Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Risharlison: «Hammasi jonga tegdi, o‘ynashni xohlayman!»

Risharlison: «Hammasi jonga tegdi, o‘ynashni xohlayman!»

Baho:
+ | -

«Tottenxem» 8 mart kuni CHL 1|8 finali javob o‘yinida «Milan» darvozasiga yo‘l topolmadi va ikki o‘yin yakuniga ko‘ra, turnir bilan xayrlashdi.

Tabiiyki, shu oqshom «Tottenxem Xotspur» stadioniga yig‘ilgan muxlislar ortga darg‘azab qaytishdi, lekin hech kimning «isitma»si Risharlisonnikichalik ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Binobarin, «Everton»dan 60 million funt sterlingga sotib olingan braziliyalik hujumchi «taqachilar» bosh murabbiyi Antonio Konte qarori bilan yana zaxirada qoldi va faqat 70-daqiqada maydonga tushdi. Uchrashuvdan so‘ng Braziliya ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan Rish o‘zini tutib turolmadi, alam aralash e’tirozlarini boricha oshkora bayon etdi. Jumladan, italiyalik mutaxassis tomon achchiq va og‘ir so‘zlarni to‘kib solishdan ham tiyilmadi. Ko‘rinib turibdiki, Kontening munosabati uning jonidan o‘tib ketgan...

— Risharlison, hozir qanchalik ranjiyotganingizni tasavvur qilish qiyin emas.
— Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Axir klublar miqyosidagi eng katta musobaqadan chiqib ketdik. Og‘ir botgan tomoni, o‘z maydonimizda bunday o‘ynamasligimiz kerak, ya’ni gol zarur payt barchani oldinga undash maqsadga muvofiq. Ayniqsa, o‘yinning ikkinchi bo‘limida bor e’tiborni hujumga qaratish talab etilardi. Endi gapirishdan foyda yo‘q, aybdorni qidirib o‘tirmay, APLdagi o‘yinlarni o‘ylash lozim. Aks holda, chempionat ham xafagarchilik bilan tugashi hech gap emas. Shunday ekan, mashg‘ulot maydoniga qaytib, bor imkoniyatni ishga solish shart.

— Tushunarliki, ko‘proq maydonga tushishni xohlaysiz. Biroq kamdan-kam holatda boshlang‘ich tarkibdan joy olyapsiz...
— Aslida binoyidek o‘ynayotgandim, sport formasi nuqtai nazaridan ayni cho‘qqiga qarab ketayotgandim. Deylik, «Vest Xem» va «Chelsi»ga qarshi 2ta g‘alabali o‘yinda qatnashdim. Biroq keyinchalik Konte qarori bilan birdan zaxirada qola boshladim. Murabbiy «Vulverxempton» bilan bahsda atigi 5 daqiqa imkon bergach, buning sababini so‘radim, ammo ta­yinli javob eshitmadim. «Milan» bilan o‘yin arafasida esa mashg‘ulotlar bazasida maxsus test topshirishimni aytdi va agar o‘zimni ko‘rsata olsam, maydonga tushirishga va’da berdi. Lekin yakunda yana zaxira o‘rindig‘iga jo‘natdi. To‘g‘risi, bunday munosabatni sira tushunolmayapman.

— Konte bu borada siz bilan gaplashib, qandaydir sababini tushuntirmadimi?
— Yo‘q, hech qanday izoh bermadi, bundan sabrim tugab bormoqda. Bu yerda ahmoqlik yo‘q, axir professionalman, har kuni qattiq ishlayapman va o‘ynashni xohlayman, albatta. Qisqasi, talabim bitta — ko‘proq daqiqa. Mavsum taqvimi tig‘iz, biroq shunda ham nega yetarli imkoniyat bermayapti? Ha, yengil jarohatim borligi rost, lekin maydonga tushganimda, o‘zimni sira ayamayman. Qaytaraman, 2ta yaxshi o‘yin o‘tkazdim, ayniqsa, «Chelsi»ga qarshi bahsda 90 daqiqa faol to‘p surdim va biz g‘alaba qozondik. Aslida muhokama qiladigan hech narsa yo‘q, faqat o‘ynashim kerak. Shunda bu yerda o‘tirib olib, nolishimga asos qolmasdi.

— Mavsum oxiridan nimalar kutyapsiz? Oldinroq hafsalangiz pir bo‘lganini yashirmadingiz...
— Chamasi 20tacha o‘yin qoldi, bilmayman, 18tami?

— Aniqrog‘i, atigi 13ta.
— 13tami? Endi ushbu o‘yinlarga e’tibor qaratib, iloji boricha ko‘proq gol urishim kerak. Chunki klub transferimga katta pul to‘lagan, biroq hozircha umidlarni oqlamadim. To‘g‘ri, jarohatlar biroz pand berdi, ammo ko‘proq o‘ynashga haqli edim, menimcha. Eng yomoni, keyingi o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibga qo‘shilish-qo‘shilmasligimni ham bilmayman. Faqat sabr qilish qolyapti, yana sabr...

Munosabat
Risharlisonning ushbu intervyusi «Tottenxem» bosh murabbiyi Antonio Konteni befarq qoldirmadi, albatta. Lekin italiyalik mutaxassis buni tanqid sifatida qabul qilmadi: «Risharlison intervyusini o‘qidim va o‘ylashimcha, tanqidlari menga qaratilgan emas. Aytishicha, mavsum uning uchun rasvo o‘tyapti — futbolchi bu borada haq. Chindan ham, hammasi Risharlison uchun to‘g‘ri ketmayapti. Deylik, avvaliga jarohatlandi, keyin CHLda o‘ynadi va JCHga yo‘l oldi. Shundan so‘ng yana jiddiy jarohatga yo‘liqdi. Qisqasi, klubga gol berolmadi. Lekin mavsum hali tugagani yo‘q. Agar o‘ynashga loyiqligini ko‘rsatsa, unga imkoniyat beraman, albatta. Umuman, futbolchi suhbat davomida ayrim nuqtalarda xato qildi, menimcha. Deylik, g‘alabalarga nisbatan «Biz» emas, «Men» iborasini qo‘llagani xudbinlik namunasidir. Shogirdlarimga biror narsa qurish va kubok yutishni istasak, hamisha «men» emas, «biz» iborasini ishlatish kerakligini uqtiraman. Aks holat futbolchi faqat o‘zini o‘ylashidan dalolat. Qisqasi, Risharlison xatoga yo‘l qo‘ydi, muhimi, darhol kechirim so‘radi. Hozirgi og‘ir pallada jamoaviy ruhni ko‘tarib, ijobiy xislatlarni namoyon etish talab etiladi. Ba’zan yaxshi yigit bo‘lishning o‘zi yetarli emas. O‘yinlar va duellarda g‘alaba uchun kuchli istak, yuqori kurash darajasiyu, biroz vahshiylik kerak. Maydonda yumshoqlik ketmaydi. Bosh murabbiy sifatida birinchi javobgar shaxsman. Demak, jamoam ruhini yaxshilashim kerak. Har doim bu ishni imkon qadar uddalaganman va umid qilamanki, yana uddalayman».

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:33, 16.03.2023.
O'qildi: 2769 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.