Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

YECHL – bu chempionlar va qolganlar kurashi ham!

YECHL – bu chempionlar va qolganlar kurashi ham!

Baho:
+ | -

Mana, durdona turnir - Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsumning asosiy bosqichi ham yo‘lga tushdi. 

Bu safar «Manchester Siti» «shalpangquloq» kubokni o‘zida olib qolishga urinadi tarixda ilk marta. Bilamizki, CHL - katta maydon. Musobaqa tarixiga birrov nazar solsangiz, unda mamlakatlarning amaldagi chempionlari va qolganlar o‘rtasida ham alohida raqobat shakllangani ko‘zga tashlanadi. Qiziq, hozirgi holatda ustunlik qaysi tomonda? Ya’ni turnirda haqiqiy chempionlar ko‘proq g‘olib chiqishganmi yoki qolganlar?

CHEMPIONLAR - QOLGANLAR - 16:15

Statistikadan ma’lum bo‘lishicha, amaldagi g‘olib «Manchester Siti» tufayli hozirda «shalpangquloq« kubokni yutish borasida ustunlik chempionlar guruhi tomonida. Bir boshdan aytsak, 1992 yili YECHK isloh qilinganidan so‘ng CHLning dastlabki 6 mavsumi yakunida faqat chin chempion klublar (turnirga milliy chempionatlarning amaldagi g‘olibi sifatida kirishganlar) - «Marsel» (Fransiya), «Milan» (Italiya), «Ayaks» (Niderlandiya), «Yuventus» (Italiya), «Borussiya» D. (Germaniya) va «Real» (Ispaniya) g‘alaba nashidasini surgan. Umuman olganda, o‘z mamlakatida chempion bo‘lmagan klublar turnirga ilk marta 1997/1998 yillar mavsumida qo‘yilgandi. E’tiborlisi, kengaytirilgan turnirning 2-mavsumidayoq qolganlar guruhi hisobiga ilk kubok yozilgan. O‘shanda APLda 2-o‘rinni egallagan «MYU» chempionlikni nishonlagandi (aytgancha, o‘sha finalda o‘ynagan «Bavariya» ham turnirga Bundesliganing ikkinchi jamoa­si sifatida qo‘shilgandi, chunonchi, myunxenliklar oldingi mavsum «Kumush tovoq»ni kamtarin «Kayzerslautern»ga berib qo‘yishgandi).

Umumiy statistika bo‘yicha aytsak, hozirga qadar CHLda milliy ligalar vise-chempionlari 9 marta zafar quchdi. Shuningdek, yana ikki holatda musobaqaga o‘z milliy chempionatining 3-pog‘onasi orqali chiqqan klub g‘olib bo‘ldi. E’tiborli fakt: tarixda milliy ligada kuchli uchlikka kirolmagan jamoalar 4 marta «shalpangquloq» yutgan. Yana bir tomoni, 2012-2017 yillar oralig‘ida CHLda vise-chempionlar gegemoniyasi kuzatildi. Bu orada kubok yutgan «Bavariya» ham CHLga Bundesliganing kumush medali egasi sifatida qo‘shilgandi (o‘shanda Germaniya chempionati oltin medali Dortmund «Borussiya»siga nasib etgan). Yevropa klub futboli bosh turnirining yangi tarixida 2 marta shohsupaga ko‘tarilgan «Liverpul» esa har ikki holatda APL turnir jadvalidagi 4-o‘rin orqali yo‘llanma olgandi. Xullas, amaldagi g‘olib «Manchester Siti» tufayli ushbu norasmiy raqobatda tarozu pallasi chin chempionlar guruhi tomon og‘di - 16:15!

CHL: 1992 YILDAN KEYINGI UMUMIY JADVAL

Yangi mavsum bahona CHLning umumiy jadvaliga ham birrov nazar solsak bo‘lar. Har holda, sovrindorlar reytingini ko‘rishdan hech qanday ma’no yo‘q: «Real» mutlaq oldinda, qolganlar ancha orqada. Tabiiyki, CHLning sarhisob jadvalida ham «Madrid» peshqadam, albatta. E’tiborga olish kerak, umumiy jadvalni shakllantirishda «pley-off» bosqichlari o‘yinlarining asosiy vaqtdagi natijasi inobatga olingan (umumiy qoida bo‘yicha g‘alabaga 3 va durangga 1 ochko). Demak, sarhisob jadvalining dastlabki ikki pog‘onasi Ispaniya klublariga tegishli: «Real» ortida «Barselona» bor. Angliya futbolining ham o‘ziga yarasha ustun jihati yo‘q emas: jadvalning yuqori 20taligida APLdan 5ta klub bor (4tasi kuchli 10talikda). Shuningdek, top-20ga Ispaniyaning 4ta, Italiyaning 3ta, Fransiya, Portugaliya va Germaniyaning 2tadan vakili kiradi. Qolgan 2ta pozisiya «Ayaks» (Niderlandiya) hamda «Olimpiakos» (Gresiya)ga tegishli.

«Real» etakchi, ammo «Barselona»dan uncha oldinda emas. «Bavariya» (3-o‘rin) va «MYU» (4-o‘rin) o‘rtasida esa naq 116 ochko bor. «Portu»ning bir qator grandlardan oldinda ekanligi ham e’tiborga molik. Bunda ajablanadigan tomoni yo‘q: Portugaliya vakili CHLning doimiy ishtirokchisi sanaladi (hozirga qadar atigi 3 mavsumni o‘tkazib yuborgan). Yana unutmaslik kerak, «Portu» - CHL-2002/2003 g‘olibi. 2 karra chempion - «Liverpul» CHL umumiy jadvalining top-20taligiga kirgan naq 15ta jamoadan kamroq mavsum o‘ynaganini alohida aytish kerak. Umuman, «qizillar» o‘tgan asrning 90-yillari turnir yuzini ko‘rishmagan, faqat mavsum-2001/2002da debyut qilishgan. CHLning birinchi g‘olibi «Marsel» esa atigi 28-o‘rinda. Rossiya klublaridan «Spartak» deylik, «Napoli» va «Tottenxem»dan yuqorida - 29-o‘rin. «Shaxtyor» esa sobiq ittifoq hududidagi eng muvaffaqiyatli klub - 22-o‘rin.

 A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 01.10.2023.
O'qildi: 1647 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.