Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Shturm»dan chinakam shturm

«Shturm»dan chinakam shturm

Baho:
+ | -

Oxirgi 10 yil davomida Avstriya Bundesligasi yakuni boshlanishidan avval ma’lum bo‘lgan turnirga aylanib qolgandi.

Zalsburgning «Red Bull» klubi muntazam ravishda chempionlikni bayram qilar, boshqa jamoalar, birinchi navbatda poytaxtning «Austriya» va «Rapid» klublari Mosart vatani jamoasiga havas qilishdan o‘zga chora topa olishmayotgandi. So‘nggi paytlarda munosib raqobat ko‘rsatishga uringan «Shturm» esa 2-pog‘onadan o‘ta olmayotgandi.

Oyoqqa otilgan o‘q

Tabiiyki, «Red Bull» taxtni bo‘shatishni istamas, hukmronlikni davom ettirish niyatida edi. Qo‘shimchasiga, Zalsburgda g‘alabalardan taltayib ketgan va eski jamoalari bo‘lmish «Austriya»ni (hozir «Kazino») butunlay unutib yuborgan muxlislar avlodi shakllandi. Albatta, «Red Bull» ham har yili yetakchi o‘yinchilaridan judo bo‘lardi. Biroq ular evaziga olingan mo‘may daromaddan unumli foydalanardi. Masalan, o‘tgan yili darvozabon Filipp Kyonni «Monako»ga pullab, o‘rniga LASKdan Avstriya terma jamoasi posboni Aleksandr Shlyagerni xarid qildi.

Lekin 2023/24 yillar mavsumi boshlanishiga bir kun qolganida bosh murabbiy Matias Yayslee qo‘qqisdan ketishini ma’lum qildi. «Qizil novvoslar» bilan ikki chempionlik va Kubokka erishgan mutaxassis Saudiyaning «Al-Ahli» klubidan manfaatli taklif olgandi. Oqibatda, klub uning o‘rnini to‘ldirishga majbur bo‘ldi va 3 kundan keyin Gerxard Shtruberni taklif etdi. 46 yoshli mutaxassis futbolchi sifatida «Austriya» va «Red Bull»da to‘p surgan, keyin «Red Bull» tizimida jamoa filiali «Lifering»da ishlagandi. Bir qator boshqa jamoalardagi faoliyatidan keyin murabbiy MLSda «Nyu-York Red Bullz»ni 3 marta pley-off bosqichiga olib chiqdi, lekin u yog‘iga ishi yurishmadi.

Gerxard davrida chempion mavsumni ishonchli boshladi, qatorasiga 6ta o‘yinda g‘olib chiqib, odatiy yetakchiga aylandi. Biroq sentyabrda bir oylik pasayish yuz berdi - 5 uchrashuvda 2ta durang va 2ta mag‘lubiyat. Lekin «Red Bull» birinchi davraning qolgan turlarini o‘z foydasiga hal qildi.

Ikkinchi davra avvalida chempion «Shturm»dan 4 ochkoga oldinda, ya’ni, 50ga 46 edi. O‘zaro bellashuv esa durang (1:1 va 2:2) yakunlandi. Qisqasi, «qizil novvoslar» nav­batdagi chempionlikka yaqin edilar.

Biroq 2-davrada yetakchi oltilik jamoalarining ochkolari faqat o‘zaro uchrashuvlardagi natijalaridan hisoblanadi. Qayta hisoblashlarga ko‘ra, «Red Bull» 23, «Shturm» 21 ochkoga ega edi. Martning oxirgi kunida Gras jamoasi o‘z uyida Zalsburg klubidan 0:1 hisobida yengildi va farq 5 ochkoga yetdi. Natijada «qoralar»ning chempion bo‘lishiga ashaddiy muxlislaridan boshqa hech kim ishonmay qo‘ydi. Lekin Avstriya Kubogining yarim finalidagi g‘alaba (4:3) jamoani ruhlantirib yubordi. Graslik muxlislarga Kubokning o‘zi ham kifoya qilardi.

Keyingi turda chempion o‘z uyida «Rapid»dan yengildi, «Shturm» esa LASKni 1:0 hisobida yengdi. Endi ochkolar farqi 32ga 29 ko‘rinishini oldi. Lekin o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik Zalsburgda edi.

Bir haftadan keyin Lask Linsda chempionni 3:1 hisobida yengdi, «Shturm» esa xuddi shunday hisobda «Xartsberg»ni mahv etdi va ochkolar bo‘yicha tenglashib oldi. Aynan shu pallada kutilmagan hodisa yuz berdi. Shtruber bilan imzolangan 3 yillik shartnoma bekor qilindi. Vaholanki, finishgacha atigi 6 tur qolgan, chempion o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlikka va asosiy ta’qibchi bilan o‘z uyida kuch sinashish imkoniyatiga ega edi. Klubning bunchalik keskin chora qo‘llashiga nima sababchi bo‘ldi? Biroq endi g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Mashg‘ulot jarayonini boshqarish bosh murabbiy maqomida tajribasi bo‘lmagan Onur Jinel zimmasiga yuklandi.

Finishdagi yechim

«Shturm» katta qiyinchilik bilan Grasda «Rapid»ni mahv etdi, «Red Bull» «Austriya»ni ishonchli (4:2) tarzda yengish bilan javob qaytardi. Natijada ochkolar bo‘yicha tenglik saqlanib qoldi, keyingi turda tomonlar maydonni almashtirishdi. Klagenfurtda «novvoslar» 2:0 hisobida oldinda borishayotgandi. Keyin nimadir bo‘ldiyu, 4 marta o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishdi. Jinelning urinishlari evaziga mehmonlar yana bitta gol urishdi, lekin baribir, 3-marta maydonni bosh egib tark etishdi - 3:4. Venadagi bellashuv kechroq boshlangani tufayli, grasliklar asosiy da’vogarning mag‘lubiyatidan xabardor edilar va xotirjamlik bilan «Rapid»ni 3:1 hisobida yengishdi. Shu tariqa, «Shturm» 38 ochko bilan peshqadam bo‘lib oldi, «Red Bull» 35 ochko bilan 2-o‘ringa tushdi.

