Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Stefano Pioli: «Asosiy sxema – 4-3-3, lekin boshqa chizmalar ham bor»

Stefano Pioli: «Asosiy sxema – 4-3-3, lekin boshqa chizmalar ham bor»

Baho:
+ | -

Yangi mavsum oldidan transferlar bozorida ancha faol qatnashgan «Milan» o‘z tarkibiga naq 7 nafar sifatli ijrochi qo‘shib oldi.

 Jamoa bosh murabbiyi Stefano Pioli AQSH bo‘ylab mavsumoldi turnesiga yo‘l olish arafasida Sky jurnalistlariga intervyu uchun ozgina vaqt ajratdi. Suhbat jarayonida tabiiyki, asosan yangi xaridlar haqida so‘z bordi. Pioli shuning barobarida Zlatan Ibragimovich, Rafael Leau va Paolo Maldiniga ham alohida to‘xtaldi.

- Janob Stefano, «Milan»-2023/2024ni qanday tavsiflaysiz?

- Baxtiyor! Bitta maqsadim bor - klubni baxtli ko‘rish va baxtiyor futbolchilarni shug‘ullantirish. Oddiy ifoda etganda, jamoa muhitida hamisha yaxshi kayfiyat hukm surishi va yigitlar har hafta maydonga tushib, o‘yindan chinakamiga zavq olishlarini istayman. Muhimi, mavsum boshida ishtiyoq zo‘r, his-tuyg‘ular ham joyida. Hamma «Milan»dek buyuk jamoaning bir bo‘lagi ekanligini his qilib turibdi va yangi kampaniya bosh­qacha o‘tishi kerak biz uchun. Ha, yangi mavsumga tarkibdagi ba’zi o‘zgarishlar bilan kirishamiz, asosiysi, jamoada hammaning g‘ayrat-shijoatga to‘la ekanligini ko‘rib turibman. Bu ijobiy belgi, albatta.

- Skudetto his-tuyg‘ulari va Chempionlar Ligasi orzusi haqida ham gapirsangiz...

- Skudettoga ega chiqish ancha mashaqqatli jarayon, shuning uchun sovrin o‘zgacha huzur bag‘ishlaydi. Skudetto - bu yil davomida bajarilgan keng ko‘lamli ishlarning mevasi. Qisqasi, chempionlik sizga ta’riflanmas tuyg‘u bag‘ishlaydi. Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish yanada katta natija, lekin yevroturnirda zafar quchish uchun yaxshigina omad ham kerak. Albatta, «shalpangqu­loq»ni yutishni istagan jamoa eng kuchli fazilatlarni o‘zida mujassam etishi shart, ammo omadsiz ish bitmasligi tayin. Demoqchimanki, CHLda ma’lum vaziyatlar o‘zaro muvofiq kelishi va barchasi teng rivojlanishi lozim.

- Ibrasiz «Milan»... Bugungi kunda jamoa yetakchisi kim?

- Ha, Zlatan chin lider edi, hozircha bizda uning o‘rnini to‘liq egallaydigan hech kim yo‘q. Agar ayni vaziyat uchun biror yetakchini ko‘rsatishim kerak bo‘lsa, unda Mayk Menyanni tilga olaman. Kuchli mentalitet, qat’iyatga ega yigit. Har holda, Mayk eng yaxshi sifatlarini jamoadoshlariga «yuqtirish» harakatida mudom.

- Yangi mavsumda Leaudan nimalar kutyapsiz?

- Rafael allaqachon ishga kirishdi va umumiy yondashuv masalasida o‘zini yetarlicha namoyon etayotganiga qaramay, undan yanada jiddiyroq o‘sishni kutyapman. Zero, allaqachon ancha yuqori darajaga chiqib ulgurgan bo‘lsada, o‘yinini hali har tomonlama mukammallashtirish salohiyatiga egaligini ko‘rib turibman.

- Yangi futbolchilardan ilk taassurotlar qanday?

