Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Hamnafaslikning yorqin namunasi!

Hamnafaslikning yorqin namunasi!

Baho:
+ | -

Oktyabr oyining so‘nggi kunlari futbol jamoatchiligini mudhish yangilik larzaga soldi - Kolumbiyada «Liverpul» yarim himoyachisi Luis Diasning ota-onasini o‘g‘irlab ketishdi.

 To‘g‘ri, bir necha soatdan keyin futbolchining onasini qo‘yib yuborishdi, otasini qutqarish esa nisbatan cho‘zildi. Xayriyatki, hammasi yaxshilik bilan xotima topdi. Bu orada «Liverpul» rahbarlari, futbolchilar va shaxsan bosh murabbiy Yurgen Klopp yarim himoyachi tashvishiga sherik bo‘lib, uni imkon qadar qo‘llab-quvvatlab turishdi. Diasning o‘zi esa «Luton»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushib, qo‘shimcha vaqtda gol urdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi, shuningdek, jinoyatchilardan otasini qo‘yib yuborishlarini iltimos qildi. Yakunda hammasi xayrli yakunlandi va katta Dias 17 noyabr kuni o‘g‘lining JCH-2026 saralashidan o‘rin olgan o‘yinda Braziliya milliy jamoasi darvozasiga urgan ikki golini bevosita «Metropolitano Roberto Melendes» stadionida tomosha qildi. Lekin quyidagi maqola Diaslar oilasi boshiga tushgan ko‘rgilik emas, balki shunga o‘xshash boshqa bir voqea haqida...

Bir necha yil muqaddam «Chelsi»ning sobiq yarim himoyachisi Jon Obi Mikel ham aynan odam o‘g‘rilari das­tidan ancha siqilgandi. Ya’ni uning oilasida xuddi shunday madhish voqea yuz bergandi. Nigeriya futboli yulduzi yaqinda, Luis Dias boshiga tushgan yoqimsiz hodisa bahona o‘sha jinoyat tafsilotlarini batafsil bayon etdi: «Nigeriya milliy jamoasi tarkibida JCH-2018da qatnashish uchun Rossiyaga yo‘l olganimda, otamni o‘g‘irlab ketishgandi. Esimda, Argentina termasiga qarshi o‘yin boshlanishiga atigi 2 soat qolgan vaqt akam qo‘ng‘iroq qilib, bo‘g‘iq ovozda sovuq xabarni yetkazgandi. O‘zi otamni birinchi marta o‘g‘irlab ketishganida, chinakam «shok» holatiga tushib qolgandim, ikkinchi holat esa men uchun yanada jiddiy zarba bo‘ldi. Axir butun faoliyatim, ehtimol, hayotimdagi eng buyuk o‘yinlardan biriga hozirlik ko‘rayotgan, uning startiga esa 1-2 soatcha vaqt qolgandi. Noxush xabarni eshitgach, butun vujudim qaltirashga tushdi, hattoki, xonadan tash­qariga chiqolmadim. O‘sha lahzada kimga arz qilishni ham bilmasdim. Chamasi 30 daqiqacha qanday yo‘l tutish haqida bosh qotirdim. Bu orada butun Nigeriya uchun o‘ta muhim o‘yin starti tobora yaqinlashardi. Chunonchi, bizni kimsan Lionel Messi jamoasiga qarshi o‘yin kutib turardi. Uzoq o‘yladim va yakunda bir to‘xtamga keldim: «Bo‘lar ish bo‘ldi, hozir buni doston qilishdan naf yo‘q, yaxshisi, hech kimga aytmay turaman». Xullas, ko‘rgilik haqida birovga og‘iz ochmadim. Maydonga tushib, o‘yinga kirishdim. Afsuski, g‘alaba qozonolmadik. O‘yindan keyin esa atrofimdagilarga dardimni aytdim. Shunda kiyinish xonasiga sukunat cho‘kdi, murabbiy va ayrim yigitlar hattoki, ko‘zlariga yosh olishdi. Ular voqeadan xabardor qilmay, maydonga tushib xato qilganimni ham ta’kidlashdi. 

Ayniqsa, «Chelsi» juda katta yordam berdi. Roman Abramovichning shaxsan o‘zi holatdan xabardor bo‘lib turdi. Esimda, u hattoki, amaliy yordam berishi mumkinligini aytgandi: «Jon, agar xohlasang, o‘z odamlarimni Nigeriyaga yuboraman. Ular otangni qutqara olishsa kerak». Tabiiyki, biroz o‘ylanib qoldim, ikkilandim: «Bu odam nima qilmoqchi o‘zi?» Abramovich esa fikrimni darrov o‘qigandek bo‘ldi: «Yo‘q, bu masalada xavotirlanma. Hammasini tinch yo‘l bilan hal qilamiz. Agar men aytgan variantga ko‘nsang, darhol harakatni boshlaymiz. Ishon, bu ishni uddalay olaman». Endi «Liverpul» Luisni shunchalik qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rganimdan bag‘oyat mamnunman. Klubning bu fidoyiligi har qanday maqtovdan ustun».

Obi Mikelning otasi bir haftalik tutqunlikdan so‘ng polisiya operasiyasi natijasida ozod etilganini qo‘shimcha qilish kerak. Ya’ni Roman Abramovich bu ishga aralashmagan. Lekin uning o‘z qaramog‘idagi klub vakiliga g‘am­xo‘rligi, birdam, hamnafas bo‘lgani - chinakam namuna, albatta. Mana, Dias ham ona-otasi bilan diydor ko‘rishdi. Eng muhimi - shu.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 16.12.2023.
O'qildi: 1508 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.