O‘yinchining bozor qiymatiga bir qancha omillar ta’sir qiladi, jumladan, ularning yoshi, hozirgi holati, pozisiyasi, shartnoma holati va jamoa ichidagi raqobat darajasi. Qo‘shimchasiga, ular futbolchining salohiyatiga e’tibor berishadi, jarohatlar soni, maydon tashqarisida o‘zini tutishi ham uning qiymatiga ta’sir qilishi mumkin.
Keling, 2023 yil mart oyidagi dunyoning eng qimmat yetti nafar futbolchisini ko‘rib chiqaylik
Pedri (20 yosh, Barselona) – 100 mln yevro
Pedri 2020 yilda «Barselona»ga kelib qo‘shildi va tezda asosiy yarim himoyachiga aylandi. U yosh bo‘lishiga qaramay, texnik qobiliyati, maydonni ko‘ra bilishi va xotirjamligi bilan ko‘pchilikni hayratda qoldirdi.
Pedri Yevro-2020 turnirining «Eng yaxshi yosh futbolchisi» deb topildi. Uni yorqin kelajak kutayotganiga shubha yo‘q.
Uning «Barsa» bilan shartnomasi 2026 yilning iyuniga qadar tuzilgan va transfer bozorida 100 million yevroga baholangan.
Fil Foden (22, «Man Siti») – 110 million yevro
Fil Foden «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi va bolaligidan bu klubda o‘ynab kelmoqda. U 2017 yilda jamoadagi debyutini o‘tkazdi va shundan so‘ng muhim futbolchiga aylandi. Yarim himoyachi o‘zining ajoyib texnikasi, kreativligi va gol urish qobiliyati bilan mashhur. «Manchester Siti»da jahon darajasidagi hujumchilar bor va Foden o‘zini kuchli raqobat muhitida topdi. Ammo u o‘zini ko‘rsatishda davom etmoqda, shuning uchun ham 22 yoshli futbolchi dunyoning eng qimmat futbolchilaridan biri hisoblanadi. U 110 million yevroga baholanmoqda.
Bukayo Saka (21, Arsenal) – 110 mln yevro
Bukayo Saka o‘zini Premyer-liganing eng yaxshi vingerlaridan biri sifatida ko‘rsatdi.
Saka jamoadoshlariga golli vaziyatlar yaratish va umuman raqibning rejalariga to‘sqinlik qilishdan tashqari, ancha ishonchli to‘purar ham hisoblanadi. Uning transfer narxi 110 million yevroga baholanmoqda.
Jud Bellingem (19, Borussiya Dortmund) – 110 mln yevro
Jahon darajasidagi yangi avlodning kuchli ingliz o‘yinchilaridan. Foden va Saka bilan bir qatorda Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem juda yoshligidanoq o‘zining jozibali o‘yini bilan e’tiborni tortdi.
19 yoshli futbolchi hozir dunyoning eng ko‘p e’tibor qaratilgan futbolchilaridan biri va Dortmundning «Borussiya» klubi bu yozda undan katta pul ishlab olmoqchi. Bellingem yetakchilik fazilatlarini namoyish etuvchi va texnik jihatdan juda qobiliyatli bo‘lgan progressiv markaziy yarim himoyachi.
Vinisius (22, «Real») – 120 million yevro
Vinisius o‘z nomini futbol tarixiga yozib qo‘ymoqda. Hujumchining o‘yin uslubi uning ajoyib dribling qobiliyati, to‘pni nazorat qilish va himoyachilardan o‘zib ketishda tezlasha olishi bilan ajralib turadi. Madrid klubining joriy mavsumdagi eng yaxshi to‘purari 120 million yevro bozor bahosi bilan sayyoradagi eng qimmat futbolchilardan biri bo‘lsa ajab emas.
Erling Xoland (21, «Man Siti») – 170 million yevro
Erling Xoland endigina 21 yoshda, ammo hozir u sayyoradagi eng yaxshi markaziy hujumchi hisoblanadi.
Xoland o‘tgan yozda «Manchester Siti»ga kelib qo‘shilgan edi va shundan beri uning aksiyalari sezilarli darajada oshdi. U joriy mavsumda «Siti» safida barcha musobaqalarda oltita xet-trik qayd etdi. U 170 million yevroga baholanmoqda.
Kilian Mbappe (24, PSJ) – 180 mln yevro
Kilian Mbappe futbolning yangi shahzodasi va kelajakda bir nechta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi mumkin. Fransiyalik forvard o‘zining tezkorligi, aniqligi va tezkor qaror qabul qilishi bilan e’tiborga loyiq katta kuchdir.
Mbappe butun Yevropa bo‘ylab himoyachilarni qo‘rqitishda davom etmoqda. Hozirda futbolning eng yirik yulduzlaridan biri 24 yoshda bo‘lishiga qaramasdan allaqachon ko‘p yutuqlarga erishganligi ajablanarli.
Kilian Mbappe 180 million yevroga baholangan va bugungi kunda dunyoning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi.