Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Pellegrini & Isko – ideal juftlik

Pellegrini & Isko – ideal juftlik

Baho:
+ | -

Bir paytlar Isko «Malaga»da Manuel Pellegrinidan olgan saboqlari evaziga sayyoramizning eng noyob iqtidorlaridan biri sifatida «Real»ga yo‘l olgandi.

 Endi taqdir ularni «Betis»da mukammal juftlikka aylantirdi. 31 yoshli ispaniyalik futbolchi bir yil ishsiz yurganiga qaramasdan, joriy mavsumni fantastik tarzda boshladi: qatorasiga 4 marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi maqomini oldi: «Viyarreal» (hatto gol ham urdi), «Atletiko», «Atletik» va «Rayo Valyekano». Bularning barchasi - Pellegrini mehnatining samarasi.

Isko o‘z murabbiyini futboldagi otasi, deb hisoblaydi - usiz intizom bobida muammolarga duch kelardi. Pellegriniga qadar futbolchining ishlari yurishmadi: 19ga chiqqunga qadar u «Valensiya»ning asosiy tarkibida atigi 7 marta maydonga tushdi, qolgan vaqtini ikkinchi jamoada o‘tkazdi. Ha, bolalar saviyasidan o‘tgan, lekin kattalar futboliga tayyor emasdi.

Isko o‘zining «Valensiya»dagi debyutini 2010 yilda, «Logronyes»ga qarshi kubok musobaqasida 2ta gol urish bilan nishonlagandi. O‘rinbosarlar jamoasi murabbiyi Visente Mir shogirdining muvaffaqiyatidan quvonish o‘rniga aksincha, g‘amginlik bilan fikr bildirgandi: «Ajoyib o‘yindan keyin uni asosiy tarkibga olishadi, endi uni hech qachon ko‘rmayman».

Biroq asosiy jamoani boshqargan Unai Emeri uning iqtidorini munosib baholamay, juda kam chaqirardi. Murabbiy ishonchini qozonishi kerak bo‘lgan Isko esa mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborardi. Aynan shu pallada u Pellegrini tasarrufiga o‘tgan qadrdon klubi - «Malaga»ga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lgandi. Aynan shu murabbiy davrida Isko ilk bor mavsumni asosiy tarkibda o‘tkazdi, 9ta samarali uzatmalari esa murabbiyda dangasa, lekin o‘ta iqtidorli shogirdiga nisbatan mehr uyg‘otdi.

Shu tariqa yuzaga kelgan doimiy aloqa chog‘ida murabbiy Iskoni tarbiyalashga kirishdi va tabiiyki, ishni intizomdagi muammolardan boshladi. 2011/12 yillar mavsumida futbolchi 7ta sariq va 2ta qizil kartochka olgani uchun murabbiy uni zaxirada qoldirish yoki umuman, ro‘yxatga kiritmaslik bilan jazolay boshlagandi. Bundan futbolchining jahli chiqib, xafa bo‘lsada, jazo samara bera boshladi - keyingi mavsumda chetlatishlar bo‘lmadi, sariq kartochka esa 2taga kamaydi.

IP juftligining eng samarali hamkorligi 2012/13 yillar mavsumida kuzatildi: yorqin o‘yinlarni namoyish etgan «Malaga» YECHLda chorak finalga chiqdi. 2012/13 yillar mavsumini 6-o‘rinda yakunlagan «Malaga» moliyaviy muammolar tufayli yevrokubok musobaqalarida qatnasha olmadi. Lekin ichki chempionatda «Valensiya», «Real» va «Sevilya»ni mahv etgandi. E’tiborlisi, «Real»ga qarshi o‘yinda (3:2) hisobni aynan Isko ochgandi. 6-o‘rin - «Malaga» tarixidagi ikkinchi yaxshi natija: undan yaxshiroq natijani bir yil avval qayd etgandi.

Isko 4-2-2-1-1 sxemasida Xoakin bilan erkin musavvir rolini ado etgan. Lekin turli vazifalarni bajarishgan: Isko ko‘pincha diagonal bo‘yicha harakatlanib, qanotda ustunlikni ta’minlar yoki markazdan zarba yo‘llardi.

Pellegrini Isko uslubidagi o‘yinchilarni xush ko‘rardi: «Mohir o‘yinchilar epchil to‘p surishadi, ular maydonni o‘zgacha his etadilar. Bunday o‘yinchilar bir yilda 2-3 marta to‘pni yo‘qotadilar, xolos».

Manuel o‘nliklarni yoqtiradi. U o‘yinni to‘pga egalik qilish asosida tashkil etadi. Biroq qoidalari Gvardiola va Kroyff uslublaridan farq qiladi. Chililik mutaxassis sxemasida to‘p uzatishning 2-3ta variantlari doimo bo‘ladi. Pellegrinining asosiy aqidasi - to‘pga egalik qilayotgan futbolchi shoshmaydi, o‘ylaydi. qolgan barcha o‘yinchilar tez harakatlanadilar. Murabbiy uslubida Yevropaga xos tezkorlik va talabchanlik, Lotin Amerikasiga xos mahorat uyg‘unlashgan. Har qaysi hujum harakati avvalgisini takrorlamaydi: himoyadan hujumga o‘tish bilan ijodkorlik boshlanadi.

