Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan «Andijon» hamda Moskvaning SSKA klublari ilk bor o‘rtoqlik uchrashuvda to‘qnash kelishdi. O‘yin «Regnum» maydonida bo‘lib o‘tdi va aytish kerakki, Belekning ushbu hududida bir qancha Rossiya klublari qo‘nim topishgan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, SSKA – «Andijon» bellashuvda «Dinamo» (Moskva), “Sochi, «Veles», «Baltika» yana boshqa jamoalar vakillarini uchratish mumkin edi.
Darvoqe, bellashuvdan avval rossiyalik taniqli sobiq hakam Nikolay Levnikov bilan uchrashib qoldik. U Rossiya futbol hakamlar qo‘mitasi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. SSKA – «Andijon» o‘yinida esa hakamlar brigadasini nazorat qilib bordi. Shuningdek, ikkala bo‘limda alohida bosh hakamlar ishlashini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi. Darhaqiqat, dastlabki bo‘limda Yegor Yegorov, ikkinchi bo‘limda esa Andrey Falov o‘yinni boshqardi. Barcha hakamlar rossiyalik ekanini eslatib o‘tish darkor.
SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov jamoamizga qarshi Igor Akinfeev boshchiligidagi o‘zining asosiy tarkibini maydonga tushirdi. Bellashuv taqdirini ikkita gol hal qildi. Avvaliga «armiyachilar»ning asosiy hujumchilaridan biri Anton Zabolotniy hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda SSKA tarkibiga yangi qo‘shilgan futbolchi Temirlan Musayev jamoasining ikkinchi golini urdi.
«Andijon» uchun kuchli raqibga qarshi mazkur bellashuv juda muhim edi. Chunki jamoani o‘yinini yanada shakllantirish hamda qaysi jihatlarni yanada kuchaytirish zarurligi borasida mana shunday raqiblarga qarshi bahslarda javob olish mumkin bo‘ladi. Ammo Aleksandr Xomyakov shogirdlari SSKAga qarshi o‘yinni yaxshi boshladi va xavfli vaziyatlarni ham yaratdi. Masalan, birinchi bo‘limda Bektemir Abdumannonov o‘zining xavfli reydi orqali jarima maydoni ichiga kirib bordi va so‘nggi pallada Akinfeev darvozasini ishg‘ol qilmoqchi bo‘lganida himoyachilar unga halaqit qilib qolishdi. Ikkinchi bo‘limda Asilbek Aysarovning uzoqdan yo‘llagan zarbasini Torol qiyinchilik bilan bartaraf etdi. Shuningdek, Sherzod Esanov ham bir vaziyatda qanotdan jarima maydoni ichiga kirib borayotganida xavf jiddiy ko‘rinish olayotgandi, lekin yakunda o‘xshamay qoldi.
Xomyakov qo‘l ostidagi o‘yinchilarni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi va kerakli xulosalarga ega bo‘ldi. Shubhasiz, bu kabi uchrashuvlar jamoamizga juda asqotadi.
Nazorat o‘yini
SSKA – «Andijon» – 2:0 (1:0).
1 fevral. Antaliya. «Regnum» arena.
Gollar: Anton Zabolotniy, 8 – 1:0. Temerlan Musayev, 59 – 2:0.
Ogohlantirishlar: Viktor Davila, 55. Kirill Glebov, 80 – Izzat Abdurasulov, 63. Salam Ashurmamadov, 90.
SSKA: Igor Akinfeev, Villina Rosha, Kirill Nababkin, Mixail Ryadno, Milan Gayich, Moyzes Barbosa, Ivan Oblyakov, Konstantin Kuchayev, Viktor Mendes, Anton Zabolotniy.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Vladislav Torol, Ilya Agapov, Kirill Glebov, Matvey Kislyak, Fyodor Chalov, Tamerlan Musayev.
«Andijon»: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abduvohid G‘ulomov, Sardor Azimov, Bektemir Abdumannonov, Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmuratov, Ilhom Abdug‘aniyev, Sunnatilla Abdullajonov, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Ildar Mamatkazin, Diyor Toirov, Farhod Sohibjonov, Marlen Chobanov, Sherzod Esanov, Abubakir Rejabboyev, Asilbek Aysarov, Izzatillo Abdurasulov, Suhrob Berdiyev, Armin Boshnyak, Mohir Komilov, Asad Habibullayev, Salam Ashurmamadov.
Hakamlar: Bosh hakam: Yegor Yegorov (1-bo‘lim), Andrey Falov (2-bo‘lim)
Qanot hakamlari: Rinat Ravilov, Andrey Pelix.
Nazoratchi: Nikolay Levnikov
«Andijon» matbuot xizmati.