Xabaringiz bor, "Navbahor" Osiyo Chempionlar Ligasi (OCHL) saralash bosqichi doirasida safarda “Al-Vakra”ga qarshi maydonga tushadi. “Lochinlar” bo‘lajak bahsga Doxada astoydil tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
“Navbahor”ning Dohadagi ilk mashg‘uloti yakunlangach, jamoa sardori, tajribali darvozabon O‘tkir Yusupovdan bo‘lajak bahs borasida qisqa intervyu oldik.
— Jamoa sardori sifatida muhim o‘yin oldidan jamoadoshlaringizning kayfiyati, jamoaning ichki muhiti haqida nima deya olasiz?
— Bo‘lajak o‘yin oldidan biz – futbolchilarning kayfiyatimiz a’lo darajada. O‘z maydonimizda “Paxtakor”ga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin jamoamizda ozgina tushkunlik paydo bo‘lgan edi.
Hudoga shukr, ayni paytda barchasi ortda qoldi va hammasini yengib o‘tdik. Jamoaning ichki muhiti ham yaxshi. “Al-Vakra”ga qarshi kechadigan o‘yinda barcha imkoniyatimizni ishga solib, Namangan ahliga quvonch bag‘ishlash, xursandchilik ulashishga harakat qilamiz.
— Odatda darvozabonlar uchun ko‘proq ximoyachilarning jismoniy va ruhiy holatlari muhim sanaladi. Aytingchi, jamoadagi himoya chizig‘i vakillaridan bu borada ko‘nglingiz to‘qmi?
— To‘g‘ri aytdingiz, himoyachilar jamoaning asosiy qo‘rg‘oni hisoblanishadi. Himoyachilarimiz haqidagi fikrlarim ijobiy. “Navbahor”da yaxshi himoyachilar jamlanishgan. Davralar oralig‘ida serbiyalik tajribali futbolchi Filip Ivanovich tarkibimizga qo‘shildi. U jamoamizning o‘yiniga yanada kirishib ketsa, menimcha, himoyamizda umuman muammolar bo‘lmasa kerak. Umid qilamanki, jamoamiz o‘yindan — o‘yinga o‘sadi va muxlislar ishonchini oqlashga intilamiz.
– “Al-Vakra” bilan bo‘ladigan bahs bitta o‘yindan iborat bo‘lganligi uchun bellashuv qo‘shimcha daqiqalar va hattoki penaltilar seriyasigacha borishi mumkin. Mabodo, o‘yin penaltilar seriyaasigacha boradigan bo‘lsa, bunga tayyormisiz?
— Bilasizmi, “Al-Vakra” ustidan g‘alaba qozonsak, “Navbahor” tarixida yangi sahifa ochganlar sifatida biz — futbolchilar ham tarixga kirish imkoniyatiga egamiz. Nafaqat men, balki barchamiz bo‘lajak bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mazkur o‘yinning qiymati biz uchun finalga teng. Shuni inobatga olgan holda, ta’kidlamoqchimanki, birgina men emas, butun jamoa ertangi uchrashuvda zafar quchib, OCHL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga tayyor. Ushbu maqsadimizni amalga oshirish uchun oxirigacha kurashamiz.
So‘nggi so‘z o‘rnida shuni ta’kidlamoqchimanki, Namangan ahli futbol bilan hamnafas yashaydi. “Navbahor” g‘alaba qozonsa, ko‘plab xonadonlarda bayram bo‘ladi, mabodo, Xudo ko‘rsatmasin, aksi yuz bersa, bu muxlislarning kayfiyatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Maqsadimiz yagona, jamoamiz ishqibozlarining xonadonlariga chiroyli g‘alabalarimiz bilan quvonch ulashish. Buni ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Har holda, yurtimizdagi eng yaxshi muxlislarga ega, futbolsevarlar viloyati jamoasi sharafini himoya qilayotganimizni yaxshi bilamiz. Umid qilamizki, muxlislar ham odatdagiday bizni qo‘llab-quvvatlab, qo‘shimcha kuch va ruh bag‘ishlashadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.