2012 yil yakunida Isko yilning eng yaxshi yosh futbolchisiga beriladigan Golden Boy mukofotini qo‘lga kiritdi. U Manuelni futboldagi otasi sifatida e’tirof etib, hatto «Manchester Siti»ga o‘tmoqchi bo‘lgandi: «Meni yaxshi ko‘rishini bilaman, albatta u bilan hamkorlikni davom ettirishni istayman. Chunki u doimo menga ishonch bildirgan».

«Malaga»ni tark etganidan keyin, Pellegrini Iskoni sog‘inib qolganligini tan oldi: «Uni o‘z o‘g‘limdek yaxshi ko‘raman. U bilan ishlay olganimdan mamnunman. Isko yanada mukammal saviyaga ko‘tarilishiga aminman: kuch-quvvat va navqironlik, aqlli o‘yin bunga yordam beradi».

Yuksak saviya Iskoni Madridga olib keldi. Poytaxtliklar noyob brilliantni topib olgandek quvonishdi. Isko hammani maftun etgandi. Dastlabki mavsumlarda mamlakatning kelajagi porloq iqtidorlaridan biri xaridorlar qurshovida qoldi: «Liverpul», «Milan», «Sevilya», hatto Pellegrinining «Manchester Siti»si ham yarim himoyachini o‘ziga chorladi. Biroq Isko cho‘qqilarni «Real» bilan zabt etishga qaror qildi va boshqa variantlarni qat’iyan rad etdi.

Debyut mavsumida futbolchi risoladagidek to‘p surib, rotasiyada o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. 11ta gol va 9ta assistni amalga oshirgach, uni Andres Inyestaga qiyoslay boshladilar. Lekin Isko keskin javob qaytardi: «Bu men uchun ulkan sharaf. Biroq men «Real» tarixida o‘z sahifamni yozmoqchiman».

Isko uzoq yillar davomida madridliklarning muhim o‘yinchisi bo‘lishni mo‘ljallagandi, o‘z vazifasini munosib ado etsa, yulduzli tarkib ham uning jahon miqyosiga ko‘tarilishiga to‘siq bo‘la olmasligiga ishongandi. Biroq tez orada jamoa mexanizmida qandaydir nosozlik yuzaga keldi: Iskoni zaxiraga olishlar ko‘payib ketdi, orzulari puchga aylandi. Keyin jarohatlar xalal bera boshladi, ortidan intizom borasidagi muammolar yana bosh ko‘tara boshladi. Boshqa jamoalarda to‘p surish imkoniyati paydo bo‘lganida, futbolchi ketishni istamadi. Hatto azaliy raqib - «Barselona» taklifini ham qabul qilmadi. Yakunda futbolchi amaldagi shartnomasi muddatini uzaytirdi. Lekin murabbiyning to‘liq ishonch bildirmasligi oqibatida Isko avvalgi saviyasini tiklay olmadi va Madriddagi oxirgi mavsumini o‘ta achinarli natija (17ta o‘yinda 2ta gol va 1ta asssist) bilan yakunladi. Hatto eski qadrdoni Xulen Lopetegi ham yordam bera olmadi.

2018 yilning iyunidan oktyabriga qadar klubda ishlagan Ispaniya yoshlar jamoasining murabbiyi Lopetegi ham doimo Iskoga ishonch bildirgan va o‘yinni uning atrofida uyushtirardi. Aynan uning davrida yarim himoyachining saviyasi o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Marko Verrattining o‘sha paytdagi e’tirofi quyidagicha: «Iskoga qarshi kurashlarda qiynalib ketdim. Uning o‘yini meni lol qoldirardi. Hatto Messi ham bunday saviyani namoyish eta olmagan».

Futbolchining o‘zi Lopetegining xizmatlariga yuksak baho bergandi: «Murabbiyning menga bergan imkoniyatlari yuksak ishonchdan dalolat beradi. Bunday munosabat kuchimga kuch qo‘shib, o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshiradi».

Pellegrini Iskoni o‘tgan yil aprelida «Betis»ga chorlagan, tomonlar kelishuvga yaqin turgan pallada negadir transfer amalga oshmay qoldi va futbolchi Lopetegining «Sevilya»siga yo‘l oldi. Biroq o‘sha yil oktyabrida mutasaddilar Lopetegini iste’foga chiqarishdi, Xorxe Sampaoli bilan esa Isko til topisha olmadi. 2022/23 yillar mavsumidan keyin futbolchi «Union» taklifini rad etdi va tez orada orziqib kutgan taklifini oldi - uni shaxsan Pellegrini «Betis»ga chaqirdi.

Orzuning ro‘yobga chiqishi yo‘lida Isko xorijiy klublardan voz kechdi, Madriddagi (7 mln. yevro) va Sevilyadagi (5 mln.) maoshlarini kamaytirdi va futboldagi otasi huzuri yo‘l oldi. «Betis»dagi asosiy motivasiya - jamoaning eng porloq yulduzi maqomini takroran qo‘lga kiritish. Ya’ni, ideal juftlik - IPni ulash!

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:30, 28.09.2023.
O'qildi: 1711 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.