Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Andijon» bosh direktori klubning yangi strategiyasi, Xebayning ketishi va tarkibdagi o‘zgarishlar bo‘yicha intervyu berdi

«Andijon» bosh direktori klubning yangi strategiyasi, Xebayning ketishi va tarkibdagi o‘zgarishlar bo‘yicha intervyu berdi

Baho:
+ | -

Sanoqli kunlardan so‘ng yangi futbol mavsumi boshlanadi. «Andijon» ham astoydil tayyorlanmoqda. Qishki transfer chog‘ida esa bir qator yangi o‘yinchilar qo‘shib olindi va bu jarayon davom etyapti.

«Andijon» futbol klubi joriy yildan rivojlanish strategiyasini yanada takomillashtirgan holda o‘zgacha yo‘nalishda ish olib bormoqda. Yangi mavsum boshlanishi arafasida jamoamizning bosh direktori Elbek Samatov «Andijon» matbuot xizmatiga intervyu berdi.

— Yaqinda O‘FAda yig‘ilish bo‘ldi. Unda ayollar, bolalar futboli va umuman barcha infrastruktura bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu borada jamoamizda qanday ishlar amalga oshirilyapti?

— Darhaqiqat, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi prezidenti tomonidan barcha klub rahbarlariga yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bolalar va o‘smirlar futboli, ayollar futboli, umuman yoshlar futboli bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan ishlar aytildi. Bizda 2024 yildan yaxshi g‘oyalar tuzilgan. Bundan sinchkov muxlislarimizning xabarlari bor. Hozir xujjat ishlari davom etyapti. Yaqinda Oltinko‘lda «Andijon» futbol klubining bazasini qurish ishlari boshlanadi. Nasib qilsa, keyingi yildan Oltinko‘lda asosiy hamda yoshlar jamoalarimiz uchun qarorgoh bo‘ladi. U yerda tabiiy va sun’iy maydonlar barpo etiladi. 70 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy OFK talablariga javob beradigan bino qurish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, «Andijon» klubi hozirda Bo‘ston dahasida joylashgan qarorgohda istiqomat qilyapti. O‘z-o‘zidan jamoa Oltinko‘lga ko‘chib o‘tganidan so‘ng Bo‘stonda jamoamizning futbol akademiyasi tashkil qilinadi. Buning uchun xorijdan uch nafar mutaxassisni olib keldik va ular birinchi bosqich ishlarini boshlab yuborishgan. Bu borada reja va shartnoma tuziladi. Qarorgohimizdagi maydonlarni ham albatta ta’mirlaymiz hamda yangi maydon ham quramiz. Bu yildan yana futzal jamoamiz tashkil qilindi. Bilasiz, Andijonda avvaldan futzal jamoasi bo‘lgan va Respublikada o‘ziga yarasha nom qozongan, bir necha marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgan. Biz yana futzal jamoamizni rivojlantirmoqchimiz. Ayollar futbolimizga ham e’tibor kuchaymoqda. Hozir rivojlanish bosqichidamiz. Xudo xohlasa, bu o‘z samarasini beradi. Xabaringlar bor, «Andijon» U-21 jamoamizda ham keskin o‘zgarishlarni qilyapmiz. Tarkibni yanada yoshartiryapmiz. Yoshlar jamoasi tarkibi deyarli 70-80 foizga o‘zgarmoqda, yanada ko‘proq yoshlar biriktirilyapti. Maqsad asosiy jamoaga iste’dodli o‘yinchilarni tayyorlab berish. Yana bir gap: bu yildan e’tiboran muxlislarga yanada qulaylik yaratish maqsadida uy o‘yinlarimiz uchun elektron chiptalarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

— O‘tgan yili jamoa to‘purari bo‘lgan Rubin Xebay klubdan ketdi va bunga qanday munosabatda bo‘ldingiz? Uni o‘rniga kim olib kelinadi?

— To‘g‘ri, Rubin Xebayning ketgani jamoamiz uchun yo‘qotish desak bo‘ladi. Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi. Biz uning qolishini xohladik. Kerak bo‘lsa oylik maoshini oshirib, yangi takliflarni bildirdik. Albatta, uni ketganidan muxlislarimiz ranjishgan, bundan xabarim bor. Qaysidir ma’noda ketib qolganidan biz ham ranjidik. Xebay masalasida hozir mavridi keldi va to‘liq aytib o‘tishni istardim, bu yerda yashiradigan hech nima yo‘q. Rubin Xebayni o‘zi ketishni juda xohladi. Qaysidir ma’noda bizga to‘langan mablag‘ning ma’lum bir qismini Rubin o‘zini cho‘ntagidan to‘ladi, desak yolg‘on bo‘lmaydi. Yana bir gap: Tojikistonda o‘tgan yig‘inimizda bahonalar ishlatib mashg‘ulotlarga chiqmadi. Turkiyadagi yig‘inda ham mashg‘ulotlarda qatnashmadi. O‘zi bilan ko‘p marotaba gaplashdik. Transfer summaning ma’lum bir qismini o‘z yonidan to‘lashi o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, klubdan ketishni xohlagan. Bizga, klub rahbariyatiga yoqmagan yana bir narsa shu bo‘ldiki, u jamoa bilan xayrlashmasdan ketdi. Xullas, Xebay bo‘yicha boshqa yo‘limiz qolmaganligi bois uni o‘zimiz ko‘zlagan mablag‘ga sotishga erishdik. Buni yana bir yaxshi tomoni, «Andijon» klubi tarixida hali bunday transfer bo‘lmagan. Endi Rubinning o‘rnini qanday to‘ldiramiz, degan savol bo‘ladi. Bu – futbol. Unda har qanday o‘yinchi klubdan ketib, boshqasiga qo‘shiladi. Bu futbolning ajralmas bir qismi. Tarkibimizga Rossiya yoshlar terma jamoasi a’zosi hisoblangan, SSKA yoshlar tarkibida to‘p surgan hujumchi Luka Zgurskiy qo‘shildi. Qolaversa, O‘zbekiston U-20 terma jamoamiz hujumchi Rustam Turdimurodov ham safimizda. Qolaversa, yana bir yangi hujumchi bilan og‘zaki kelishuvga erishdik. Bir-ikki kunda bu haqida rasmiy ma’lumot beramiz. Bu borada muxlislarimiz xotirjam bo‘lishsin.

