"Arsenal"ning joriy mavsumdagi chempionlik kurashi katta murakkabliklarga duchor bo‘ldi. Klub so‘nggi uchta o‘yinda jami 6 ochko yo‘qotdi. Mikel Arteta shogirdlari "Liverpul" va "Vest Xem"ga qarshi bahslarda oldinda bora turib, durang qayd etgan bo‘lsa, kecha, 20 o‘rindagi "Sautgempton"ga 3-1 hisobida yutqaza turib, so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Xo‘sh, bu voqealar "Arsenal"ning ehtimoliy chempionligini yo‘qqa chiqaradimi yoki jamoa yana qayta oladimi? Ha, to‘pchilarning taqdiri hali ham o‘z qo‘lida. Ammo birinchilikni boy bermaslik uchun jamoadan "Manchester Siti" maydonida g‘alaba qozonish talab etiladi. Hozirgi vaziyatga monand ravishda, yaqin o‘tmishdagi "Arsenal"ning omadsiz bahslari va ularga jamoaning reaksiyasini o‘rgandik. Quyida shu haqida...
"Everton"ga – 1-0 (2023, fevral)
Arteta jamoasi "Gudison Park"ni xafa holda tark etadi. Negaki, Shon Daych o‘zining ilk o‘yinida yetakchi jamoani mag‘lub etgandi. "Everton" himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, uch ochkoga erishgan edi. O‘shanda Jeyms Tarkovskining yagona goli bahs taqdirini hal qilgan. O‘shbu o‘yindan so‘ng, "Arsenal" o‘z uyida "Brentford" bilan 1-1 hisobida durang qayd etadi. Orqasidan esa "Manchester Siti"dan yana bir mag‘lubiyat qabul qilib oladi. Shunday qaltis vaziyatda London klubi "Aston Villa" maydoniga safar qiladi. Bu bahsda 2-2 hisobi qayd etilayotgan bir paytda, so‘nggi daqiqalardagi gol jamoaga uch ochko taqdim etgandi. Ayni o‘yin yettita g‘alabali seriyaning boshlanishi edi.
"MYU"ga – 3-1 (2022, sentyabr)
Mavsum avvalrog‘ida "Arsenal" ketma-ket beshta g‘alaba bilan "MYU" maydoniga tashrif buyuradi. Erik ten Xag jamoasi londonliklarga "sovg‘a" tayyorlab qo‘ygandi. Raqibga kuchli bosim qila turib, "Arsenal" qarshi hujumdan uchta gol o‘tkazib yuborgan. O‘yin 3-1 hisobida yakuniga yetgan edi. Keyingi bahs ham safarda, "Brentford"ga qarshi kechadi. Tomas Frank shogirdlariga qarshi "Arsenal" javobsiz uchta gol urishga erishgandi.
"Tottenxem"ga – 3-0 (2022, may)
"Arsenal" o‘tgan mavsum oxirlayotgan davrda YECHL uchun kurashayotgan edi. Jamoa o‘zining turnirdagi eng ashaddiy raqibi va kuchli to‘rtlik uchun raqobatchisi bilan to‘qnash kelishi kerak bo‘ladi. "Arsenal"ga o‘sha o‘yindagi g‘alaba YECHL yo‘llanmasini taqdim etardi. Hattoki, mag‘lubiyat ham taqdirini o‘z qo‘lida qolishiga sababchi bo‘lgan. 3-0 hisobida taslimiyatdan keyin "Nyukasl"ni yutish masalasi o‘rtaga chiqadi. Ammo Eddi Xau jamoasi London klubidan ustun keladi – 2-0. Shunday qilib Arteta shogirdlari muhim yo‘llanmadan quruq qoladi. So‘nggi turdagi "Everton" ustidan qozonilgan g‘alaba hech nimani anglatmas edi (5-1).
"Kristal Pelas"ga – 3-0 (2022, mart)
"Arsenal" Patrik Viyeyra jamoasi bilan to‘qnashgunga qadar ajoyib natija qayd etayotgan edi. Klub 5 ta o‘yinda g‘alaba bilan qo‘shni jamoa maydoniga tashrif buyuradi. Ammo "burgutlar" "Arsenal"ni sharmandali ravishda mag‘lub etadi. Vaziyatni og‘irlashtirgan narsa, bu o‘sha o‘yindagi Kiran Tirnining jarohat olgani va Tomas Partining safdan chiqqani edi. Asosiy futbolchilarsiz navbatdagi ikkita bahs ham boy beriladi ("Brayton, "Sautgempton"). Ha, uchta ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyim Mikel Arteta to‘rtta bahsda "Arsenal"ni g‘alaba sari boshladi. Biroq, mavsum so‘nggida ma’lum bo‘ldiki, o‘sha yo‘qotilgan 9 ochko YECHL yo‘llanmasiniki ekan.
"Manchester Siti"ga – 2-1 (2022, yanvar)
Yangi yilning ilk kunida bo‘lib o‘tgan o‘yin mezbonlar uchun adolatsiz yakun topadi. Bahs Mikel Arteta jamoasining katta ustunligi ostida o‘tgan edi. Ammo Rodri so‘nggi daqiqalardagi goli bilan butun stadionni xafa qildi. Alamli mag‘lubiyat ketidan yana mag‘lubiyatlar boshlanadi. Avvaliga "Nottingem" bilan kubok bahsida muvaffaqiyatsizlik qayd etildi. Keyin esa "Liverpul"ga liga kubogida imkoniyat boy berildi. Kamiga ligada "Byornli"ga qarshi to‘pchilar hech narsa qila olmadi – 0-0. Shundan keyin, kuchli to‘rtlik uchun kurashda ketma-ket 5 ta bahs g‘alaba bilan yakunlangan edi.
"Brentford"ga – 2-0 (2021, avgust)
2021-22 yilgi mavsum "Arsenal"ning yevrokuboklarsiz o‘tgan so‘nggi 20 yil ichidagi ilk dami edi. Artetaning irodasi mavsum avvalida qattiq sinovdan o‘tkaziladi. Debyutant jamoa bo‘lgan "Brentford"ga mag‘lubiyat, ortidan esa "Chelsi va "Manchester Siti"larga yutqiziq, "Arsenal"ning qo‘rqinchli tushi edi. Jamoa mavsumni 67 yil ichida ilk marta mana shunday omadsiz boshlaydi. Shunday vaziyatda yaraga tuz sepiladi: "Arsenal" 3 ta turdan keyin 20 o‘rinda turgan holda, "Tottenxem" 9 ochko bilan jadvalni boshqara boshlaydi. Ammo "Arsenal" rahbariyati sabr qildi, Mikel Artetaga imkon berishda davom etdi. 3 ta mag‘lubiyat ketidan ketma-ket uchta g‘alaba qayd etiladi. Ayniqsa, "Tottenxem"ning yer tishlatilishi, "Arsenal"ni "shporlar"dan yuqoriga olib chiqadi. Shunday qilib, bir oy ichida "Tottenxem" ligada quvib o‘tilgan edi.
ISMATOV J.