Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Bundesligada kutilmagan kashfiyot

Bundesligada kutilmagan kashfiyot

Baho:
+ | -

«Bavariya» hujumchisi Erik Shupo-Moting - joriy mavsumning eng kutilmagan kashfiyotlaridan biri.

U mehnatsevarlik evaziga hatto 33 yoshda ham muvaffaqiyatli to‘p surish mumkinligini isbotladi. Qizig‘i shundaki, kamerunlik faxriy shu paytgacha «top» maqomiga ko‘tarila olmagan, faoliyatining yuksak nuqtasi «PSJ»ning zaxira hujumchisi roli bo‘lgandi. Myunxenda ham ijobiy siljish kuzatilmadi. Biroq joriy mavsumda Erik tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, «Bavariya»ning asosiy hujumkor kuchiga aylandi. Jumladan, YECHL nimchorak finalining javob uchrashuvida sobiq jamoasi («PSJ» - 2:0) darvozasini ishg‘ol etib, g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi.

Pleymeyker, vinger, hujumchi

Germaniyada dunyoga kelgan Kamerun o‘g‘loni futbolchilik faoliyatini o‘zi tug‘ilgan shahar jamoasi - «Gamburg»da boshladi. O‘smirlik davrida Erikni pleymeyker va vinger pozisiyalarida sinab ko‘rishdi, yakunda u hujum chizig‘i markazidan joy oldi. 2007 yil avgustida Shupo-Moting Bundesliga doirasida «Gannover»ga qarshi o‘yinda debyutini nishonladi. «Gamburg»dagi 4 yil ichida 23 marta maydonga tushdi, asosiy vaqtini o‘rinbosarlar jamoasi yoki ijarada («Nyurnberg») o‘tkazdi.

2011 yilda Erik «Mayns» tarkibiga o‘tdi: o‘yin amaliyoti ko‘paygan bo‘lsada (81), sermahsullik hujumchi uchun maqtaydigan darajada emasdi - 22ta gol. Shunga qaramasdan, hujumchi yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan «Shalke-04»dan taklif oldi. Biroq Gelzenkirxenda ham «Mayns»dagidek natijalarni qayd etdi - 106 uchrashuvda 22ta gol. Biroq Erik sermahsullik ko‘rsata olmagan bo‘lsada, foydali jihatlari yo‘q emasdi: salkam 2 metrli (191 sm.) futbolchi yuqori tezlik, dribling va aniq uzatmalar sohibi edi, xavfli vaziyatlarda to‘g‘ri yechimni topa olardi.

«Shalke»dagi shartnoma muddati tugagach, Shupo-Moting APLga yo‘l oldi va erkin agent maqomida «Stok Siti» bilan 3 yillik shartnomani imzoladi. Biroq mavsum yakuniga ko‘ra, «Stok» Chempionshipga tushib ketdi, Erik esa 2017|2018 yillar mavsumidagi qoniqarsiz (32ta o‘yin, 5ta gol) natijadan keyin hamkorlikni to‘xtatdi. Taajjubki, mazkur omadsizlik kamerunlik hujumchining ilk marta top-klub - «PSJ»dan taklif olishiga xalal bermadi. Parijliklar uchun muhitni buzmaydigan, zaxirada o‘tirib, muayyan vaziyatlarda jamoaga yordam bera oladigan uslubiy hujumchi zarur edi. Lekin Fransiyada Erik 2 yilda 51 marta maydonga tushdi va 9ta gol urdi. O‘sha kam sonli gollarning bittasini qahramonimiz YECHLning chorak finalida «Atalanta» darvozasiga urgan, shu gol evaziga «PSJ» yarim finalga, keyin finalga chiqqandi. Darvoqe, o‘sha gol Shupo-Motingning YECHL­dagi parijliklarga hadya etgan dastlabki va so‘nggi goli bo‘lib qoldi.

