Yaqinda «Tottenxem»ga o‘tgan Van de Ven haqida ma’lumot beramiz.
Ismi: Mikki Van de Ven
Tug‘ilgan yili: 19.04.2001
Fuqaroligi: Niderlandiya
Klub: «Tottenxem»
Pozisiyasi: markaziy himoyachi
«Volfsburg»dagi statistikasi: 41 ta o‘yin, 1 ta gol, 3 ta golli uzatma
Narxi: 30 million yevro.
Mikki Van de Ven «Tottenxem» tarixidagi transfer qiymati bo‘yicha uchinchi eng qimmat himoyachiga aylandi. Londonliklar yosh futbolchi uchun 40 million yevro to‘lashdi (Kristian Romero uchun 50, Davinson Sanches uchun 42 million sarflangan edi). Ammo bir necha yil oldin niderlandiyalik futbolchi Premyer-ligaga o‘tishni xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Van de Ven «Volendam» zaxirasida o‘sdi va klub rahbariyati o‘yinchi bilan endi hisoblashmasligini aniq aytdi - unga yangi jamoa qidirishga ruxsat berildi.
Ehtimol, Vim Yonk bo‘lmaganida Mikki hali ham Niderlandiyada o‘smay yurgan bo‘lar edi. «Ayaks», «Inter» va «PSV»ning sobiq futbolchisi o‘zining tug‘ilgan klubiga murabbiy sifatida qaytdi va yosh futbolchining salohiyatini ko‘rdi. Aynan Yonk himoyachining sotilishini taqiqlab, uni bazaga qo‘ya boshladi. 19 yoshli Van de Ven Niderlandiya ikkinchi divizionida «Volendam» safida debyut qildi va «PSV»ning zaxira jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Himoyachi jadal rivojlandi, darhol asosiy tarkibdagi o‘rnini egalladi va debyutidan 4 oy o‘tgach, u jamoani sardorlik bog‘ichi bilan boshqardi!
«Volendam» Eredivizionga chiqa olmadi, ammo Van de Ven albatta ko‘pchilikning yodida qoldi. Yangi mavsumni Mikki jarohati sabab ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi, uning jarohati noyabrgacha davom etdi. Ammo qaytib kelganicha tezda o‘z o‘rnini tikladi. Mavsumning so‘nggi oylarida esa u umuman doimiy sardorga aylandi, jamoa yosh futbolchida yetakchilik jihatlarini payqadi. Futbolchi uchun 3,50 million yevro to‘lagan «Volfsburg» o‘z pullariga achinmadi. Himoyachi «Volendam» tarixidagi eng qimmat sotuv bo‘ldi.
Germaniyada de Venning iste’dodi darhol tan olinmadi - himoyachi deyarli butun mavsumni «Volfsburg»da zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Ammo Niko Kovachning jamoaga kelishi bilan Mikkiga imkon berila boshlandi. O‘tgan mavsumda niderlandiyalik futbolchi 36 marta maydonga tushdi va har bir uchrashuvda asosiy tarkibda edi. Germaniyada de Ven ko‘p qirralilikni oshirdi: futbolchi nafaqat juftlikda markaziy himoyachi sifatida o‘ynadi, balki himoya triosida turli pozisiyalarni ham egalladi. Bundan tashqari, ba’zida Mikki chap qanotda ham o‘zini ko‘rsatdi.
Futbolchi shu qadar tez safga qo‘shilib ketdiki, noyabr oyida u Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Niderlandiya terma jamoasining kengaytirilgan ro‘yxatiga kiritilgan edi. Garchi de Ven jahon chempionatida o‘ynamagan bo‘lsa ham, kengaytirilgan ro‘yxatga kirishning o‘zi futbolchining iste’dodi va taraqqiyotidan dalolat beradi.
Xo‘sh, 40 million yevro nima uchun to‘langan? Sizning e’tiboringizni tortadigan birinchi narsa - bu tezlik. 193 sm balandlikdagi himoyachi nihoyatda tez yuguradi. O‘tgan mavsumda futbolchi «Union Berlin»ga qarshi o‘yin bilan barchani hayratda qoldirdi. O‘sha bahsda u bo‘sh qolgan darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytardi va jamoasini goldan saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Buning ustiga, Mikki o‘z tanasini yaxshi nazorat qiladi va korpusda juda yaxshi ishlaydi, driblingda ham yomon emas. Qanotlarda o‘ynay olgani sababli bu xususiyat unda yaxshi rivojlangan. Van de Ven birinchi pasda deyarli adashmaydi. Qolaversa, himoyachi bosim ostida umuman dovdirab qolmaydi. Mikki ko‘p qirrali, u markaziy himoyaning ikkiligida, hatto uchta markaziy homoyachi pozisiyasida ham yetakchi rolini bajaradi. U Yevro U-21da Niderlandiya terma jamoasida ham sardorlik qilgan. Individual favqulodda qarorlar yetishmaydigan «shporlar»ga bunday tipdagi futbolchi albatta, kerak bo‘ladi.
Ammo Van de Venning qiladigan ishlari ko‘p. U yakkakurashlarning atigi 52 foizini yutadi, bu Premyer-ligada muamolar keltirib chiqarishi mumkin. Ayrim hollarda Mikki o‘zining yomon xulqi tufayli juda nomaqbul tarzda maydondan chetlatiladi.