Kirish Ro'yxatdan o'tish
10/07 05:00 Argentina - Kanada

Futbol olamidagi ishonib bo‘lmas natijalar: Messi, Ronaldu, Neymar...

Futbol olamidagi ishonib bo‘lmas natijalar: Messi, Ronaldu, Neymar...

Baho:
+ | -

Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu nomlarini eshitganda, rekord bilan bog‘liq fikrlar hayolimizga keladi. Ularning ismlari rekord so‘zi bilan ma’nodoshdek, go‘yo. Ammo futbolning boshqa vakillari ham o‘ziga xos rekordlar qayd etgan. Tarixda yuz bergan ayrim aqlbovar qilmas faktlarni quyida e’tiboringizga havola etamiz. Demak, boshladik.

1. Neymar Messidan oldin La-ligada oy futbolchisi nomini qo‘lga kiritgan

Bu ma’lumot Messi muxlislarining dilini biroz xira qilishi mumkin. Ammo bu haqiqat! Xoh ishoning, xoh ishonmang, argentinalik daho 2016 yilning yanvariga qadar oyning eng yaxshi futbolchisi nomini qo‘lga kirita olmagan. Bunga asosiy sabablardan biri sovrinning o‘zi, 2013 yilning sentyabriga qadar mavjud bo‘lmaganidir. Oradagi uch yil ichida jami 17 ta futbolchi sovrin yutgan va 2016 yilning boshida ushbu nom Messiga nasib etgan.

2. "Dandi Yunayted" "Barselona"ga qarshi o‘yinlarda 100 foiz g‘alaba ko‘rsatkichiga ega

Shotlandiya klubi tarixda Kataloniya jamoasi bilan to‘rt marta to‘qnash kelgan va ularning hammasida g‘alaba qozongan. "Dandi Yunayted" bu natijaga erishgan yagona Britaniya klubi sanaladi. Xususan, ular 1966-67 yilgi mavsumda ikki marta "Barsa"ni mag‘lub etadi. 1986-87 yilda esa bu voqea yana takrorlanadi.

3. Filipp Lam bir yil davomida birorta qo‘pollik ishlatmagan

Nemis afsonasi o‘yinni o‘qish borasida ustasi farang edi. U hech qachon kerakli paytda keraksiz harakatni amalga oshirmagan. Bundesligada Lam 2014 yilning sentyabridan 2015 yilning oktyabriga qadar birorta fol sodir etmaydi. Shuniyam aytish kerakki, Germaniya terma jamoasi faxriysi butun faoliyati davomida bir marta ham qizil kartochka olmagan.

4. Mark Xyuz bir kunda ikkita bahsda maydonga tushgan

Bugun Xyuzni ko‘pchilik tanimaydi. U asosan murabbiy sifatida namoyon bo‘ladi. Uelslik, o‘z futbolchilik davrida ancha muvaffaqiyatli edi. 1987 yilda Xyuz bir kunda ikkita o‘yinda ishtirok etadi. O‘shanda u, dastlab, Uels terma jamoasi safida Chexoslovakiya bilan tush paytida maydonga tushgan. Kechgacha esa samolyotda Germaniyaga borib, "Bavariya"da ham harakat qilishga ulgurgan. Shunday qilib, Xyuz o‘ziga xos natija qayd etdi.

5. Kris Nikoll 2-2 bilan tugagan bahsning to‘rtta golini urgan

1976 yilgi "Aston Villa" va "Lester Siti" o‘rtasidagi o‘yin 2-2 hisobida tugaydi. Hayratlanarlisi, bu hisob bir futbolchi tomonidan yuzaga keltiriladi. Kris Nikoll avvaliga 2 ta avtogol bilan "Lester"ni oldinga olib chiqadi. Keyinroq esa o‘z xatosini to‘g‘irlab, hisobni durang qiladi.

6. Rojerio Seni darvozabon sifatida 131 ta gol urishga erishgan

Bu natijaga ayrim hujumchilar ham erisha olmagan. Braziliyalik darvozabon Seni, o‘z vaqtida "San-Paulu" safida penalti va jarima zarbalarini amalga oshirish bilan shug‘ullangan. Uning eng yaxshi mavsumi 2005 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Seni mavsumni 21 ta gol bilan tugatgandi.

7. Timo Verner YECHLda Ronaldodan ko‘ra ko‘p gol urgan

Barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Ronaldo Nazario, YECHLda 14 ta gol ura olgan xolos. Bu esa Verner hisobidagi gollardan 3 taga kamdir. Shuningdek, Ronaldu bu turnirda g‘alaba qozonmagan. Ammo Verner "Chelsi" safida bosh sovrinni qo‘lga kiritadi.

8. Joze Mourinyo to‘qqiz yil uy o‘yinlarida mag‘lub bo‘lmagan

Portugaliyalik mutaxassisning tarixi juda ham shonli. U 2002 yildan 2011 yilga qadar, jami 150 ta liga bahslarida uy o‘yinlarini mag‘lubiyat bilan tugatmaydi. Bu davr mobaynida Mourinyo "Portu", "Chelsi", "Inter" va "Real"ni boshqardi.

9. Krishtianu Ronaldu 30 yoshifan keyin Runining umumiy gollaridan ko‘ra ko‘p darvozani ishg‘ol etgan

Ronaldu 30 yoshiga kirganidan beri 376 ta golga mualliflik qildi. Bu esa Ueyn Runining butun futbolchilik faoliyatidagi gollardan ko‘proqdir. Portugaliyalik hali ham gollari urishni davom ettirmoqda.

10. "Milan" bir mavsumda 36 ta gol urib, A seriyada chempion bo‘lgan

Biz "Milan"ni tarixdagi eng yorqin jamoa sifatida bilamiz. Ammo doim ham unday bo‘lmagan. Masalan, milanliklar 1993-94 yilgi mavsum davomida 36 ta gol urgan xolos. Shunga qaramay, chempionlikni qo‘lga kiritgan. "Milan"ning o‘sha mavsumdagi himoyasi kuchli bo‘lganini ham qayd etish kerak. Jamoa butun mavsumda faqta 15 ta gol o‘tkazadi.

 

 

ISMATOV J.

Manba: planetfootball.com
Kiritildi: 09:25, 08.04.2023.
O'qildi: 5929 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.