Nihoyat, 28 aprel sanasida da’vogarlar Zalsburgda o‘zaro kuch sinashdilar. G‘alaba qozongan taqdirda, «nov­voslar» yana peshqadam bo‘lib olishar, finishga esa atigi 3 tur qolardi. Onur Jinel kutilmaganda darvozabonni almashtirishga qaror qildi va 1,5 yildan beri zaxirada yurgan Timo Xornni maydonga tushirdi. 2016 yilda Olimpiya o‘yinlarining kumush medaliga sazovor bo‘lgan germaniyalik posbon tanaffusga qadar 2ta gol o‘tkazib yubordi. «Red Bull» muvozanatni tiklagan bo‘lsada, chempionlik poygasini deyarli boy berdi. Keyingi turda «Shturm» kutilmaganda «Xarsberg»ni yenga olmadi, 1:1. «Red Bull» esa Venada «Rapid»dan 2ta gol o‘tkazib yuborgach, ochkolar farqi 4taga yetdi.

Zalsburgdagi durang «qoralar»ni toliqtirib qo‘ygan bo‘lsada, jamoa 2ta durangdan keyin qaddini rostlab oldi va «Austriya»ni 2:0 hisobida mahv etdi. O‘z navbatida «novvoslar» bor alamlarini LASKdan olishdi, 7:1 va 2 ochkoga ortda qolishdi.

Eng bahaybat darvozabon

Endi «Red Bull»dagi muammolardan mavsumning bosh qahramoni - Grasning «Shturm»i mavzusiga o‘tamiz. Axir «qoralar» faqat chempionlik bilan kifoyalanib qolmay, Avstriya Kubogini ham o‘z kolleksiyalarida saqlab qoldilar. Jamoaning muvaffaqiyati ikki nomdosh Kristianlar - klub prezidenti Yauk va bosh murabbiy Ilser bilan bog‘liq. Birinchisi klubni binoyidek sharoit bilan ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchisi 4 yil ichida jamoa bilan chempionlik unvoni va 2ta kubokni qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yil yozida «Shturm» darvozasida baland bo‘yli posbon - niderlandiyalik Kyell Sxyorpen paydo bo‘ldi. 206 sm.li darozni «Ayaks» avval «Emmen»ga ijaraga berib, keyin «Brayton»ga sotib yuborgandi. APL vakili ham bahaybat darvozabonga faqat «surgun»da to‘p surish imkoniyatini berdi. Yakunda Kyell 2022/23 yillar mavsumini «Vitess»da o‘tkazib, keyin Grasga yo‘l olgandi. 24 yoshli darvozabon 1-davrani ishonchli o‘ynadi. Lekin qishki ta’tildan so‘ng tizzasidan jiddiy jarohat oldi. «Qoralar» darvozabon izlashni boshlaganlarida, «Liverpul» o‘z tizimidagi 23 yoshli Vitezlav Yaroshni taklif etdi. Ma’lum bo‘lishicha, Yarosh Kyelldan ham bo‘ydorroq (214 sm.) ekan. Xullas, devqomat chex niderlandiyalik kasbdoshi o‘rnini to‘ldirishi evaziga «Shturm» dublga erishdi.

Kristian Ilser 4-4-2 sxemasini xush ko‘radi. O‘ng qanot uchun bosniyalik Yusuf Gazibegovich mas’ul, qarama-qarshi qanotga «Mexelen»dan ijaraga olingan Dimitri Lavalye javobgar, markaziy juftlik vazifasi esa shveysariyalik Gregori Vyutrix va David Alfengruberlar zimmasidi. Tayanch hududida sloveniyalik jamoa sardori Yon Gorens-Stanovich to‘p suradi. Chapda esa Avstriya terma jamoasi a’zoligiga nomzod Aleksandr Prass va yana bir sloveniyalik Tomi Xorvatlar izmida. Chempionlik mavsumida qanot yarim himoyachilari dueti 7tadan gol urishdi. Jamoaning miyasi va motori vazifasini gruziyalik eng yaxshi to‘purar Otar Kileyshvili ado etadi. 6 yil avval Tbilisining «Dinamo»sidan o‘tgan o‘rta bo‘yli, lekin o‘ta chaqqon o‘yinchi «Merkur Arena»dagi muxlislar mehrini qozongan. Ular aynan Kileyshvilini mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishdi.

Hujumchilar polshalik Shimon Vlodarchik va daniyalik Mikka Biyeretlar sermahsul emaslar (5tadan gol), lekin endi 21ga chiqishgan. Demak, yorqin faoliyat hali oldinda.

«Shturm»ning gegemonligi qancha muddatga cho‘zilishi yoki vaqtinchalik ekanligi yangi mavsumda ma’lum bo‘ladi. Lekin «Red Bull»ning surunkali chempionligi ko‘pchilikni charchatib qo‘yganligi aniq. Qolaversa, doimiy g‘alabalarga ko‘nikib qolgan «novvoslar» omadsizlikdan tegishli xulosa chiqarib olishlari lozim bo‘lgan vaqt keldi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:51, 18.06.2024.
O'qildi: 1750 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.