- Loftus-CHik - kuchli ijrochi. Unda jismoniy va texnik salohiyat uyg‘un, tinimsiz raqobatni xush ko‘radi. Loftus-CHik doimiy ravishda maydonning raqibga tegishli yarmiga intilsa, ajabmas. Uning tabiiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, hujumkor yigitlar bilan faol o‘yin tizimini yaratish ustida ishlayapmiz. To‘g‘risi, ilgari taktik jihatdan murakkab o‘yinlarda g‘alaba yechimini topishga qodir bunday ijrochiga ega emasdik. Reynders - fazilatlari teng darajada rivojlangan sifatli futbolchi, maydonda to‘g‘ri harakatlanadi, aqlli, sheriklariga qanday yordam berishni yaxshi biladi. Hujum zonasiga ham qo‘shimcha chiroy olib kirishga qodir. Chunki hujumni yaxshi yakunlaydi, to‘pni oldinga siljitish, o‘yinni qanday ochishni biladi, vaziyatlar yaratadi, asosiysi, o‘zi ham gol urishi mumkin. Pulishich - maxsus o‘yinchi, muayyan vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rniga qo‘yadigan yigit. Ixtiyoringizda shunday futbolchi bo‘lsa, ish ancha osonlashadi. Kristian maydonda turli rollarni bemalol bajarishi mumkin. Aqlli va raqibni «devor» uslubi orqali dog‘da qoldirishga usta, shuningdek, kutilmagan uzatmalar bilan barchasini keskinlashtirish salohiyatiga ega yigit. Qisqasi, Pulishich yuqori darajali ijrochi va serqirraligi bilan jamoadoshlaridan farq­lanadi.

- Transferlar bozorining yarim himoyaga ta’siri haqida ham gapirsangiz...

- Markaziy zonaga turli pozisiyalarda o‘ynashni eplaydigan o‘zgacha xususiyatlarga ega yangi ijrochi qidirdik. Loftus-CHik va Reyndersning kelishlari bilan bu jarayon yakuniga yetdi. To‘p nazoratini yaxshilash va hujum harakatlarini rivojlantirish uchun sifatli futbolchilar tanlaganimizga shubham yo‘q. Barcha izlanishlarimiz yanada tajovuzkor va keskinroq jamoa shakllantirishga qaratilgan. Maydonning ikkinchi yarmida kerakli pallada to‘g‘ri qaror qabul qiladigan o‘yinchilarga ehtiyoj sezayotgandim, chunki bunga qadar aynan shu jihatdan muammolarga duch kelganmiz.

- «Milan» endi Maldini va Massarasiz olg‘a intiladi...

- Klub rahbariyati yangi sahifa ochishga qaror qildi, ammo o‘tmish unutilmaydi aslo. Ya’ni barchasini birga yo‘lga qo‘yganimiz, jamoani yuqori darajaga olib chiqqan dovonni qanday bosib o‘tganimizni unutmaymiz. Binobarin, muvaffaqiyatga ko‘pchilik katta hissa qo‘shdi. Maldini va Massari haqiqiy jonkuyar edilar, klubda muhim o‘rin tutishgani ham aniq. Endi esa butunlay boshqacha vaziyat yuzaga keldi, rahbariyatda boshqa odamlar bor va ulardan katta ishtiyoq, ishni sifatli bajarish layoqatini kutaman. «Milan»ni yaxshi darajada ushlab qolish va yanada kuchaytirish yo‘lida hammamiz har kuni o‘z ishimizni mukammal tarzda bajarishimiz shart.

- Jamoaning muxlislar bilan o‘zaro munosabatida ham ijobiy o‘zgarishlar bormi?

- Klub murakkab davrni boshdan o‘tkazganida, muxlislar noyob, o‘ziga xos va fantas­tik yondashuvlari bilan ajralib turishdi. Vaholanki, shunday lahzalar ham kuzatildiki, klub tomonda qolish qiyin edi. «Milan» tiffozilari esa kuchli ehtiros va aqlga sig‘mas ishonch bilan sodiq qolishdi. Demak, ular yuksak hurmatga loyiqlar.

- 4-3-3 chizmasi asosiy o‘yin sxemasiga aylanishi mumkinmi?

- Ha, 4-3-3 sxemasiga alohida e’tibor bilan yondashyapmiz, ammo bunda ko‘p narsa maydonda o‘zlashtirilgan bilim va futbolchilarning shaxsiy xususiyatlariga ham bog‘liq. Qolaversa, boshqa tizimlardan ham foydalanamiz, albatta. Umuman, 1ta o‘yin davomida chizmani o‘zgartirishga odatlanib ulgurganmiz. Yangi futbolchilar kelishganini hisobga olsak, eng maqbul chizmani tanlash katta zehn va vaqt talab etadi. Muhimi, yigitlarimizda tajriba yetarli va ular ko‘p yillardan buyon mustahkam poydevor ustiga qurilgan o‘yinni buzib yubormaslik kerakligini yaxshi tushunishadi. Jumladan, safimizga qo‘-shilgan yangi futbolchilar juda aqlli, ular italyan tilidan tortib, o‘yin bo‘yicha yangi ishlanmalargacha - barchasini o‘rganishga moyillar. Shu ma’noda yangi futbolchilardan ko‘nglim to‘q.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:01, 04.08.2023.
O'qildi: 1241 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.