— Jamoa bir qator futbolchilar bilan shartnomalar imzoladi. Seleksiyadan qoniqyapsizmi?

— Barchasi rejamiz asosida amalga oshirilyapti. Jumladan, Sherzod Esanovni muxlislar yaxshi biladi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida o‘ynadi. Bu yil yana safimizga qaytdi. «Metallurg»dan Bektemir Abdumannonovni oldik. Iqtidorli bola. Ishqibozlar bunga o‘yinlar davomida guvoh bo‘ladilar. Suriyalik darvozabonni ham oldik. Maksim Sarraf Suriya terma jamoasi darvozaboni hisoblanadi. Shuningdek, makedonyalik Demir Imerini taklif qildik. Uni ham saviyasi yuqori. Yevropa futbolini ko‘rgan, albatta jamoamizga foydasi tegadi. Bundan tashqari, iqtidorli himoyachi Marlen Chobanovni jalb qildik. «Paxtakor»da o‘ynagan. O‘tgan yili «Turon»da edi. Asosiy jamoamizning 70-80 foiz negizi saqlab qolingan va buni katta yutuqlarimizdan biri deb aytib o‘tishim mumkin. Ketganlar o‘rnini yangi o‘yinchilar bilan to‘ldiryapmiz. O‘ylaymanki, yangi kelayotganlar ketganlardan hech bir jabhada qolishmaydi, ular albatta bizga yordam beradi.

— Jamoamiz Antaliya yig‘inidan so‘ng Toshkentda shug‘ullanmoqda. Mavsum boshlanishiga qadar klubning keyingi rejasi qanday?

— Ha, Turkiya yig‘inidan so‘ng jamoamiz 18 fevraldan Toshkentda yig‘ilgan. 3 mart kuni birinchi tur o‘yinida Olmaliqda OKMKga qarshi maydonga tushamiz. 18 fevraldan 2 mart sanasiga qadar Toshkentda yig‘in o‘tkazamiz. Bu davr oralig‘ida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirganmiz.

— Chempionatni safarda OKMK bilan boshlaymiz. Qur’a siz o‘ylagandek bo‘ldimi?

— Albatta, OKMK kuchli jamoa. Lekin oldingi «Andijon» bilan hozirgi «Andijon»ni o‘rtasida farq katta. Sababi, o‘tgan yili buning isbotini hamma ko‘rdi. OKMK bilan o‘ynasa bo‘ladi. Qaysidir ma’noda, birinchi turda ular bilan to‘qnash kelishimiz yaxshi bo‘ldi. Sababi dastlabki turlarda har qanday bahsda mening nazarimda favorit bo‘lmaydi. Ikkinchi turda «Bunyodkor»ni qabul qilamiz. Keyin «Surxon»ga boramiz. Andijonda «Nasaf» bilan bellashamiz. Qur’adan ko‘nglim to‘q. O‘ynasa va natija qilsa bo‘ladi, bu borada xavotirim yo‘q.

— Bu yil «Andijon»ni 60 yilligi va jamoa oldiga qo‘yilgan vazifa hamda rejasi qanday?

— Har bir jamoani yil boshida o‘z rejasi bo‘ladi. Tarkibimiz ancha yoshardi. Shunga qaramay, tajribali o‘yinchilar bilan to‘ldirilmoqda. Birinchi navbatda o‘zimizdan chiqayotgan yigitlarni asosiy jamoaga jalb qilib, ularni tayyorlab O‘zbekiston terma jamoalarida o‘ynaydigan darajaga olib chiqmoqchimiz. Bu yilgi maqsadimiz albatta yaxshi natija ko‘rsatish. Ayniqsa, o‘tgan yilgidan ko‘ra yuqoriga ko‘tarilish vazifasi qo‘yilgan. Muxlislarni xabari bor, bu yil «Andijon» jamoamiz tashkil etilganining 60 yilligi bo‘ladi. Xudo xohlasa, yozda, birinchi davradan so‘ng 60 yillikni nishonlash tadbirini o‘tkazishni ko‘zda tutganmiz. Reja va g‘oyalarimiz tayyorlanyapti. Chiroyli tarzda o‘tkazamiz. Futbol faxriylarini chaqirish, o‘rtoqlik o‘yini uchun xorijdan nomdor jamoani taklif qilish ishlari olib borilyapti.

Manba: andijanfc.uz
Kiritildi: 21:31, 20.02.2024.
O'qildi: 1565 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.