Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Federiko Kyeza: «Bizda ajoyib jamoa bor, faqat tajriba kam»

Federiko Kyeza: «Bizda ajoyib jamoa bor, faqat tajriba kam»

Baho:
+ | -

Federiko Kyeza yana baxtli. Har holda, «Yuventus»ning istiqbolli universal futbolchisi chap tizzasidagi jarohat tufayli 10 oyga cho‘zilgan majburiy «ta’til»ni tugatib, safga qaytdi

Xullas, italiyalik hujumkor yarim himoyachi maydon bo‘ylab yana yugurish, o‘yindan zavq olish imkoniyatiga ega. Ha, Federiko uzoq va murakkab jarayonni boshdan kechirdi. Shuning barobarida o‘ziga xos tajribani ham o‘zlashtirdi. Futbolchi Prime Video hujjatli filmida aynan shu xususda gapirib, jarohatdan tiklanish davrini tarbiyaviy yo‘l sifatida tilga oldi.

- Federiko, ayanchli jarohatdan keyin oldingi sport formasiga qaytolmaslik ehtimoli xayolingizni  qurshab olmadimi?

- Menda oyoq suyagi va mushaklar jiddiy shikastlanganini tasdiqlashganida, o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim - juda ko‘ngilsiz tashxis. Ortda qolgan 10 oy davomida ko‘plab yoqimsiz to‘siqlarni yengib o‘tishim talab etildi. Birinchidan, operasiyadan keyingi og‘riq qattiq azob berdi, keyin 6 hafta qo‘ltiqtayoqda yurishimga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, ba’zida bu azoblarning oxiri yo‘qdek tuyuldi. Mustaqil yurish va yugurishni boshlaganimda esa, bu turdagi operasiyalardan ke­yingi uzoq muddatli tiklanish jarayoniga xos muammolar boshlandi - qat’iy rejim, me’yorida yurish, yotish... Ha, orada futbolchilik faoliyatiga bog‘liq maqsadlarim barbod bo‘layotgandek ko‘rindi, lekin qalban aslo yengilishni istamadim. Demoqchimanki, yomon xayollar yo‘q emasdi, shunga qaramay, hamisha o‘yinga qayta olishimga ishondim. Aynan shu ishonch bilan qiyinchiliklarni yengib o‘tishga erishdim.

- Tiklanish jarayonida eng qiyini nima - ruhiy muvozanatni saqlashmi yoki jismoniy mashg‘ulotlar?

- Har ikkisi muhim, shuning barobarida murakkab. Avvaliga og‘riq shu qadar kuchli ediki, hattoki, yotoqdan turishim muammo tug‘dirdi. Endi esa bemalol aytishim mumkin, hammasi o‘zim uchun foydali bo‘ldi. Deylik, xarakterim toblandi, har tomonlama ul­g‘aydim. Har kuni maydonga tushish, tiklanayotganimni his qilish uchun mashq bajarishga qayta-qayta kirishish - bu katta tajriba. Qisqasi, barchasi individual darajada katta yordam berdi.

- «Fiorentin»da Vlaxovich bilan birga o‘ynagansiz, endi yo‘llaringiz «Yuventus»da tutashdi. Qiziq, mavsumning qolgan qismida «Napoli»dagi Osimxen - Kvarasxeliya juftligidan kuchliroq tandemni ko‘ramizmi?

- Tan olish kerak, ayni payt «A» seriyada Osi - Kvara juft­ligi oldiga tushadigan bog‘lam yo‘q. Chunki «Napoli»ning har ikki futbolchisi yuqori sport formasida. Binobarin,  Osimxen va Kvarasxeliya mavsum boshidan buyon birga o‘ynab, uyg‘unlikka erishdilar. Dushan esa ba’zi muammolarga duch keldi, xuddi men kabi. Ha, «Fiorentina»da ajoyib tarzda hamkorlik qilganmiz va hamisha katta klubda qayta topishishga umid yo‘q emasdi. Shu ma’noda «Monsa»ga qarshi bahsda qatnasholmaganimdan afsuslandim, ayniqsa, Vlaxovich tarkibga qaytganini hisobga olsak. Umid qilamanki, muammolar ortda qoldi, endi asta-sekin ishga kirishamiz. Har holda, shaxsan men o‘ynashga tayyorman, Dushan ham.

- «Monsa»ga qarshi bahs o‘xshamadi va «Yuve» mag‘lubiyatga uchradi. Bosh murabbiy Allegri esa futbolchi maydonga tushgach, faqat o‘yin haqida o‘ylashi kerakligini ta’kidladi  g‘azab bilan...

- Murabbiy bu borada haq - maydonga tushgach, borimizni berishimiz shart - burchimiz shu. Ha, jamoamiz so‘nggi bir necha o‘yinda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo vaziyatni qanday o‘nglash mumkinligi bo‘­yicha tushunchaga egamiz, harakat ham bor. Orada o‘yinda tajovuzkorlik pasayib ketdi, natijada vaziyatlar yaratishda qiynaldik. Endi barchasini yana to‘g‘rilash kerak tezda.

- Kelajakda jamoa sardori bo‘lishingiz mumkinligini his qilyapsizmi?

- Yo‘q, bog‘ich haqida o‘ylamayman, shunchaki, maydonga qaytib, yaxshi o‘ynash va klubga talab darajasida yordam bersam, bas. Bizda Miretti, Fajoli va albatta, Lokatelli kabi istiqbolli yigitlar bor. Boshqa barcha savollarga vaqt javob beradi. Ehtimol, hali Kyellini va Bonuchchidek tajribaga ega emasdirmiz, ammo endi faqat o‘yinni qanday yaxshilash haqida bosh qotirishimiz kerak.

- Oxirgi savol: oxirgi 10 oy davomida yetarlicha o‘yin­larni o‘tkazib yubordingiz, aytingchi, ulardan qaysi birida har qanday holatda bo‘lmasin, maydonga tushishni ko‘proq xohladingiz?

- Makedoniya terma jamoasiga qarshi o‘yinni aytaman! Chunonchi, o‘sha bahsda jamoadoshlarimga yordam berishim shart edi, afsuski, buning imkoni bo‘lmadi. Nachora, Italiya termasi endi Yevro-2024 saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:45, 14.02.2023.
O'qildi: 1011 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.