlarni boshlashda Eriksensiz “MYU” yuqorida aytilganidek, Varan va to‘p bilan nima qilishini bilmadi.
Yakshanba kuni yana shu raqiblar Lidsda kuch sinashishadi. Bu safar qarshi qurol sifatida ten Xag nimani o‘ylab topishi qiziq.
Qahramon Aslanov.