«Bavariya»ning qiziqishi Erikni Germaniyaga qaytardi

Tug‘ilgan yurtiga qaytgan hujumchi nemis grandi bilan bir yillik shartnomaga imzo chekib, ikki mavsum Robert Levandovskining muqobil o‘rindoshi vazifasini ado etdi: asosan zaxiradan maydonga tushgan holda har yili 9tadan gol urdi. Qo‘shimchasiga, «professional zaxirachi» maqomida ichki muhitga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

2022 yilda polshalik snayper jamoani tark etgach, murabbiylar hujum markazini Sadio Manega topshirishdi. Biroq bu rol senegallik hujumchiga begona bo‘lgani sababli, u talab darajasidagi o‘yinni ko‘rsata olmadi. Boz ustiga, noyabrda jiddiy jarohat olib, safdan chiqdi. Shu tariqa Shupo-Moting uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. Manening jarohatidan tashqari, Yulian Nagelsmanning jamoa uchun o‘ynaydigan uslubiy hujumchilarga («Xoffenxaym»da Sandro Vagner, «RB Leypsig»da Yussuf Poulsen) befarq emasligi ham Erikning foydasiga ishladi. Qolaversa, myunxenliklar uslubiy hujumchisi raqobatchi kasbdoshlariga nisbatan aqlliroq to‘p suradi: qachon ortga qaytish va qachon raqibdan o‘zib ketishni, to‘pni jamoadoshiga oshirish yoki jarima maydonchasiga yo‘llashni aniq his etadi. Shuningdek, Erik jamoadoshlari bilan devor usulida o‘ynash ilmini ham puxta o‘zlashtirgan.

Yulian Nagelmann, «Bavariya bosh murabbiyi: «Erik klassik to‘qqizlik emas, chunki u chiziqlar oralig‘ida o‘zini ko‘proq taklif etadi. Shu sababli oldingi chiziq yetakchisini eslatadi. Uni kamyob hujumchi sifatida hurmat qilamiz».

Joriy mavsumda Shupo-Moting faoliyatida hech kim kutmagan o‘zgarish ro‘y berdi: u muntazam ravishda gol ura boshladi. Bundesliganing 17 uchrashuvida 10ta golni rasmiylashtirdi va faoliyatidagi eng yaxshi natijani takrorladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil oktyabridan shu paytgacha Erik Germaniya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Ayniqsa, u oktyabr-noyabr oylarini sermahsul o‘tkazdi: 10ta o‘yinda 10ta gol. Joriy mavsum Shupo-Moting uchun nafaqat sermahsul, balki vaziyatlardan foydalanish borasida ham a’lo darajada o‘tmoqda. Shubha yo‘qki, Erik avvalgi barcha ko‘rsatkichlardan o‘zib ketadi.

Robert Levandovski, «Barselona» hujumchisi: «Jamoa qanchalik yaxshi o‘ynasa, hujumchi uchun gol urish shunchalik oson bo‘ladi. Erik yaxshi sport formasida, ko‘p gol urmoqda. U ajoyib yigit. Unga omad tilayman va mavsum oxirigacha sermahsul o‘yin ko‘rsatishiga umid qilaman».

Futbolchining o‘zi esa kamtarlik bilan muvaffaqiyatli mavsumning biron-bir siri yo‘qligini, hozir ham avvalgidek to‘p surayotganligini ta’kidladi: «O‘yin uslubini o‘zgartirgan emasman. Shunchaki, yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, imkoniyat berishlarini sabr bilan kutaman. Bor gap shu. «Bavariya»ning bir qismi bo‘lganim va yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganimdan baxtiyorman».

Goleadorlik va ajoyib o‘yin shartnoma muddatini uzaytirdi

«Bavariya» mutassiddilari sermahsul va sermazmun o‘yinni namoyish etayotgan kamerunlik hujumchi bilan 2024 yilning yozigacha hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi. Kasbdoshimiz Florian Plettenberg bergan ma’lumotga ko‘ra, Erikning Myunxenda oladigan ish haqi bonuslarni qo‘shib hisoblaganda, 3 mln. yevrodan 10 mln. yevroga ko‘tarildi. Mart oyida Shupo-Moting 34ga chiqishining ahamiyati yo‘q, yozda «Bavariya» baribir yangi hujumchi topish uchun bozorga chiqadi. Hozir Garri Keyn («Tottenxem») va Randal Kolo Muani («Ayntraxt») nomzodlari ko‘rib chiqilmoqda.

Yana «professional zaxirachi» roliga rozi bo‘ladimi? Axir u hech qachon salbiy personajlar rolini o‘ynagan emas, jamoaga faqat manfaat keltirgan. Bunga «Bavariya» risoladagidek kontrakt bilan javob qaytardi. Endi futbolchi jamoaning yetakchi o‘yinchilaridan biri va Bundesliga to‘purarlari safida ekanligi bilan zavqlanib to‘p surishi mumkin.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:30, 01.04.2023.
O'qildi: 2055 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.